Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:46

Toshkentdagi Inxa universitetida bir yillik o‘qish $5000 ga tushadi


2014 yil 1 oktyabr kuni Toshkentda Koreya Respublikasining Inxa universiteti filiali faoliyat boshlaydi. Osiyodagi eng nufuzli yuzta universitet ro‘yxatidan o‘rin egallagan Inxada o‘qish uchun imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar to‘lov shartnoma asosida yiliga 5000 dollar to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Janubiy Koreyadagi Inxa universitetining xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilish bo‘limi menejeri Suhan Bun Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi Inxa universiteti filiali ilk o‘quv yilida 150 nafar talabani qabul qilishini aytdi.

- Birinchi yil biz 150 nafar talabani o‘qishga qabul qilishni rejalaganmiz. Universitetda ikkita fakultet bo‘ladi. Birinchisi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ikkinchisi kompyuter texnologiyalari. O‘qish uchun yiliga taxminan 5000 AQSh dollari miqdorida pul to‘lanadi. Toshkentda filial ochishdan maqsad bakalavr dasturi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdan iborat, dedi Inxa universiyeti rasmiysi.

Suhan Bunga ko‘ra, Toshkentdagi Inha universitetiga maktab, akademik litsey yoki professional kollejni yuqori baholar bilan tugatgan shaxslar kirishi mumkin.

Talabalar to‘rt yil davomida zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim oladi.

Abituriyentlar Xalqaro ingliz tili test tizimi, ya‘ni, IELTS (International English Language Testing System) tizimi bo‘yicha bilim darajasi beshdan kam bo‘lmagan sertifikat taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Suhan Bun Ozodlik bilan suhbatda Inxa universitetining Toshkentdagi filialiga kirish imtihonlari va universitetda o‘qitish ingliz tilida olib borilishini qo‘shimcha qildi.

- Ikki xil imtihon topshiriladi. Birinchisi ingliz tilidan yozma imtihon. Keyin yaxshi baho olganlar bilan yuzma-yuz suhbat ham bo‘ladi, deydi Suhan Bun.


"Inxa universitetida porasiz o‘qiladi"

Dunë bo‘ylab korruptsiyaga chalinganligi bilan bog‘liq vaziyatni tadqiq etib keladigan qarorgohi Berlinda joylashgan Transparancy International tashkiloti O‘zbekiston ta‘lim tizimini eng korruptsiyalashgan sohalardan biri, deb baholab keladi.

Suhan Bun Ozodlikka Inxa universitetida korruptsiyaga yo‘l qo‘yilmasligini alohida ta‘kidladi.

- Biz O‘bekiston uchun allaqachon yozma imtihonlar rejasini tuzib qo‘yganmiz. Koreyadagi o‘qituvchilarning ayrimlari O‘zbekistonga boradi va qabul imtihonlarini uyushtiradi, dedi suhbatdosh.

Inxa universitetiga kirish uchun 6 iyulda yozma imtihonlar va 27 iyulda suhbat bo‘lib o‘tadi.

Oliygohga kirish imtihonlari natijalari 8 avgust kuni e‘lon qilinishi rejalangan.


"Inxada o‘qish abituriyet uchun juda qimmat"

O‘zbekistonlik yoshlar Inha universitetida o‘qish borasida turlicha fikr bildirmoqda.

Ba‘zi yoshlar o‘qish uchun yiliga Markaziy bank kursi bo‘yicha besh ming dollar pul to‘lash juda qimmat, demoqda.

Biroq toshkentlik Nodir Osiyodagi eng nufuzli oliygohlardan birida axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim olish imkoniyati bo‘lsa, pulni ayamaslik kerak, degan fikr bildirdi.

- Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha o‘qigan bo‘lardim. Chunki Koreya texnologiya eng rivojlangan davlatlardan biri. Baribir o‘qitish sifati darajasi O‘zbekistonga qaraganda ancha yuqori. Imkoniyatim bo‘lsa, o‘qigan bo‘lardim, dedi Nodir.


$5000 to‘lamasdan o‘qish imkoniyati bor, ammo juda qiyin

Inxa universitetiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar abituriyent oliygohda grant asosida homiylar hisobiga o‘qiydi.

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, O‘zbekneftegaz, O‘zbekenergo, O‘zkimyosanoat, Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati, Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston havo yo‘llari, O‘zbekiston temir yo‘llari, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va O‘zbektelekom shirkatlari Inxa universitetining Toshkentdagi filiali homiylari hisoblanadi.

Toshkentdagi Inxa universiteti filiali O‘zbekiston prezidenti 2014 yil 24 mart kuni imzolagan PP-2155-son qaroriga muvofiq faoliyat boshlamoqda.

Inxa universiteti 1954 yilda tashkil etilgan va Janubiy Koreyadagi eng yaxshi beshta oliygohning biri hisoblanadi.

Hozir O‘zbekistonda oltita xorijiy universitet filiallari faoliyat olib bormoqda.
XS
SM
MD
LG