Линклар

logo-print
Tufli ni ona tilimizda qanday atagan ma‘qul? Yangi zamonning oliftanamo so‘zlari – parol, login, onlayn, post, statuslarni-chi? Bolajon xalqmiz deb ko‘kragimizga uramiz-u, nahot shu pampersning o‘zbekcha muqobilini topolmasak?

Toshkentda marhum adib Ahmad A‘zamning “Til nomusi” degan mo‘‘jazu mo‘‘jiz risolasi chop etildi. “Akademnashr” nashriyotida. Yuqoridagi savollarga shu risoladan jo‘yali javob topish mumkin.

​O‘zi ixchamgina bo‘lsa-da, xiyla tosh bosadigan kitobini ko‘rish nasib etmadi muallifga. Bir necha yil og‘ir xastalik bilan olishgan adib 4 yanvar kuni bandalikni bajo etgan edi...

Tuzuvchilar baraka topsin, Ahmad A‘zamning o‘zbek tili haqidagi turli nashrlarda, saytlarda sochilib yotgan maqolalarini yig‘ib, yaxlit risola tartib berishibdi. Maqolalarning bari o‘qishli, mag‘zi to‘q. Tishli-tig‘li fikrlarga, teran mushohadalarga, tesha tegmagan o‘xshatishlarga boy. Adib shu qadar sodda, xalqona yozganki, maqolalarni xuddi blog kabi yayrab o‘qiysiz. OzodTil blogi o‘quvchilariga ham kuyinchak adibning ayrim mulohazalarini ilindik. Yuz marta ta‘rif-tavsif qilgandan bir necha iqtibos keltirgan ma‘qul-da, nima dedingiz?
  • - G‘alati, juda ajablanarli, “naqliyot” o‘zimizda ishlatilib kelgani holida “jamoat transporti” deymiz. Transportni “ulov” demaymiz, uni faqat eshakka nisbatan ishlatamiz, go‘yo “ulov” desak, g‘ildiragi tushib qolib, dum chiqaradigandek, o‘zimiz qoloq andiga aylanadigandek.
  • - “Botinka”, “tufli”, “saposhka” deb ketdik. Holbuki, “boshmoq”, “etik”, “etikcha” so‘zlari o‘z tilimizda bor. “Paypoq” yoki “jilop” turganida “noski”ning keng ishlatilishiga nima deysiz? Boshqa tilni mutloq bilmaydigan kampirlar “bekat” yo “manzil” demaydi, masalan, “Falonchi aptabus astanopkada simichka sotadi”, deydi.
  • - Maktab darsligida Volga daryosi bo‘yida yashaydigan xalqlarning og‘ir ahvoli aks etgan bir rasm bo‘lardi, “Burloqlar” degan. Nimaga “soldov”, “soldovchi” istilohi o‘zimizda bo‘la turib, ruschasi (“burlaki”) olingan, badiiy asarlar tarjimasida ham “burloq” tarzida qo‘llanib ketgan – tayinli mantiq topa olmaysiz.
  • - Bozordagi baliq rastasiga kiring - “som”, “sazan”, “tolstolob”, “karas”, “shuka”, “belamur” deb “import” nom bilan sotiladi. Holbuki, baliq o‘zimizning ko‘lu daryolarimizdan tutilgan, baliqfurushlar ham o‘zbek. Hech kim “laqqa”, “zog‘orabaliq” yoki “tangabaliq”, “do‘ngbosh”, “tovonbaliq”, “cho‘rtanbaliq”, “oq amur” demaydi, shunday desa, go‘yo xaridor burnini jiyiradi, “importniy” emas deb, olmaydi.
  • - Chaqalog‘i, jo‘juq go‘daklari bor hamma onalar “pampers” deydi, yigirma yil ichida shu istiloh tilimizga singib ketdi. Asl nomi o‘zimizda “ko‘llik” (“ko‘llamoq”dan olingan, talaffuzda beo‘xshov “ko‘tlik” bo‘lib ketgan) uni hamisha istifoda qilganimiz – “taglik” desak ham bo‘ladi, lekin “pampers” demasak, qoloq bo‘lib qolamiz.
  • - Hammamiz “prostina” deb ketdik, hech birimiz “hushki” demaymiz, fors-tojikcha bo‘lsa ham “hobgoh”imiz bor, lekin uni “spalni” deymiz, “spalni”dagi “spalni mebel”da yotmasak, uyqumiz buziladi. Odat qildik shunday gapirishni! “Malina” deymiz, “xo‘jag‘at” desangiz, hech kim tushunmaydi.
  • - E-e, buni qarangki, ming yil badalida bordi-keldilarda ota-bobolarimiz ko‘rgan-bilgan bepoyon arab sahrosi “Sahroi kabir” (katta, ulkan sahro), endi uni shovvoz tarjimonlarimiz “Saxara” deb ag‘daraveradilar. Qumtepalari ko‘p ko‘ringani uchunmi, “Saxara sahrolari” deganlariga besh ketasiz! O‘rischa “Saxara”-da. Yo‘q, besh ketmang, bu shunchaki “pustыnya Saxara”ning yantoqqa sudrab tarjima qilinishi.
  • - Tarjimalarda ustoz ko‘rmaygan shogirdlar har maqomga yo‘rg‘alayveradi, tezkor “to‘g‘ri” tarjimalarda odam gapirmaydigan jumlalar paydo bo‘ladi. “Himolay tog‘larining balandligi yetti ming metrni tashkil etadi”, “Kondor qanotlari yoyilganda uch metrni tashkil qiladi” – o‘zingiz shu tilda gapirasizmi? Xo‘sh, kim qanday “tashkil qilib” berar ekan? Shuni “etti ming metrga yetadi”, “uch metrga boradi” deb oddiy o‘zbekcha aytsak, otamiz urishadimi?
  • - So‘zga chechan bo‘lmagan tarjimonni asl matn qurbaqani rom etgan ilondek o‘z domida tutib turadi, erkin o‘girishiga qo‘ymaydi, u muqobil so‘zlar tanlashda ixtiyorini yo‘qotishdan tashqari, tarjima etilayotgan tilning ifoda xossalarini o‘z tiliga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, “kalьka” yo‘li bilan ko‘chirishga o‘tib oladi.
  • - Avom tilini, do‘ppini yechib o‘ylasak, xalqning o‘zi buzmaydi, buzadigan yot istiloh-iboralarni bu tirik oqim ustiga biz – qalam ahli sochamiz, xalq esa ularni o‘z talaffuziga moslab, so‘zlashuv nutqiga qo‘shib olib ishlataveradi.
  • - Germaniyaning “Olmoniya”, “Livan”ning “Lubnon”, “Bolgariya”ning “Bulg‘oriston” bo‘lgani xotiramizdan o‘chyapti, endi o‘zimiz ham “Misr”ni “Egipet”, “Habashiston”ni “Efiopiya” deyishga o‘tib ketyapmiz. “Iyerusalim” “Quddus”ni, “Aljir” “Jazoir”ni siqib chiqaryapti. “Vengriya”ning “Majoriston”, vengrlarni “madyar”, “major” bo‘lgani o‘tmishga cho‘kdi.
  • - Nimaga “Hollandiya”ni o‘rischa yozib, o‘rischa talaffuz qilib, tilimizni zo‘rlaymiz? Nima uchun xorijiy istilohlarni rus tili orqali ikki aylantirib yozishimiz kerak? Muqobili o‘zimizda mavjud atamalarni ham rus tilidagisini olamiz, o‘zimizda “h” tovush harfi bo‘lgani holda rus tilidagi “g” tovush harfini qo‘llaymiz. “Gonkong”, “Geyne”, “Gomer”… Bunaqa nom, atamalarni sanasak, bir qop bo‘ladi.
  • - Chet tillar oldida o‘z tilimizni – unga davlat maqomini berganimiz bilan – past ko‘rish urf bo‘lib boryapti. Misol uchun, shahrimiz ko‘chalariga bir qarang! Uchrashuv, konferentsiyalarning taklifnoma yo dasturlarini olaylik: inglizcha yo ruscha tarjimasi bor, o‘zbek tilida yozilgan qismi ham yo inglizcha, yo ruscha terminlarga to‘lib toshgan.
  • - Beparvomiz. Mana, “mыshka”, “prezentatsiya”, “layk” (“layk qilmoq”), “parol”, “login”, “onlayn”, “blog”, “post”, “status”, “mobil versiya”, “domen”, “internet-provayder”, “operator”, “moderator”, “spam”, “e-mayl”, “sayt-vebsayt”, “chat” va hokazo shunday o‘nlab atamalarni qanday bo‘lsa, shundayicha o‘zimiz kirityapmiz, bularning anchasi o‘zbek tilida muqobiliga ega, yo‘qlarini esa bor so‘zlarimizdan yaratishimiz mumkin. Lekin og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning o‘g‘li gapirsin deb, chetkilarga tilimiz to‘ridan joy beryapmiz.
  • - “Chiyabo‘ri yo shoqol bolasi” deyiladi, xalq esa “voyvoyak” deydi. Asl muqobilini bilmaygandan keyin har maqomga yo‘rg‘alashning nima keragi bor: “hayvonlarning ko‘payish mavsumi” emish! Bu fasl lug‘aviy ma‘nosida ham ko‘payish mavsumi emas, kuyga kelish, kuyikish, iliqish, qochish pallasi. Ko‘payishning jonivorlarning turiga qarab, “qo‘zilash”, “qulunlash”, “kuchuklash”, “bolalash” kabi o‘rnida qo‘llanadigan istilohlari mavjud.
  • - Bunaqa beso‘naqay, ruschadan haydashovur o‘girib olingan so‘z va mantig‘i betayin iboralar umumtilimizda simga tizilgan ochofat chug‘urchiqdek qator-qator. Yuqorida aytganim, sport sharhlarining shu jihatiga bir zehn soling, abrakadabra gaplardan esingiz og‘ib ketadi.
  • - O‘zga tilning surunkali, uzluksiz ta‘siri tilning asliga o‘zgalashtirishga olib keladi, til ichdan yemirila boshlaydi va bunda, takror aytaman, o‘zimiz sababchimiz, tilni asrashni, uni chet bosqinlardan asrashni o‘ylamasligimiz oqibatlari ancha yillardan beri odatga aylandi.
  • - Til ham bir mudom o‘sadigan daraxt, uni parvarishlash kerak, qaramasangiz, qiyshiq o‘sadi, g‘ovlab ketadi, bachki novdalarni ko‘payadi. U ham sarishtalik so‘raydigan ro‘zg‘or, pokiza qilib turmasangiz, ivirsiq bosadi, isliqib, patarot topishi bor gap.
  • - Televideniyening til havosi juda buzuq. Yo‘q, bugunga kelib tilga e‘tiborning susaygani, yo hozir ko‘p aytiladiganidek, faqat shevachilikdan biliqsib ketayotganida emas, o‘zi televideniyening xarakteri shunday – undagi til – issiqxona tili, quritilgan, tozalangan, qaychilangan, qanoti, panjasi qirqilib, mana nihoyat qush qilingan til, xullas, sun‘iy til. Televideniyeda til jozibasi yo‘q.
  • - O‘zingiz tilingizda qancha chet so‘z borligini bir chamalab ko‘ring, boshingiz aylanib ketmasa, men tan. Chet atamalarni istifoda qilsak, juda madaniyatli ko‘rinamiz shekilli-da. Aslida ona tiliga bunaqa munosabatning o‘zi katta madaniyatsizlik!
  • - Yuksak minbarlardan ham aytilyapti, matbuotning o‘zida gapirilyapti, bong urayotganlar chiqyapti, ammo o‘z – o‘zbek tilimizning buguni va ertasi borasidagi bu tashvishu da‘vatlar o‘zimizning loqaydligimiz botqog‘iga cho‘kib ketayotir. Dod deb yuborging keladi – qog‘ozga dodlaysan odam! Qog‘ozning esa faqat qulog‘i bor, og‘zi yo‘q – sado bermaydi!
  • - O‘tirib olib, tilimizda bugun iste‘molda bo‘layotgan so‘zlarni bir taftish qilib, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish, ya‘ni tilimizni tozalashimiz kerak. Chunki chiqitga to‘lib boryapti, chiqit asl istilohlarni bosib ketyapti.
  • - Ona tilimizga munosabatimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozim. Tilimiz xarob ahvolga tushib boryapti, uni qayta jonlantirish uchun hayallamay ish boshlash kerak.

Ahmad A‘zamdan ko‘chirmalarni Ayub Umar nashrga tayyorladi.
XS
SM
MD
LG