Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:49

O‘zbekistonlik talaba shaffof telefon ixtiro qilganini iddao qilmoqda


Toshkentlik talab Sirojiddin Nasriddinovning o‘z ixtirosini namoyish qilayotganiga doir bu rasmi CA-News agentligidan olindi.
Toshkentlik talab Sirojiddin Nasriddinovning o‘z ixtirosini namoyish qilayotganiga doir bu rasmi CA-News agentligidan olindi.
Toshkent davlat texnika universitetining 2 kurs talabasi Sirojiddin Nasriddinov quyosh energiyasidan quvvat oladigan shaffof ekranli uyali telefon ixtiro qilganini iddao qilmoqda. 19 yoshli talaba "MX-1" deb nomlangan telefonini Toshkentda ochilgan innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasida namoyish etmoqda.

Yosh ixtirochi Sirojiddin Nasriddinovning Ozodlikka aytishicha, telefon oddiy batareykaga qo‘shimcha tarzda nanoplyonka orqali quyosh energiyasidan quvvat oladi.

- Quyosh energiyasi bilan ishlaydi. Telefonni shaffofligi va unga nanoplyonka tortilganligi quyosh energiyasi bilan yaxshiroq ishlashiga yordam beradi. Boshqa zamonaviy telefonlar kabi bu telefon ham sensorli klaviaturaga ega. 6 pikselli ekrani bor. Telefonni korpusi ham, ekrani ham zarbaga chidamli shishadan yasalgan. Qalinligi 5 millimetr. Kattaligi IPhone telefonidan sal kattaroq. Xotirasi 32 gigabaytdan to 64 gigabaytgacha ko‘taradi,- deydi Sirojiddin.

Toshkentlik talabaning aytishicha, tashqi zarbaga chidamli shishadan qilingan sensorli shaffof ekranini har ikki tarafidan ko‘rish mumkin.

Telefonga sensorli klaviatura, vspishkali kamera ham o‘rnatilgan. Sirojiddin Nasriddinov o‘z ixtirosi uchun O‘zbekistonda patent olgani va mamlakatdagi mahalliy telefon ishlab chiqaruvchi shirkatlardan qiziqish bo‘layotganini iddao qiladi.

- Shu yilni ohirigacha sotuvga chiqadi, deb umid qilyapmiz. Do‘konlarda servis markazlari ham bo‘ladi. Taxminiy narxi 600 AQSh dollari atrofida bo‘ladi, - deydi o‘zbekistonlik talaba Sirojiddin.

Telefonning shaffofligi va quyosh energiyasi bilan ishlashi uni shu paytgacha ixtiro qilingan apparatlardan ajratib turadi, deydi talaba.

Lekin, Sirojiddin O‘zbekiston sharoitida bu telefon katta ahamiyatga egaligini aytadi.

- Bir yil ichida umumiy hisob-kitoblarni qilib, laborotoriya natijalarini olib bu telefonni yaratdik. Bu telefonni eng muhim jihati uni quyosh energiyasida ishlashi. Ya‘ni maqsad energiyani tejash. O‘zbekiston serquyosh mamlakat va bizni sharoitda bu telefon o‘zini oqlaydi, deb o‘ylab, shu ishga qo‘l urdik,- deydi Sirojiddin.

Quyosh energiyasida ishlovchi telefon yangilik emas. IPhone va boshqa telefon apparatlari uchun bir necha yil avval quyosh batareyalari ishlab chiqilgan.

Mutaxassislar ko‘p yillardan buyon shaffof smartfonlarni yaratish yo‘lida ham izlanishlar olib borishmoqda.

Tayvandagi shisha maxsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Polytron” shirkati o‘rtacha sensorli ekranga ega shaffof telefonni o‘tgan yil yozida Barselona shahrida Mobile World Congress ko‘rgazmasida taqdim etgan edi.

2013 yil davomida apparatni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilayotgandi, lekin shu paytgacha bu amalga oshmadi.

O‘zbekistonlik talabaning kashfiyoti shaffof telefon apparatlarning ishlab chiqilishida qanchalik foyda keltirishi hozircha noma‘lum. Lekin O‘zbekistondek mamlakatda quyosh energiyasi bilan ishlovchi shaffof telefon yaratishga urinishlar bo‘layotgan ekan, shuning o‘zi taqsinga sazovor demoqda kuzatuvchilar.
XS
SM
MD
LG