Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:58

Pasport stollarda yumaloq muhr uchun navbatlar uzaymoqda


O‘zbekistonning qator viloyatlarida biometrik pasportga yumaloq muhr urdirishga majbur qolganlar navbati uzayayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Xabarlariga suratlarni ham ilova qilgan mushtariylar yumaloq muhr urish haqqi faqat Pasport stol rahbariga berilgani, rahbarning esa majlislar va zarur qo‘ng‘iroqlardan bo‘shmay, fuqarolarni soatlab kuttirayotganidan shikoyat qilmoqda.

Toshkent shahri Ichki ishlar bo‘limlarining bir necha Pasport stolidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, biometrik pasport olgan va xorijga chiqishni mo‘ljallagan har bir fuqaro chiqish viza ustiga yumaloq muhr urdirishi shart.

"Yumaloq muhrni urdirmagan fuqaro O‘zbekistonning chegarasidan chiqarilmaydi. Bu yangi biometrik pasportga ham tegishli. Eski pasportga ham urilgan, yangisiga ham urilishi shart", deb ta‘kidladi Toshkent shahri Yakkasaroy tumani IIB xodimi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

IIB vakillari yumaloq muhr har bir Pasport stoli rahbariga berilgani va fuqaro pasportiga bunday muhrni urish huquqi faqat rahbarda ekanini aytmoqda. Ammo, ularning aksariyati aynan shuning uchun boshliq idorasi qarshisida yangi pasport va chiqish vizasini olgan fuqarolar navbati uzayayotgani haqida mushtariylar shikoyatini rad etdi.

"Shundoq kirasiz, bitta krugliy pechatni urdirasiz, chiqib ketaverasiz. U navbatda turganlar pasport uchun. Ularni orqasidan turib kutishning keragi yo‘q. "Menga kruglыy pechat kerak, shundoq urib bering!" desangiz lyuboy nachal nik urib beradi. Prosto, odamlar kutib turaveradida, aytmaydi pechat uchun kelganini", dedi Toshkent shahrining Shayxontohur tumani pasport stoli xodimlaridan biri.

Ammo, Ozodlik tinglovchilarining shikoyatlari militsionerlarning bu javoblariga mos kelmayotir. Biometrik pasport olish uchun kunlab navbatda turganlardan biri Pasport stollaridan biri oldida aynan yumaloq muhr uchun turnaqator navbat aks etgan suratlarni ham yo‘lladi.

Ushbu suratda Pasport stollari ish vaqti berilgan e‘lon taxtasi ham bor. E‘londa berilishicha, Pasport stollari seshanba, chorshanba, juma va shanba kunlari soat 8-17gacha ishlamoqda. Kunduzi soat 1dan 2 gacha tushlik. Dushanba va payshanba kunlari esa profilaktika kunlaridir.

Ozodlikka aynan biometrik pasport muammosi bo‘yicha bog‘langan keksa tinglovchi ish kunining bir necha soati majlisga yoki zarur ish bilan kattalar yoniga chaqirtirilgan boshliqni kutish uchun ketishidan arz qildi.

- Ertalab soat 8dan ish boshlaydi, degan to‘g‘ri. Lekin, soat 9 yarim 10 gacha boshliqni kutasiz. Majlis, deydi yoki nachal nigi chaqirgan, deydi. Keyin obedga ketibam kamida 2 soat yo‘qolib ketadi, xullas shu ochered , ochered . Pasportni olgandan keyin endi chetga chiqadiganlar yumaloq pechatga ham alohida yana ochered . Xullas, boshog‘rig‘ida. Shuni normal nыy qilib qo‘ysa bo‘lmaydimi? - deb nolidi biometrik pasport olish uchun bir necha kun vaqtini sarflaganidan arz qilgan tinglovchi.

Biroz muqaddam O‘zbekiston viloyatlaridan biridagi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mulozimi shu yilning 1 fevralidan
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan berilayotgan biometrik pasport soni cheklangani ur-yiqit navbatlarga olib kelganini aytgan edi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, hozir respublika bo‘yicha biometrik ma‘lumotlar olayotgan va pasportlarni tayyorlab berayotgan apparatlar soni 200 tadan ortiqdir. Bu apparatlar tomonidan kuniga berilayotgan pasportlar soni 150tadan 70taga tushirib qo‘yilgan.

2014 yilning 1 iyulidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elga faqat biometrik pasport bilan chiqishi mumkinligi haqida Vazirlar Mahkamasi 2014 yil 6 fevralida maxsus qaror qabul qilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Prezidenti farmonida eski rusumdagi pasportlar 2015 yilning 31 dekabrigacha amal qilishi belgilab qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG