Линклар

logo-print
Samarqand shahrida "Dinamo" va "Paxtakor" futbol klublari o‘rtasidagi o‘yinning so‘nggi soniyalarida urilgan goldan norozi bo‘lgan samarqandlik futbol fanatlari mehmon klub a‘zolariyu shahar militsiyasini toshbo‘ron qildi. Samarqanddan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, norozilar "Paxtakor" o‘yinchilarini bir soatgacha stadiondan chiqarmagan va militsiya yuzlab ishqibozga suv purkab, ularni tarqatishga arang erishgan. Jarohatlangan va hibsga olinganlar haqida aniq ma‘lumot berilmadi.

Samarqand shahridagi "Dinamo" stadionida 26 aprel kuni kechki payt bo‘lib o‘tgan futbol o‘yini samarqandlik ishqibozlarning Toshkentdan borgan mehmonlar va ularni qo‘riqlagan IIB xodimlarini toshbo‘ron qilishi bilan yakun topdi.

Oliy liganing 6-turi doirasida Samarqandda bellashgan "Dinamo" va "Paxtakor" futbol klublari o‘rtasidagi o‘yinning so‘nggi 90+4-, ba‘zi manbalarda esa 90+6-, yana ba‘zilarida 90+8-daqiqasida urilgan gol jamoalar o‘rtasidagi durangni "Paxtakor" foydasiga 2:1 ga yetkazdi.

Ammo, shu so‘nggi gol "Dinamo" klubi ashaddiy ishqibozlarining e‘tiroziga sabab bo‘ldi va o‘yin tugagach, g‘azabnok ishqibozlarning bir necha yuz kishilik guruhi "Paxtakor" o‘yinchilarini stadioniga qamab qo‘ydi.

O‘yinni tomosha qilgan samarqandliklardan birining Ozodlikka aytishicha, ishqibozlar futbolchilarga qo‘shib shahar militsiyasi xodimlarini ham toshbo‘ron qilgan va militsiya norozilarni tarqatish uchun suv purkagichni ishga solishga majbur bo‘lgan.

- Biz uzoqdan ko‘rishga harakat qildik. Tomoshabinlar hakamlar va o‘yinchilar chiqish joyiga to‘planib, to‘polon ko‘tardi. Keyin ular tosh otishni boshladi. Keyin militsionerlar ularni qaytarishga harakat qildi. Lekin, tomoshabinlar militsionerlargayam tosh otishni boshladi. Keyin o‘t o‘chiruvchi mashinalar bilan tomoshabinlarga suv sepishni boshladi. Stadionda 10 ming tomoshabin kelgan bo‘lsa, shuning besh mingi o‘sha to‘polon bo‘lgan joyda edi, men o‘zim ko‘rdim,- deydi samarqandlik ishqiboz.

Uning aytishicha, militsiya xodimlari norozi futbol ishqibozlariga nisbatan kuch qo‘llaganini u ko‘rmagan, aksincha IIB xodimlari norozilarni tezroq tarqatib, toshkentlik mehmonlarni sog‘-omon stadiondan olib chiqishga uringan.

Shunga qaramasdan, bu to‘polonda bir necha kishi jarohatlangani, mahalliy fanatlardan o‘nga yaqini qisqa muddatga Samarqand shahar IIBga olib ketilgani haqida norasmiy ma‘lumotlar bor.

Jumladan, "Odnoklassniki" sayti orqali munosabatini yo‘llagan ishqibozlardan biri yozgan sharhda: "Toshkent komandasiga yon bosishlaridan shu mojaroni kilishdi, avtobus bir soat joyidan kuzgaldi , toshburon kilishdi, milisalarni, avtobusni, oxiri pojarnыy kelib suv sepishni boshladi, Muxlislarni vajoxati juda yomon edi ( stadion yoniga Pivo zavod joylashgani xam yaxshi rol uynadi),... Nechta bollarmizni mentlar olib ketishdi...", deyildi.

