Линклар

logo-print
Toshkent shahrida so‘nggi to‘rt oy ichida avtomobillarni tunash holatlari keskin ko‘paygani kuzatilmoqda. Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylaridan birining Ozodlikka aytishicha, mart oyida O‘zbekiston poytaxtida mashina talonchiligi bilan bog‘liq yigirmadan ortiq holat qayd etilgan.

O‘g‘irliklar sonining ortishi Toshkentda xususiy garajlarning buzilishi ortidan ro‘y bermoqda.

Garaji buzilgan ko‘plab mashina egalari va‘da qilingan yangi stoyankalar qurib berilmayotganidan shikoyat qilishadi.

Garajlaridan mosuvo qilingan ko‘pchilik poytaxtliklar o‘z avtomobillarini uyi yaqinidagi joylarga qoldirishga majbur bo‘lmoqda. Chilonzorda yashovchi Muhiddin aka gapiradi.

- Obodonchilik deb, Chilonzor 3 kvartaldagi hamma temir garajlarni buzishdi. Qo‘riqlanadigan yangi stoyanka qurib beramiz deyishgandi, haligacha qurilgani yo‘q. Mashinalarni derazamizni oldidagi yo‘l chetiga qo‘yamiz. Baribir xavfli-da. Yaqinda qo‘shnimizning mashinasini eshigini buzishibdi. Qimmat antiradar uskunasi bormi, CD playyeri bormi, olib ketishibdi. Hozir endi u mashinaning eshigini tuzatsinmi, yangi SD olsinmi. Militsiyaga borsangiz mashinani qarovsiz qoldirmang, deb aql o‘rgatishadi,- deydi toshkentlik Muhiddin aka.

Avtomashinalarni to‘nash, ayniqsa, Toshkentning aholi zich yashaydigan Chilonzor, Qorasuv, Yunusobod tumanlarida ko‘paygani aytilmoqda.

- Mashinalarning eshigini buzib, ichidagi qimmat buyumlarni tuya qilishmoqda,- deydi Ozodlikka gapirgan yana bir toshkentlik.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining o‘z ismini aytmagan rasmiylaridan birining Ozodlikka aytishicha, avtomobil to‘nab ketilishi faqat garajlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq emas.

- Avtomobillarni to‘nash har doim bo‘lgan. To‘g‘ri so‘nggi paytda bu ko‘p bo‘lyapti. Buni faqat garajlar bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Bahor kelishi bilan o‘zi mashina to‘nash ko‘payadi. So‘nggi bir oy ichida shahar bo‘ylab 26ta holat qayd etildi. Shaharda avtomashinalar soni ham ko‘payib qolgan-da,- deydi Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimi.

Toshkentda mashinalarni to‘nash holatlari ko‘payishi ortidan garajlarga talab ham ortgan.

Garaj oldi-sotdisi bilan shug‘ullanadigan toshkentlik makler Gennadiy Storojenko gapiradi:

- Garajni kiraga olishni yoki sotib olishni xohlayotganlar ko‘paydi. Hozir shahar markazida bitta qo‘riqlanadigan stoyankani sotib olish 3-4 ming AQSh dollari atrofida. Chekkaroqda 1-1,5 ming AQSh dollari turadi. Garajlari buzilganlarni mashinalari ko‘chada qolib ketdi. O‘g‘irliklar ko‘paydi. Shuning uchun ko‘pchilik mashinasini garajda qo‘yishni xohlamoqda,- deydi Storojenko.

Mashina to‘nash holatlari ko‘payganini ayrimlar so‘nggi yillarda amnistiya qilinayotganlar soni oshgani va o‘g‘irlik uchun jazo yengillashtirilgani bilan ham bog‘lashmoqda.

- Dekabr oyidagi so‘nggi amnistiya asosida asosan o‘g‘irlik va talonchilik jinoyatini sodir etib qamalganlar chiqdi. Mashinani to‘naganlarga jazo muddati ham kamaytirildi. Oldin 15 yil qamoq bo‘lsa hozir 4 yildan 8 yilgacha qilib qo‘yishgan. Bu ham o‘g‘irliklar oshishiga bir sababdir,- deydi toshkentlik yurist Shuhrat Rustamov.

Toshkentda mashina o‘g‘irliklari ko‘paygani havaskor haydovchilarning uzavto.net portalida ham qizg‘in muxokama qilinmoqda.

Xumoyun ismli haydovchi mashinaning ichida qimmat buyumlarni qoldirmaslikni tavsiya qiladi.

- Mashinaning ichida sumka, hamyon yoki telefonni qoldirib ketmang. O‘g‘ri shu narsani olaman, deb mashinangizga shikast yetkazishi mumkin. O‘g‘irlikka qarshi signalizatsiya uchun pulni ayamang. O‘shanda hech kim mashinangizga yaqinlashmaydi,- dedi o‘zbekistonlik havasor haydovchi.

Fevral oyida uzavto.net portalida Toshkentda noma‘lum shaxslar Nexia mashinasini to‘nayotgani aks etgan video qo‘yilgan va bu ko‘pqilik mashina egalarini daxshatga solgan edi.
XS
SM
MD
LG