Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:54

O‘zbekiston "qora bozori"da 1 dollar 3 ming so‘mdan oshdi


So‘nggi uch kun ichida O‘zbekiston “qora bozor”ida 1 AQSh dollarining qiymati 3000 so‘mdan oshdi. Bir hafta ilgari Toshkent “qora bozor”da sarroflar 1 AQSh dollari uchun 2980 so‘m taklif etgan bo‘lsa, hozir ular dollarni 3050 so‘mdan olishyapti.

18 aprel kuni bir AQSh dollari "qora bozor"da uch ming so‘mdan ko‘proqni tashkil etdi.

- Dollar ko‘tarildi. Olish 3050, sotish 3100 so‘m bo‘lyapti, - deydi Toshkentning Parkent bozoridagi sarroflardan biri.

Xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan rasmiy qiymatlarida esa oshish sezilmaydi.

O‘zbekiston Markaziy banki ma‘lumotiga ko‘ra, 18 aprel kuni 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 2272.02 so‘mni tashkil qildi.

Bu dollarning so‘mga nisbatan o‘tgan oydagi rasmiy qiymatidan deyarli farq qilmaydi.

O‘zbekistonda hukumat o‘tgan yilning fevral oyidan jismoniy shaxslarga naqd xorijiy valyuta ayirboshlashni taqiqlagani, g‘ayriqonununiy valyutafurushlarga qarshi kurashni kuchaytirganiga qaramay “qora bozorda” dollar oshishda davom etmoqda.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda so‘mning qora bozorda xorij valyutalariga nisbatan qurbi pasayishini qo‘shni davlatlarda dollar va yevroning milliy valyutalarga nisbatan qiymati oshgani bilan bog‘lashmoqda.

Jumladan, Rossiyada so‘nggi oylarda dollar va yevroning kursi rekord darajada oshdi. Hozir Rossiyada bir dollar 36 rublni tashkil etmoqda, bir yevro esa qariyb 50 rublga yaqinlashib qolgan.

Qozog‘istonning tangasi ham so‘nggi oy ichida 20 foizga qadrsizlandi. Bir AQSh dollari Qozog‘istonda 150 tanga atrofida bo‘lib kelgan bo‘lsa, hozir dollar kursi Qozog‘istonda 180 tangadan oshgan.

Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan iqtisodchi Safarboy Jubayevga ko‘ra, buning ta‘siri O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda.

- O‘zbekistonga xorijiy valyutalar, asosan, Rossiya va Qozog‘istondan oqib keladi. Bu mamlakatlardagi o‘sish va tushishlar bevosita O‘zbekiston qora bozoridagi dollar yoki yevroning kursiga ham ta‘sir qiladi. So‘nggi oylar ichida Rossiya va Qozog‘istonda dollar kursi ko‘tarildi. Buning natijasida O‘zbekistonga dollar oqimi kamaydi. O‘zbek muhojiri avval 1000 dollar yuborgan bo‘lsa, deval vatsiya sabab hozir 800 dollar yuboradi. Dollar oqimi kamaygani o‘z navbatida bu “qora bozor”da dollarga talabni oshirdi, - deydi Jubayev.

Iqtisodchilarga ko‘ra, O‘zbekiston “qora bozor”da so‘mning qadrsizlanayotgani iste‘mol bozoridagi narxlarga ham ta‘sir etmay qolmaydi. Asosan import qilinadigan iste‘mol mollari narxining oshishi mumkin.

Toshkentning Chorsu bozorida savdo qiladigan Jahongir Shosalimovaga ko‘ra, dollar kursi oshgani allaqachon bozordagi narx-navoda aks eta boshlagan.

- Nafaqat import mollari, mamlakatda ishlab chiqarilgan maxsulotlarning bahosi ham oshdi. Bozorga mol olib chiqqan odam maxsulotni dollar kursiga qarab sotadi-da. Kiyim-kechakni Xitoydan, Turkiyadan dollarda keltiradi va shunga mos narxda sotadi-da. Bozorda meva-sabzavot narxlari ham oshdi. Bundan avval gaz, suv, elektr oshdi. So‘m qadrsizlanyapti. So‘nggi ikki oy ichida 20 foizga qimmatlash bo‘ldi, - deydi Jahongir Shosalimov.

Dollar kursining oshishi “GM-O‘zbekiston” qo‘shma korxonasining Asakadagi zavodida ishlab chiqarilgan mashinalar narxiga qanday ta‘sir qiladi?

Buni bilish uchun Ozodlik muxbiri Toshkentdagi avtosalonlardan birining sotuvchisiga bog‘landi.

- Qora bozorda valyutani qiymati oshgan sari valyutada sotiladigan mashinalarning narxi pasayadi. Chunki, bizda mashinana narxi ma‘lum summada belgilanadi. Hisob-kitob valyutada hisoblanadi. So‘mdagi narxini valyutaga o‘zgartirganda valyutadagi narxi kelib chiqadi, - deydi avtosalon xodimi.

Ayni paytda ayrim o‘zbekistonliklar yig‘ib qo‘ygan dollarlarini "qora bozor"ga borib so‘mga almashrishga shoshilishmayapti.

- Chunki dollar kursi yana oshadi, degan gap bor. Atrofda "nostabil"liklar, banklardagi bugungi ahvol, valyuta yetishmovchiligi shunday taxminlarga asos bo‘lmoqda, - deydi toshkentlik Jahongir Shosalimov.
XS
SM
MD
LG