Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:38

Chevrolet Orlando sotuvga chiqmoqda, lekin uni faqat dollarda va dekabrda olish mumkin


O‘tgan haftadan beri Chevrolet Orlando oilaviy miniveni konveyyerdan tushirilib, sotuvga jo‘natila boshlagan.
O‘tgan haftadan beri Chevrolet Orlando oilaviy miniveni konveyyerdan tushirilib, sotuvga jo‘natila boshlagan.
GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi Xorazm viloyatida ishlab chiqara boshlagan Chevrolet Orlando avtomobillari sotuvga chiqmoqda. Potensial xaridorlar uch xil klassda chiqayotgan minivenning hozircha ikki pozitsiyasi uchun shartnoma tuzishlari mumkin. Shartnomaga ko‘ra, faqat AQSh dollariga sotiladigan yangi mashina narxining 85 foizini to‘lab qo‘ygan xaridor, mashina kalitini shu yilning dekabr oyida olishi va‘da qilinmoqda. Lekin hozircha Chevrolet Orlando mashinalari aksar avtosalonlarda ko‘rgazmaga qo‘yilgani yo‘q.

Chevrolet Orlando avtomobilning taqdimoti o‘tgan oyda Toshkentda o‘tkazilgan edi. O‘zavtosanoat shirkatidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘tgan haftadan beri miniven rusumidagi oilaviy avtomobillar konveyyerdan tushirilib, sotuvga jo‘natila boshlagan.

Lekin Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekistondagi aksar avtosalonlarda yangi avtomobil ko‘rgazmaga qo‘yilgani yo‘q. Har qalay Ozodlik gaplashgan avtodilerlarga Chevrolet Orlando mashinasi hozircha yetib kelmagan. Shunga qaramasdan, uch xil klassda chiqayotgan minivenning 1- va 2-pozitsiyalariga shartnomalar tuzila boshlaganini bildirdi Toshkentdagi yirik avtosalonlardan birining xodimi. Uning aytishicha, bugun shartnoma tuzgan xaridor, mashina kalitini yilning oxirida, dekabr oyida olishi mumkin bo‘ladi.

- Faqat 1-2-pozitsiyaga shartnomalar bor. Dekabrgacha¸ yil oxirigacha bu yilgi. Uchinchisiga hozircha yo‘q.

Avtosalon xodimiga ko‘ra, Chevrolet Orlando minvenining 1- va 2-pozitsiyalarini faqat dollarga sotib olish mumkin.

- Faqat valyutada sotiladi. Birinchisi 25.112 dollar. 2-pozitsiyasi 25.961 dollar.
Chevrolet Orlando 10 mart kuni Toshkentda jamoatchilikka taqdim qilingan edi.
Chevrolet Orlando 10 mart kuni Toshkentda jamoatchilikka taqdim qilingan edi.
Avtosalon xodimining aytishicha, shartnoma bugungi narxlarda tuzilganiga qaramasdan, mabodo dekabr oyigacha Chevrolet Orlando mashinasi narxi oshadigan taqdirda, xaridor o‘rtadagi farqni ham to‘lab berishiga to‘g‘ri keladi.

Mashinaning uchinchi pozitsiyasini so‘mga sotib olish mumkin, lekin minvenning bu klassi hozircha sotuvga chiqqani yo‘q va qachon chiqishi ham noma‘lum. Narxi 75.455.000 so‘m (33.210 AQSh dollari).

- Ikkinchisi pozitsiyasi so‘mda. Lekin unga shartnoma yo‘q. Narxi 75 million 455 ming so‘m. Uni so‘mga qilsa bo‘ladi. Lekin uchinchi pozitsiyaga shartnoma tuzish qachon boshlanishini aytishigani yo‘q hozircha,- deydi Toshkentdagi avtosalon xodimi.

GM Uzbekistan avvalroq e‘lon qilgan narxlarga ko‘ra, mashinaning 1-pozitsiyasi 25.472 AQSh dollari, 2-pozitsiyasi 26.334 AQSh dollari, 3-pozitsiyasi esa o‘zbek milliy valyutasida 76.200.000 so‘m (33.540 AQSh dollari) deb baholangan edi.

O‘zbekistonda chiqayotgan Chevrolet Orlando mashinalari dvigatellari hajmi 1,8 litr va 100 kilometriga 8 litrdan kamroq yonilg‘i sarflashi aytilmoqda.

- Dvigateli hajmini bilaman¸ 1¸8 litr bo‘ladi. Rasxod toplivasini (yonilg‘i sarflashi-tahr.) bilaman 7¸9 litr sarflaydi 100 kilometriga. Ikkinchi pozitsiyasida gidravlika, konditsioner¸ steklopaket¸ hamma narsasi bor. Birinchi pozitsiyada esa faqat gidravlika bilan konditsionerning o‘zi bo‘ladi. Buning ham dvigateli xuddi shunaqa hajmda. Rasxod toplivasi ham xuddi shunaqa. Podushka bezopasnosti¸ steklopaketlari yo‘q. Konditsioneri bor bo‘ldi,- dedi Ozodlikka avtosalon xodimi.

Shu yilning 10 mart kuni Toshkentda jamoatchilikka taqdim qilingan Chevrolet Orlando mashinalari yiliga nechta chiqarilishi, qanchasi eksport qilinib, qanchasi ichki bozorda sotilishi hozircha aniq aytilgani yo‘q. Ozodlikning O‘zavtosanoat davlat shirkatidagi manbasi bunga oid raqamlarni hozircha bera olmasligini bildirdi. Lekin avtosalon xodimi bilan suhbatdan o‘zbek xaridori bu mashinaga ham oylab navbat kutishiga to‘g‘ri kelishini xulosa qilish mumkin.

Chevrolet Orlando mashinalari GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi zavodida yig‘ilmoqda.

O‘tgan yili Damas avtomobillarini yig‘ish ishlari Asakadan ayni zavodga ko‘chirilgan edi. “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi” deb nomlanuvchi bu korxona sobiq ittifoq davrida ishga tushmay qolgan vertolyot zavodi o‘rnida 1990-yilar o‘rtalarida tashkil qilingan. 1995 yilda hukumat qarori bilan bu yerda Mersedes yuk mashinalarini ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi tuzilishi kerak bo‘lgan, lekin bu loyiha amalga oshmay qolgan.
XS
SM
MD
LG