Линклар

logo-print
Qirg‘izistonning O‘zbekistonga tutash Qorasuv shahrida tanilgan 36 yashar imom Rashod qori Kamolovga suiqasd urinishida gumon qilingan bir shaxs qo‘lga olindi. O‘sh viloyat IIBdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu shaxs ayni paytda hibsda saqlanmoqda va surishtiruv ishlari bormoqda. Norasmiy manbalar bu shaxsning toshkentlik o‘zbek ekani haqida xabar qilmoqda.


O‘sh IIB: Suiqasdda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi

Qirg‘izistonning Qorasuv shahrida shahar va O‘sh viloyati IIB maxsus otryadlari tomonidan 25-26 aprel kunlari o‘tkazilgan reydda qorasuvlik taniqli imom, 36 yashar Rashod qori Kamolovga nisbatan suiqasdga hozirlik ko‘rayotganlikda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi.

O‘sh viloyat IIB matbuot kotibi Jenish Ashurbayevdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozir surishtiruv ishlari bormoqda.

"Hozir surishtiruv ishlari borayapti, boshqa ma‘lumot berolmayman. Tez orada bu boradagi dastlabki natijalar matbuotga ma‘lum qilinadi", dedi matbuot kotibi.

Bunga qadar Ozodlikka Qorasuv shahrida Rashod qorini surishtirayotgan va unga qarshi ehtimoliy suiqasdga hozirlanayotgan shubhali ikki shaxs fosh qilingani haqida xabar kelgan edi.


"Saraxsiy" masjidi: Notanishlar aprel o‘rtasida paydo bo‘lgan

Xabarlarda aytilishicha, aprel oyi o‘rtalarida bu noma‘lum shaxslar qorasuvlik o‘zbek dindorlari jamoasida paydo bo‘lgan va o‘zlarini sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bo‘lgan chet ellik tadbirkorlar, deb taqdim qilgan.

Ammo, tez orada ularning imom Rashod qori Kamolov shaxsiyati bilan qiziqa boshlagani sezilib qolgan.

Bu ikki notanish bilan bir necha bor yuzlashgan qorasuvlik o‘zbeklardan birining taxminicha, 35-40 yoshlar atrofida shaxslardan biri Toshkent shevasida gapirgan o‘zbek bo‘lgan, yana biri esa rus tilida gapirgan va qo‘lida Rossiya pasporti bo‘lgan tatar millatiga mansub yigit bo‘lgan.

"Ikkovi ham devqomat, ko‘rinishidan voyennыy podgotovkadan o‘tgan sportivnыy yigitlarligi ko‘rinib turibdi. Oldin boshqa masjiddagi bitta namozxon yigitdan bizning masjidning imomi Rashod qorini so‘rashgan. Keyin u namozxon bilan yaqinlashib yurishganda, oxiri unga maqsadini bildirishganda. Xullas, shunaqa zakaz bor, agar informatsiyada yordamlashsang 2 ming dollar, beramiz, deb aytishgan. Quruq informatsiyaning o‘ziga", dedi ismini aytmasligimiz sharti bilan Ozodlikka so‘ragan qorasuvlik dindor yigit.

Rossiya fuqarosi ekanini aytgan va qorasuvliklarga pasportini ko‘rsatgani aytilgan ikkinchi shaxsning qayerda ekani noma‘lum qolmoqda.


Rashod qori: Notanish shaxslar masjidga qatnaganidan xabardormiz

Notanish yigitlarning shubhali hatti-harakatlari qisqa fursatda "Saraxsiy" masjidi qavmi e‘tiborini ham o‘ziga tortgan va bu shubhalar o‘sha kezdayoq imom Rashod qori Kamolovning o‘ziga ham yetib borgan.

Unga qarshi ehtimoliy suiqasdga hozirlikda gumon qilingan ikki shaxsning qo‘lga olinganidan xabardorligini aytgan Rashod qori Kamolov bu shubhalar haftadayoq unga ma‘lum bo‘lganini aytdi.

Uning aytishicha, kaftdekkina Qorasuv shahrining dindorlari bir-birini yaxshi tanigani va himoya qilgani bois, bu gap tezda shaharda tarqalgan hamda bu ovozalar ortidan Qorasuv shahar va O‘sh viloyati IIB xodimlari ham surishtiruvni boshlagan.

- Bizning yigitlar aytib kelishdi menga, shunaqa ikkita yollanma killer yuribdi oramizda, deb. Lekin, u bolalar bilan gaplashishganu, ushlab boshqa qilmagan. Oldin yaxshilab kuzataylik va ko‘proq dalil olaylik, deyishgan. O‘sh viloyati IIB va Qorasuv shahar IIBdan o‘tgan payshanba kuni menga, masjiddagi bolalarga bog‘lanib, so‘rashdi. Eshitganimiz, ko‘rganimizni aytdik. Keyin ular pasport kontrol qilib, u yigitlarni ushlashibdi. O‘sha joyda bo‘lganlar ushlanayotgan paytda u shaxslardan biri organ xodimiga qurolli qarshilik qildi, deyaptiyu. Ularning yonidan qurol chiqibdi, vallohia‘lam, men anig‘ini bilmayman hali, - dedi ayni paytda xorijda safarda bo‘lgan Rashod qori Kamolov.

U noma‘lum ikki shaxsning maqsadi uni o‘ldirish bo‘lganiga biroz shubha bilan qarashi, ammo bunday "ziyoratdan boxabar qilinishi"da bir jiddiy ishorat bor, deb bilishini aytadi.

- Chunki bilasizmi, agar maqsad meni o‘ldirish bo‘lsa, bunga tayyorgarlik ham shartmas. Bizning masjid shundoq Shahrixonsoyning ustida. 25 metrlik soyning u yog‘ida O‘zbekiston harbiylari avtomati bilan turadi. "Adashib otib qo‘yibmiz" deydigan imkoniyatdada ular! Bu agar haqiqat bo‘lsa, menimcha qandaydir jiddiy harakatlarga bir ishorat berish niyatida qilingan ish bo‘lsa kerak, vallohia‘lam, - dedi Rashod qori Kamolov.


Qorasuvlik namozxon: Bu birinchi shubhali tashrif emas

Markaziy Osiyo mintaqasidagi uch respublika - O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonni tutashtirgan Farg‘ona vodiysida tanilgan Rashod qori Kamolov masjidida bunga qadar ham turli niyat va harakatda bo‘lgan noma‘lum shaxslar ko‘p qayd etilgan.

Qorasuvlik dindor Dilyor Jumaboyevning aytishicha, aksar hollarda "Saraxsiy" masjidiga ibodatga yig‘ilgan o‘zbek namozxonlarni yashirincha videoga olayotgan, suratga olayotgan yoki muloqotlarni yozishga uringan noma‘lum shaxslar ushlanadi.

- Qorasuv kichkina shaharda, hamma bir-birini taniydi. Keyin bizning shahardagi musulmonlarn bir-birini qattiq himoya qiladi. Shuning uchun, izdihomdayam hamisha sergak biznikilar. Sal noto‘g‘ri harakat qilgan notanish birpasda bilinib qoladi. Skritiy kamera bilan yurganlardan yaqindayam bittasini ushlavoldi bolalar. Har safar shunaqa ushlab olib, zapislarini o‘chirib, chiqarvorishadida, qaytib kelmaydigan qilib, - dedi namozxon.


Rashod qori: Bu jiddiy voqeaga ishorat bo‘lishi mumkin

Rashod qori Kamolov, unga qadar esa uning 2006 yil 6 avgusda otib o‘ldirilgan otasi - Farg‘ona vodiysida tanilgan yana bir katta imom Muhammadrafiq qori Kamolov imomlik qilgan "Saraxsiy" masjidi Qorasuv shahrini ikki qismga – O‘zbekiston va Qirg‘izistonga ajratadigan Shahrixonsoyning shundoqqina yoqasida joylashgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi bordi-keldilarni deyarli to‘xtab qo‘ygan O‘sh voqealariga qadar bu masjidni O‘zbekiston Qorasuvida istiqomat qiladigan, ba‘zan esa undan ham olisroqdan keladigan musulmonlar ko‘p ziyorat qilar edi.

Bundan ziyoratlarning muhim sababi esa 36 yashar Rashod qori obro‘si bo‘lsa, buning ilk sababi uning otasi Muhammadrafiq qori Kamolovning musulmonlar o‘rtasidagi e‘tibori edi.

