Линклар

23 aprel kuni kechqurun Toshkent shahrining Chilonzor tumanida militsiyaning yo‘l-patrul xizmati mashinasi uch kishidan iborat oilani bosib ketdi. Avtohalokat natijasida besh yoshli qizcha halok bo‘ldi, ikki kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi.

Feysbukdagi “Toshkent haydovchilari” guruhi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, 23 aprel kuni kechqurun soat 9 lar atrofida Toshkent militsiyasining yo‘l-patrul xizmati avtomobili Chilonzor tumanida 33 yoshli Dmitriy Kurbatovni, uning singlisi 25 yoshli Lyudmila Gorbanovani va uning besh yoshli qizi Kristinani bosib ketgan.

Chilonzor tumanida uch kishidan iborat bir oilani militsiya mashinasi bosib ketganligi haqida O‘zbekiston matbuoti jim turgan bir paytda, bu voqea Feysbukning “Toshkent haydovchilari” guruhida keng muhokama qilinmoqda.

Voqea guvohlarining yozishicha, Kristina voqea joyida halok bo‘lgan, homilador Lyudmilaning ahvoli og‘ir, uning homilasi yashab qolishi haqida shifokorlar hech narsa degani yo‘q.

Mashinaning asosiy zarbasi Dmitriyga to‘g‘ri kelgani uchun u hammadan ko‘p jarohat olgan. Kasalxonada Dmitriyning bir buyragi va talog‘i olib tashlangan.

Voqeaga guvoh bo‘lgan toshkentlik haydovchilardan birining aytishicha, falokat yo‘lning o‘rtasida sodir bo‘lgan:

“Yo‘l qoidasini militsiya mashinasi buzgan. Juda katta tezlikda noto‘g‘ri obgon qilgan va odamlarni urib yuborgan”, dedi haydovchi.

Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi shunday voqea bo‘lganini Ozodlikka tasdiqladi:

“Ha, birinchi tekshiruvlarga ko‘ra militsiya mashinasi yo‘l harakati qoidasini buzganligi aniqlandi. Lekin hali bir xulosa chiqarishga erta. Bu ish bo‘yicha barcha tekshiruvni prokuratura olib bormoqda”, dedi mulozim.

Feysbukdagi “Toshkent haydovchilari” guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, voqea yuz bergandan so‘ng u joyga yetib kelgan odamlar yo‘l-patrul xizmati mashinasi haydovchisini o‘rtaga olib urishgan. Lekin tez fursatda yetib kelgan militsiya xodimlari haydovchini olomondan ajratib olgan.
XS
SM
MD
LG