Линклар

logo-print
Shu yilning 19 aprel kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hokimi Panji Tangriyev MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan hibsga olindi. Bu haqdagi ma‘lumotni tuman hokimligining tashkiliy bo‘limi ma‘muri tasdiqladi. Unga ko‘ra, hokim tumanda istiqomat qilgan bir necha tadbirkorning ko‘rsatmasi bilan hibsga olingan.

46 yoshli Panji Tangriyev hozirda MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (Davlat yoki o‘zgalar mulkini rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish), 205-moddasi (Mansab vakolatini suiiste‘mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) bilan tergov oldi harakatlari boshlangan.

- Navro‘zdan oldin bu yerdan (Boysun tumani nazarda tutilmoqda — tahr.) bir necha tadbirkorni viloyat SNB olib ketgandi. Ularni Panjiga ko‘rsatma berishga majbur qilibdi. Oyog‘idan osib qo‘yib, “hokimga pul berganman”, deb yozdirib olishgan. Buni tadbirkorlarning qarindoshlari butun Boysunga tarqatdi. SNBda bir To‘raqulov degani bor. O‘sha faqat “rezulьtat kerak” deb, hokimlarni qamaydi. Panjini boysunliklar yaxshi ko‘rardi, oddiy odamlarga doim eshigi ochiq edi, - deydi boysunlik pensionerlardan biri “Ozodlik”ka.

Ma‘lum bo‘lishicha, Panji Tangriyev O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Navro‘z shodiyonalarini o‘tkazish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarga oid qarori doirasida tumanda jamoatchilikni ommaviy hasharga chorlagan. Shuningdek, bir necha tadbirkordan kam ta‘minlangan xonadonlar, tumanda barpo etilayotgan inshootlarga homiylik qilishini so‘ragan, ammo boshqa joylarda bo‘lgani kabi bu harakat zo‘ravonlik hisobiga amalga oshirilmagan.

- Mustaqillik yillarida tumanga Panjiboydan avval To‘raqul Hamroyev, Erkin Boyniyozov degan kishilar rahbarlik qildi. Shular tumanni yeb tugatdi, odamlar ularning dastidan “dod” deyishardi. Ana shu hokimlar davrida Boysunning azaliy dovrug‘iga darz ketdi. Boysunning mashhur hisori qo‘ylarini ikki oyoqli bo‘rilar yeb ketdi, tumanda birorta inshoot yoki ko‘rkimli bino qurilmadi. Ammo Tangriyev xalqqa yaqin edi, tumanni juda gullatib yubormagan bo‘lsa ham, imkon darajasida ishladi. Har holda, odamlarning arz-dodiga quloq solardi, - dedi mahalliy oqsoqollardan biri Hojiboy aka.

Surxondaryo viloyatining Angor tumanida tug‘ilgan Panji Tangriyev 2009 yilga qadar Surxondaryo viloyati hokimning birinchi o‘rinbosari, viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2009 yilning 9 yanvarida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Boysun tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida u sobiq hokim Erkin Boyniyozovning o‘rniga tayinlangandi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG