Линклар

O‘zbekiston tomoni 15 kundan beri O‘shga gaz berish masalasida Rossiyaning “Gazprom” shirkati bilan kelisha olgani yo‘q. Toshkent O‘shga beriladigan gazni 10 aprel kuni “Qirg‘izgaz” Rossiyaga 1 dollarga sotilganidan to‘rt kun o‘tgach o‘chirib qo‘ygan edi.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Tayirbek Sarpashevning matbuotga aytishicha, O‘shga qachon gaz berilishi shu kungacha noma‘lum qolmoqda. Shu munosabat bilan u o‘shliklarni sabrli bo‘lishga chaqirdi.

Rossiyaning “Gazprom” shirkatiga sotib yuborilgan “Qirg‘izgaz” tashkiloti rasmiysi Rispek Arunov esa 15 kundan beri O‘zbekiston tomoni bilan olib borilayotgan muzokaralar samarasiz bo‘layotganini bildirdi.

-Bizning telegrammalarimizga o‘zbek tomoni javob bermayapti. Hozir “Gazprom” ham, “Qirg‘izgaz” ham Toshkent bilan muzokralar o‘tkazayapti. Biroq bundan natija bo‘lmayapti. O‘zbekiston tomoni gaz bo‘yicha shartnoma muddatini uzaytirish iltimoslarini e‘tiborsiz qoldirayapti, - dedi Rispek Arunov.

10 aprel kuni “Qirg‘izgaz”ni Rossiyaga sotilishi yuzasidan shartnomani imzolagan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev va “Gazprom” rahbari Aleksey Miller qirg‘izistonliklarni bundan buyon gaz ta‘minotida uzilishlar bo‘lmasligiga ishontirgan edi. Atambayev xatto Qirg‘iziston O‘zbekistondan bo‘lgan “gaz qaramligidan qutilib, gaz mustaqilligiga erishdi”, deb e‘lon qilib yuborgan.

Ammo mazkur voqeadan to‘rt kun o‘tgach mamlakatning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan O‘sh aholisi gazsiz qoldi. “Qirg‘izgaz” rahbari Turgunbek Kalmurzayevning aytishicha, ayni paytda O‘shni gaz bilan ta‘minlash masalasi faqat “Gazprom”ga bog‘liq bo‘lib turibdi.

-“Eksklyuziv import” degan tushuncha mavjud. Mana shu “eksklyuziv import”ga asosan Qirg‘izistonni gaz bilan ta‘minlash huquqi faqatgina “Gazprom”ga berilgan. Agar biz bu shartni buzib, boshqa davlatlar bilan mustaqil shartnoma tuzsak, Rossiya bilan imzolangan kelishimni buzgan bo‘lamiz, - dedi Turgunbek Kalmurzayev.

Qirg‘iziston parlamenti vitse-spikeri Bo‘do‘sh Mamirova esa parlament yig‘inlaridan birida Bishkek Moskva bilan gaz bo‘yicha shartnomani shoshma-shosharlik bilan imzolagani oqibatida bugungi kunda o‘shliklar “zangori olov”siz qolgan, degan fikrni bildirgan.

-O‘zbek qarindoshlarimiz “Qirg‘izgaz”ning Rossiyaga sotilishi jarayonini diqqat bilan kuzatib turishdi. Mazkur jarayonda O‘zbekiston omili esdan chiqarilgani va bu omil shartnomada aks etmagani sababli ham mana shunday vaziyat yuzaga keldi, -dedi Bo‘do‘sh Mamirova.

O‘zbekiston Qirg‘izistonga yiliga 1 milliard kubometr gaz sotadi. Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston gazning har ming kub metrini 260 dollardan, ya‘ni jahon bahosida sotishidan va gaz ta‘minotini tez-tez o‘chirib qo‘yishidan norozilik bildirib kelgan. “Qirg‘izgaz”ni Rossiyaga sotish jarayonida mana shu holatlar sabab sifatida ro‘kach qilingan edi.

Rossiya bilan imzolangan shartnomaga asosan “Gazprom” Qirg‘izistonda gaz sohasini rivojlantirish uchun 600 million dollar sarmoya yotqizadi hamda “Qirg‘izgaz”ning O‘zbekiston hamda Qozog‘istondan bo‘lgan 40 million dollar qarzini to‘laydi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG