Линклар

Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Mehribonlik uyida tarbiyalangan yigit o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘zini osib o‘ldirgan 21 yoshli yigit yotoqxonada yashagan va ishsiz bo‘lgan.

Sirdaryo viloyatidagi Ozodlik manbasi Guliston shahridagi pedagogika kolleji binosi oldida bir yosh yigit o‘zini osib qo‘yganini aytdi.

- Gulistonda pedagogika kolleji bor. Bu 2-3 kunlik voqea. O‘sha pedagogika kollejning binosi oldida bir bola o‘zini osib qo‘ygan. U o‘zini osganmi yoki osib qo‘yishganmi - buni huquq-tartibot organlari xodimlari o‘rganyapti, - dedi sirdaryolik manba.

Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasi esa o‘z joniga qasd qilgan yigit Guliston shahridagi qurilish kolleji yotoqxonasida yashaganini ma‘lum qildi.

- U 1993 yilda tug‘ilgan va Mehribonlik uyining tarbiyalanuvchisi bo‘lgan. Guliston shahar qurilish kollejining yotoqxonasida Mehribonlik uyini bitirganlarga joy beriladi. U o‘sha yerda yashab yurgan. Ota-onasi yo‘q, yetim bo‘lgan, - deydi Ozodlik manbasi.

Ikkala suhbatdosh ham 21 yoshli yigit o‘z joniga qasd qilganining sababi hozircha ma‘lum emasligini qayd etdi.

Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasi hozir mazkur voqea yuzasidan Guliston shahar prokuraturasi xodimlari tekshiruv olib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Bu so‘nggi besh kun davomida O‘zbekistonda yosh yigitning o‘z joniga qasd qilishi bo‘yicha Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan ikkinchi hodisadir.

16 aprelь kuni Toshkent Tibbiyot pediatriya instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi jasadi poytaxtning Mannon Uyg‘ur ko‘chasidagi daraxtlardan birida osig‘liq holda topilgan edi.

Uchtepa tuman huquq-tartibot idorasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, dastlabki tekshiruv natijalari 19 yoshli yigit o‘zini-o‘zi osganidan dalolat bermoqda.

Ushbu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan va Uchtepa tuman prokuraturasi tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Ozodlik har ikkala voqea tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG