Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:14

Qirg‘izistonda Hajga borishning onlayn tizimi joriy etiladi


Qirg‘iziston muftiyati Haj masalasida so‘ngi yillarda yuz berayotgan turli nizolarning oldini olish maqsadida, bu yilgi mavsumdan so‘ng Hajga bormoqchi bo‘lgan odamlarni onlayn sistemasi orqali ro‘yxatga olishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Qirg‘iziston muftiyati Hajga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni onlay sistemasi orqali ro‘yxatga olish ishlari 2014 yilgi haj mavsumidan so‘ng boshlanishini bildirdi. Bu borada Qirg‘iziston muftiysi o‘rinbosari Ravshan Eratov O‘shga qilgan safari chog‘ida ma‘lum qildi:

- Bu yilda Hajga boruvchilar uchun 3600 kvota berilgan. Odamlarni Hajga yuborganimizdan so‘ng, bundan keyin Hajga bormoqchi bo‘lganlarni onlayn sistemasi orqali navbatga qo‘ymoqchimiz. Xohlovchilar 2017 yoki 2020 yilga yozilishlari mumkin. 2020 yilgacha qancha talab bo‘lsa ularning ro‘yxati tuzilib, muftiyat hamda davlat organlari bilan birgalikda o‘sha tuzilgan ro‘yxatni buzmaslik va yozilgan fuqaro payti kelganda Hajga borishiga kafolat berilmoqchi,-dedi Qirg‘iziston muftiysi o‘rinbosari Ravshan Eratov.

Aytish joizki, so‘ngi 10 yil oralig‘ida Haj masalasida Qirg‘iziston muftiyati va hojiboshilar haqida Qirg‘iziston jamoatchiligi salbiy fikrlar aytib keladi.

Shu yilning aprelь oyi boshlarida O‘sh viloyat prokuraturasi Haj ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan 200 nafar tojikistonlikning qirg‘izistonlik “hojiboshi” tomonidan aldangani yuzasidan tergov boshladi. Tojikistonlik ziyoratchilar da‘vosiga ko‘ra, “Hojiboshi” firmasi vakili ular pasportiga qalbaki viza qo‘ydirib, pulini olgan.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Almanbet Abdurahmonovning ma‘lum qilishicha, tojikistonlik ziyoratchilarning aldanishi yuzasidan Jinoyat Kodeksining “qalloblik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Jinoyat ishida aytilishicha, Qirg‘izistondagi shirkat uch yil davomida tojikistonlik 200 nafar ziyoratchining 348 000 AQSh dollarini aldab olgan.

Ravshan Eratov Haj masalasida muftiyat nomiga bildirilayotgan salbiy fikrlar borasida gapirar ekan, bunga 20 yil mobaynida barqaror sistema tuzilmagani sabab ekanini aytdi:

- Din atrofida poraxo‘rlik bo‘layabdi, degan so‘zning o‘zi din uchun, diniy xizmatchilar uchun juda uyatli ishdir. Biroq baxtga qarshi jamiyatda shunday so‘zlar bo‘lib keldi. Bunga qanchadir darajada 20 yillik hayotimizda Haj masalasida barqaror sitemaning tuzilmagani, Hajni uyuishtirish ishlarida xalqaro va mahalliy tajribadan foydalanib, mukammal sistema tuzilmagani sabab bo‘lmoqda, deb hisoblaymiz, - deydi Ravshan Eratov.

Qirg‘izistonda Haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoni tomonidan ajratilgan kvotalarga qirg‘izistonliklar o‘rniga Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston fuqarolari Hajga yuborilgani katta janjallarga sabab bo‘lgan edi.

Haj masalalari bo‘yicha shug‘ullangan o‘shlik xuquq faoli Izatillo Raxmatullayev fikricha, hojilarni onlayn sistemasi orqali ro‘yxatga olish ortidan bu sohada yuz berayotgan poraxo‘rliklarning oldi olinishi mumkin.

- Haj safari bo‘yicha bir qancha muammolar mavjud. Menimcha Hajga boruvchilarni elektron tarzda ro‘yxatga olish muftiyatdagi korruptsiyani yo‘q qilinishiga katta yordam beradi deb o‘ylayman. Bugungi kunda Haj safari uchun ketuvchi harajatlar ham yildan - yilga ko‘tarilayabdi. Bundan ayrim hojiboshilar foydalanmoqda, Hajga boraman degan oddiy nomozxon, diyonatli insonlarimiz bir qancha qiyinchiliklarga duchor bo‘layabdi,- deydi xuquq faoli.

Izatillo Raxmatullayevga ko‘ra, 20 yil mobaynida muftiyat ishlari va Haj masalasining yo‘lga qo‘yilmaganiga diniy muassasalarning jamoatchilik uchun yopiqligi va aytilgan takliflar dinga to‘g‘ri kelmasligi bahonasida muftiyat tomonidan inobatga olinmayotgani sabab bo‘lgan.

- Biz hojilar odamlarni Hajga olib boraman, deb pullarini olib, aldab yurgan vaqtlarda hojiboshilar ustidan bir necha jinoyat ishlari ochtirganmiz. Ana shu paytlarda biz muftiyatga hojiboshchilar institutini yo‘q qilib, boshqa variantni o‘ylab topish haqida murojaat qilganmiz. Masalan, Hajga boruvchilarga Haj amallari shu yerda o‘rgatilsa,hojiboshiga hojat qolmaydi. Shu kabi variantlarni taklif qilganimizda, bu shariatga to‘g‘ri kelmaydi, deb bizga rad javobini berishgan edi, - deydi xuquq faoli Izatillo Raxmatullayev.
XS
SM
MD
LG