Samarqandda bo‘lgan futbol o‘yinidan keyingi manzara aks etgan yana bir sharhda esa: "IIB xodimlari bilan esa haqiqiy urush boshlanib ketdi. Odamlar IIB xodimlari va ularning mashinalariga qarata qo'liga ilshgan narsalarni uloqtirishdi. odamlarni esa faqatgina o't o'chirish avtomobillaridan sepilgan suvgina qaytardi. dinamo muxlislari ancha vaqtgacha ko'chada namoyish qildilar. Ko'chalarda mashinalar harakatini to`sib qo'ydilar. IIB hodimlarining o'z ish joyiga qaytayotgan kalonnalarini bemani qiliqlar va haqoratli so'zlar bilan kuzatib qo'ydi", deyildi.

Samarqand shahar IIB va "Dinamo" futbol klubi ma‘muriyati jarohatlanganlar va qo‘lga olinganlar haqidagi ma‘lumotlarni tasdiqlamadilar. Shahar Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi: "Birpasda tarqatdik hammasini. Hech kim ushlangani yo‘q, g‘irt yolg‘on u informatsiya", deb javob berdi.

Samarqand shahar futbol klubining ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi, Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda, 26 aprel kungi o‘yindan keyin bo‘lgan toshbo‘ron u o‘z tajribasida guvoh bo‘lgan ilk katta to‘polon ekanini tan oldi.

Uning aytishicha, bu janjalga "hakamning toshkentlik futbolchilarga oshkora yon bosgani" sabab bo‘lgan. Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘yinga qisqagina munosabat bildirgan rasmiy: "Tasavvur qiling, 5 minut qo‘shib berilgan, lekin 98 daqiqada gol urilyapti. Endi "Paxtakor"da bu, nima deysiz!" deya natijadan noroziligiga ishorat qildi.

26 aprel kungi o‘yin haqida xabar bergan rasmiy manbalar, xususan, "Paxtakor" jamoasi rasmiy sayti Yegor Krimets tomonidan urilgan g‘alaba to‘pining vaqtini 90+4 deb bermoqda.

Ammo, "Dinamo" futbol klubi rasmiy saytida so‘nggi golning urilgan vaqti 90+6, Stadion.uz saytidagi xabarda esa 90+8 deb berildi. Ko‘rinib turibdiki, Samarqand futbol klubini mag‘lubiyatga mahkum qilgan so‘nggi golning urilgan vaqti ustida jiddiygina bahs bor.

O‘yinni tomosha qilgan samarqandlik ishqiboz ham Ozodlik bilan suhbatda bahsli to‘p 97-daqiqada urildi, deb da‘vo qildi:

- Biz o‘zimiz ko‘rib turdikku, "Dinamo"ning murabbiysi Ravshan aka ham o‘yinning cho‘zilib ketganidan noroziligini ko‘rib turdik. Odamlar hakam Marat Ismoilovdan norozi bo‘ldi, to‘g‘risi,- dedi samarqandlik ishqiboz.

Ayni paytda o‘zbekistonlik sport sharhlovchilari va futbolni yoritayotgan jurnalistlar Samarqand va Toshkent futbol ishqibozlari o‘rtasidagi munosabatni yanada taranglashtirgan so‘nggi o‘yin natijalari ustida ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarini davom ettirmoqda.

Samarqand shahrida "Dinamo" va "Paxtakor" futbol jamoalari o‘rtasida o‘tgan o‘yin Oliy liga, 6-turi doirasida bo‘ldi. O‘zbek futbolini yoritayotgan qator rasmiy saytlarda berilishicha, Oliy liga doirasida bu ikki jamoa 40 marotaba bellashgan. Bu bellashuvlarning 31 tasida "Paxtakor", 4 tasida "Dinamo" g‘alaba qozongan. Qolgan o‘yinlar esa durang natija bilan yakunlangan.
XS
SM
MD
LG