Линклар

O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarga qarshi prezident farmoniga zid tarzda katta to‘ylar o‘tkazilayotgani kuzatilmoqda. Iosif Kobzon¸ Nargiza Zokirova va Yulduz Usmonova ishtirokida Toshkentda o‘tgan nikoh to‘yi cheklovlarning hammaga oid emasligini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda “kriminal avtoritet” deya tanilgan 64 yashar taniqli tadbirkor Salim Abduvaliyev nevarasining Toshkentda o‘tgan nikoh to‘yiga O‘zbekistonda kontsert faoliyati rasman taqiqlangan rus-sovet qo‘shiqchisi Iosif Kobzonni olib keldi.

Sovet o‘tmishini ulug‘lovchi qo‘shiqlar ijro qilgani bois Iosif Kobzonning 2004 yildan boshlab O‘zbekistonda kontsert uyushtirishi O‘zbekiston Madaniyat va Sport vazirligi tarafidan taqiqlangan.

Kobzoning o‘zi bu ta‘qiq orqasida Sovet propagandasidan masofalanishni istagan O‘zbekiston prezidenti turganini matbuotga bildirgan edi.

Salim Abduvaliyevning nevarasi 22 yashar Malika Abduvaliyevaning nikoh to‘yi Rossiya estrada yulduzlarining festivaliga aylandi¸ deb bildirdi ismi sir qolishini istagan to‘y qatnashchisi.

Manbaga ko‘ra¸ tadbir "Osiyo" to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan. Kelin-kuyovning sinfdosh bo‘lgani va Salim Abduvaliyev tavsiyasi bilan fevral oyida patir ushatilib, to‘yga fotiha berilgani ham manbamizga ayon bo‘ldi. Kuyovning otasi, ya‘ni Salim Abduvaliyevning yangi qudasi Hasan ismli yirik tadbirkor ekani aytilmoqda.

Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ qudaning Dubayda uyi bor. Abduvaliyevlar oilasiga yaqin manbaga ko‘ra¸ kelin-kuyov bol oyini Dubayda o‘tkazadi. Boshqa manba esa kelin kuyovning Dubayga butunlay ko‘chib ketishi haqida bildirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Iosif Kobzon yakshanba kuni Salim Abduvaliyevning to‘yida SSSR va Rossiyani ulug‘lovchi vatanparvarlik qo‘shiqlarni ijro qilgan.

- To‘yda yangragan sovet qo‘shiqlaridan to‘yxonadagi yoshlar zerikdi¸ chol kampirlar xursand bo‘ldi bu qo‘shiqlardan,- deydi suhbatdosh.

Salim Abduvaliyev nevarasining to‘yida rossiyalik opera va pop hofizi Nikolay Baskov ham qo‘shiqlar ijro qilgani bildirildi.

​Shuningdek o‘zbekistonlik kriminal avtoritet to‘yini qutlash uchun Rossiyaning birinchi kanali rahbarlaridan biri¸ shoumen Valdis Pel sh kelgan.

To‘y qatnashchilarining Ozodlikka jo‘natgan fotosuratlarida rus estrada yulduzlarining Salim Abduvaliyevni olqishlayotgani aks etgan.

To‘y tantanalarida Rossiya qaxramoni¸ Rossiya davlat dumasi deputati Aleksandr Karelin ishtirok etgani bildirildi.

Bundan tashqari to‘yda Farrux Zokirov¸ Nargiza Zokirova¸ Yulduz Usmonova va Sevara Nazarxonlar qo‘shiq kuylagani bildirildi.


Salimboy – rus qo‘shiqchilarining ochil dasturxoni

Salim Abduvaliyev Rossiya matbuotida rus qo‘shiqchilari va kino yulduzlarini sahiylik bilan moliyalayotgan sahovatpesha sifatida gavdalantirilmoqda.
Rossiyalik qo‘shiqchi Filipp Kirkorov “Ekspress gazeta”ga bergan suhbatida egnidagi barcha kiyimlarni Salim Abduvaliyev olib berganligini ta‘kidlagan edi.

Fotosuratlar bilan tasdiqlangan bu ma‘lumotlarga ko‘ra, Kirkorov har oy Salim Abduvaliyevdan kiyim boshlar solingan posilka olib turadi.

Salim Abduvaliyevning sahiyligidan Nikolay Baskov¸ Maksim Galkin kabi estrada yulduzlari bahramand bo‘lganiga oid ma‘lumotlar bor.

Rossiyada kliplar suratga oladigan o‘zbek rejisseri ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ba‘zi ma‘lumotlarni berdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, Rossiya yulduzlari Salimboyning uyiga borib keladigan karvon yo‘liga asos solishgan.

- Buni o‘ziga xos tilamchilik desa ham bo‘ladi. Masalan, Kirkorov qabilidagi biror artist musiqiy loyihamga sponsor kerak degan ideya bilan Salimboyga murojaat qilishadi. Salimboy esa ularni quruq qaytarmaydi. Masalan, Fyodor Bondarchuk fil m olaman deb ikki oy Salimboyning dachasida yashaganini bilaman. “9-rota” fil mini olishda Salimboyning roli katta bo‘lgan. Bu kinoning Qrimdagi epizodlarini Salim Abduvaliyev moliyalagan¸- deydi suhbatdosh.

Salim Abduvaliyev o‘z ustozi Olimjon To‘xtaoxunov boshlab bergan rus qo‘shiqchilariga saohovatpeshalik estafetasini davom ettirgani aytiladi.

"Tayvanchik" laqabi bilan tanilgan Olimjon To‘xtaohunovning Alla Pugacheva¸ Sofiya Rotaru kabi yulduzlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlgani yaqinda Rossiya telekanalida namoyish qilingan "Kuraj" badiiy film mida o‘z aksini topgan.

Rus qo‘shiqchilari o‘zbek boylari to‘yining to‘rida
Rus qo‘shiqchilarini to‘yga olib kelish Rossiya telekanallari ta‘sirida bo‘lgan o‘zbeklar orasida urfga aylangani kuzatiladi.

2012 yilning sentyabrida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov jiyanini uylantirganida Filipp Kirkorov to‘yda boshdan oyoq qatnashgan edi.

Shuningdek bu to‘yda Igor Krutoy¸ Genadiy Xazanov kabi rus estradasi vakillari va akademik Artur Chilingarov doxil ho‘jako‘rsin “to‘y generallari” ishtirok etgan.

Alisher Usmonov tashkil qilgan to‘y O‘zbekistonda dabdabali to‘ylarga qarshi yangi kampaniya boshlangan 2012 yilda o‘tkazilgani¸ cheklovlarning hammaga oid emasligini ko‘rsatgan edi.

2012 yilda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi "to‘y hashamlar va marakalar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida" qaror qabul qilgan edi.

Toshkent shahar kengashi to‘ylardagi ortiqcha harajatlar va dabdabaning oldini olish uchun chiqargan qaroriga ko‘ra, to‘ylar mahalla komissiyasi nazorati ostida quyushqondan chiqmasdan o‘tkazilishi lozim.

Bundan tashqari O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo chiqarib “dabdabali va isrofgar to‘ylarning musulmon uchun nojoizligini” ta‘kidlgan edi.

Dabdabali to‘ylar matbuotning tanqidiga uchray boshlagan bo‘lsa-da, orzu havas qilib, rus estrada yulduzlari ishtirokida ovozasi yetti iqlimga ketadigan to‘y qilish orzusida bo‘lganlar ko‘paygani aytiladi.

Ayni paytda, prezident farmoni ham, mamlakat musulmonlar idorasining fatvosi ham to‘ylarni tartibga keltira olmayotgani aytiladi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG