Линклар

Samarqandda tarixiy Registon maydonidagi Sherdor va Tillakori madrasalariga tutash maydonda yangi statsionar amfiteatr qurilishi qadimiy obidaga jiddiy zarar yetkazdi. YuNESKOning “dunyo merosi” ro‘yxatiga kiritilgan Registon maydonida xalqaro konvetsiyaga muvofiq zamonaviy inshootlar qurish mumkin emas.

Samarqanddagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ og‘ir yuk avtomobillari¸ ekskavator va samosvallar ishtirokidagi bu qurilish tugamasidanoq qadimiy obidaga zarar yetkazildi.

Samarqanddagi tarixiy obidalar ta‘miri bilan shug‘ullanadigan idoradagi Ozodlik manbasi Sherdor madrasasi koshinlarida yoriqlar ko‘payganini aytdi.

- 1619 yilda qurilgan va YuNESKOning “dunyo merosi” ro‘yxatiga kiritilgan Sherdor madrasasi koshinlarida yangi darzlar paydo bo‘ldi. Maydondagi yana bir yodgorlik 1646 yili qurilgan Tillakori madrasasining ichki gumbazlarida ham yoriqlar paydo bo‘ldi. yon tarafdagi minoralardan biri esa og‘a boshladi. Eng keyingi o‘lchovda og‘ish normadan 8 sm. ko‘p ekani qayd qilindi. Bunga Registon maydonidagi kecha va kunduz tinmayotgan qurilish sabaab bo‘ldi, - deydi Samarqanddagi tarixiy obidalar ta‘miri bilan shug‘ullanadigan idoradagi Ozodlik manbasi.
O‘zbekiston Vazirlar mahkamasidagi Ozodlik manbasining bildirishicha¸ 5 milliard so‘m (2 million ikki yuz ming dollar) harjlangan va keng qamrovda qurilish texnikasi safarbar qilingan yangi amfiteatr 10 may kuni foydalanishga topshiriladi.

Mulozimning aytishicha¸ O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov nazorati ostidagi bu qurilish ishlari shu kunlarda tunu kun to‘xtamayapti.

- Yurtboshimizning topshirig‘i bilan polniy maydonda¸ Registonning o‘zida emas¸ maydonida katta ish olib borilayapti. Tarixiy obidalarga umuman tegilayotgani yo‘q. Bo‘sh joylardagi maydonda ish olib borilayapti. Bu hammasi soglasovanniy. Proyekti chiqqan¸ smetalari chiqqan¸ davlat rahbarlari bilan soglasovanniy qilinayapti. Hammasini ustida o‘tiribdiyu rahbarlar. Bosh vazir o‘rinbosarlari¸ hokim¸ NPU boshlig‘i va o‘rinbosarlari¸ injener texnik sostav - ustida o‘tiribdiyu hammasi¸ - deydi suhbatdosh.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Registon maydonida ishlayotgan ekskavator va bulьdozerlar aks etgan suratlar paydo bo‘ldi. Qadimiy bino yonida bunday qudratli texnikalarning ishlashi mutaxassislarni xavotirga soldi.

Samarqand shahar hokimligidagi Ozodlik manbasi bu ekskavatorlar ishni tezlashtirish va qurilishni 10 maygacha tugallash uchun Registon maydoniga keltirilganini aytdi.

- Ekskavatorlar podyomnik ko‘taradigan og‘ir narsalarni olib kirib odam ko‘tarmaydigan yuklarni olib chiqib ketyapti. Oldin har xil bardak uslubida qilinganku. Yuklab olib chiqib ketayapti, xolos. U yerda kavlash ishlari tepada bo‘lib yotibdi. Eng muhimi 10 may kunigacha ob‘ekt topshirilishi kerak¸10 chida tadbir bo‘ladi. Chei ellik olimlar qatnashadi. O‘zbekiston tarixi¸ madaniyati¸ ma‘rifati to‘g‘risida katta konferentsiya bo‘ladi. 100dan ortiq chet davlatdan mehmonlar keladi¸ shunga ulgurishimiz zarur¸ - deydi hokimlikdagi Ozodlik manbasi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidagi Ozodlik manbasi madrasalardan biriga oid minoraning og‘ib ketganini tasdiqlagan holda bunday holatning oldini olish uchun ehtiyot choralariga amal qilina boshlanganini ham aytdi.

- Bizga problemaning keragi yo‘q. Ertaga bitta joy yiqilib tushsa, baloga qolamizku. O‘zi minoralar yiqilmasin deb 50 metr nariyoqda qurilayapti. Registon maydonida blagoustroystvo ish ketayapti faqat. Biz qilayotgan ob‘yom 600-700 million. Hokimiyat hissasi ham bor. Umuman aytganda, 4-5 milliardlik ish ketayaptida. So‘mda. U yerda osveshcheniyeni to‘g‘rilayapti¸ yoritgichlarni o‘rnatayapti¸ yomon ish bo‘layotgani yo‘q u yerda. Nazoratchilar yuribdi¸ arxeologlar yuribdi. Mutaxassislar o‘tiribdi. Mening birinchi o‘rinbosarim o‘sha yerda bir oydan beri yotibdi. Eng muhimi yurtboshimiz bizga bildirgan ishonchni oqlash¸- deydi Ozodlik manbasi.
YuNESKOning “Dunyo merosi”( World Heritage) ro‘yxatiga kiritilgan Samarqanddagi Registon maydonida zamonaviy inshootlar qurish 1972 yilda qabul qilingan va O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan konventsiyaga ko‘ra mumkin emas.

Aks holda bu obida YuNESKOning “Dunyo merosi” ro‘yxatidan chiqarilib “Yo‘qolib ketish havfi ostidagi obidalar” ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

2009 yilda Germaniyaning Drezden shahridagi obida yonida zamonaviy ko‘prik qurilgani bois Drezden obidasi YuNESKOning “Dunyo merosi” ro‘yxatidan chiqarib tashlangan edi.
XS
SM
MD
LG