Линклар

logo-print
Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 mingdan ortiq urush faxriysi qolgan. Ularning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Ko‘pchilik urush qatnashchilarining yoshi yuzga yaqinlashib qolgan.

O‘zbekistonlik urush faxriylariga beriladigan mukofot puli qora bozordagi kurs bo‘yicha 200 dollarni tashkil qilmoqda.

Narx-navo kun sayin oshib borayotgan bir vaqtda bu miqdordagi pul ko‘p emas. Lekin samarqandlik urush faxriysi Rashid ota Rahmonov o‘z hayotidan nolimaydi.

1943 yil yozida Kursk ostonasidagi qaqshatgich janglarda qatnashgan Rashid ota hozir 93 yoshida.

- Prezidentimiz uzoq umr ko‘rsinlar. Men 93 yoshga kirdim. Ikkinchi jahon urushining birinchi guruh nogironiman. Pensiyam yetarli. 500 ming so‘mdan ko‘proq nafaqa olaman. Uni ustiga prezidentimiz bultur 500 ming so‘m, bu yil 600 ming so‘m beryaptilar. Yetadi hamma narsaga, - deydi samarqandlik urush faxriysi.

Urush veteranlariga pul mukofotlari “Nuroniy” jamg‘armasi orqali yetkaziladi.

“Nuroniy” jamg‘armasi rasmiylaridan birining Ozodlikka aytishicha, urush faxriylariga beriladigan bu yilgi mukofot faqat 600 ming so‘mdan iborat emas.

- Xomiy tashkilotlar tomonidan yordam beriladi. Hokimliklar ham sovg‘a-salom, kiyim-bosh, tayyorlayapti. Har birini uyiga kirib chiqiladi. Ko‘pchiligi yurolmaydi. Sovg‘alar uylariga olib borib beriladi. Yuradiganlari xotira maydonida bo‘ladigan masroimlarga taklif etiladi. 7 mayda hokimlar ularni qabul qiladi, - deydi “Nuroniy” jamg‘armasi rasmiysi.

O‘zbekistonda urush faxriylari jamoatchilik transportida bepul yurish imtiyoziga ega va mol-mulk hamda boshqa tur soliqlardan ozod etilgan. Lekin yoshi to‘qsondan oshgan urush faxriylarining ko‘pchiligi uchun bu imtiyozlar ahamiyatini yo‘qotib bo‘lgan.

- Hozir ko‘pchiligi yurolmaydi. Jamoatchilik tranportida bepul yurish ular uchun muhim emas. Ular birinchi navbatda g‘amxo‘rlikka va lozim tibbiy muolajaga muhtoj. Lekin hozirgi narxlar sharoitida ular olayotgan nafaqa dori-darmondan ortmaydi, - deydi yoshi yuzga yaqinlashib qolgan samarqandlik urush faxriysining o‘g‘li Normurod aka.

“Nuroniy” jamg‘armasi ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir to‘rt mingdan ko‘proq urush faxriysi qolgan. So‘nggi o‘n yil ichida ularni soni to‘rt baravar kamaygan. Bundan o‘n yil avaal O‘zbekistonda 16 mingdan ortiq urush faxriysi bo‘lgan.

1941-1945 yillarda, Ikkinchi jahon urushi davrida 1,5 millioniga yaqini o‘zbekistonlik urushda qatnashgan. Ulardan 450 ming urush jabhasida halok bo‘ldi. 130 ming nafari bedarak ketgan.
XS
SM
MD
LG