U kishi Qirg‘iziston va O‘zbekiston maxsus xizmatlarining Qirg‘iziston janubida o‘tkazgan maxsus amaliyoti chog‘ida o‘ldirilgan edi.

Keyinchalik bu borada bot-bot rasmiy bayonot bergan Qirg‘iziston rasmiylarining asosiy izohi Muhammadrafiq qori Kamolovning O‘zbekiston islomiy harakati xalqaro terror tashkilotiga a‘zo, deyilgan ayblov bilan kuzatuvda bo‘lgan shaxslar bilan birga bo‘lgan va amaliyot chog‘ida tasodifan otilgan, mazmunida bo‘lgan edi.

Ammo, keyinchalik bu voqea bo‘yicha jinoyat ishi noma‘lum muddatga yopilgan.

Shu tariqa o‘q yeb vafot etgan Rafiq qorining o‘g‘li Rashod qori esa otasining ishini davom ettirib, ayni masjidda imomlik qilmoqda. Tez orada u ham otasi kabi nom qozondi va hozir u ham Qorasuv va unga qo‘shni mintaqalarda mashhur yosh o‘zbek imomlaridan biriga aylandi.

Quyida Rashod qori Kamolov bilan so‘nggi voqealar haqida qurilgan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:



Sodiq qori: MOda hech bir imom xavfsizligi ta‘minlangan emas

Qirg‘izistonlik taniqli ulamo, sobiq muftiy, ayni paytda 20 asrda ushbu mintaqada dovrug‘ qozongan Kamolovlar sulolasining yana bir vakili Sodiq qori Kamolov aslida bu mintaqada hech bir imomning xavfsizligi ta‘minlanmagani, musulmonlarga boshchilik qilayotgan katta-kichik imomlarning hammasi ham qaysidir darajadagi katta-kichik xatarlar ostida faoliyat yuritayotganini aytadi.

Unga ko‘ra, turli diniy oqimlar nisbatan faol ko‘ringan Farg‘ona vodiysidagi imomlar xavfsizligi mutlaqo ta‘minlanmagani bois, o‘z hayoti va qavmi xavfsizligi uchun mas‘uliyatdan kelib chiqib, imkon qadar xushyor va ehtiyotkor harakatda bo‘lishi kerak.

Xususan, Rashod qori Kamolovning hayotiga nisbatan ehtimoliy suiqasdning oldi olingani haqidagi iddaolarga to‘xtalgan ulamo bu borada ancha vazmin munosabatda ekanini bildirdi.

U bilan qurilgan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:


O‘zbek imomlari va follariga nisbatan suiqasdlar

Hayotiga suiqasd urinishining oldi olingani iddao qilingan qorasuvlik 36 yashar imom Rashod qori Kamolovning otasi – Farg‘ona vodiysida tanilgan imom Muhammadrafiq qori Kamolov 2006 yil 6 avgustda otilgan.

2007 yilning 24 oktyabrda bu mintaqada nom chiqargan mustaqil jurnalist Alisher Soipov otib ketildi.

2011 yilning 25 sentyabrida o‘zbek faollaridan biri sifatida tanilgan muxolifatning yoshgina faoli Fuad Rustamxo‘jayev Rossiyada otib ketildi.

2012 yil 22 fevralda esa Shvetsiyada uyi yo‘lagida taniqli ulamo Obid qori Nazarov otib ketildi.

O‘zbeklarning diniy va siyosiy faollari hamda yetakchilariga nisbatan sodir etilgan bu jinoyatlarning birortasi to‘liq ochilgani, asl jinoyatchilar esa jazoga tortilganicha yo‘q.

Xususan, Rashod qori Kamolovga nisbatan tanish yoki notanish shaxslar hamda idoralar vakillari tomonidan kuzatuv, nazorat va tazyqilar haqida avval ham ko‘p xabar qilingan.

Ba‘zan ochiq, ba‘zan yashirin holdagi bu kuzatuvlarning aksar hollarda Qirg‘iziston va O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi haqida iddaolar bor.

Xususan, 2011 yilda Rashod qori Kamolov Qirg‘iziston IIB tomonidan hibsga olingan edi, qisqa so‘roq-savollardan so‘ng ozod qilingan edi.
XS
SM
MD
LG