Линклар

Aytgani aytgan, degan degan bo‘lib turgan bosh vazirning so‘zi yerda qoldi. Sudya hukumat yetakchisining o‘zboshimcha xatti-harakatini qoralab, uni o‘sal qildi. Qizig‘i, bu hodisa salkam diktaturada ayblanayotgan mamlakatda ro‘y berdi.

Turkiya hukumati va Konstitutsiyaviy sudi o‘rtasidagi “mushuk-sichqon” o‘yinini kuzatib borayotgan zukko o‘quvchi gap nima haqda ketayotganini darrov ilg‘agan bo‘lsa kerak.

Kuni kecha Turkiya Konstitutsiyaviy sudi raisi Hoshim Qilich bosh vazir Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning aybloviga javob berdi. Bu Hoshim Qilich deganlari ismiga monand qilichdek o‘tkir tilli ekan. Sud raisi sud hokimiyatini noxolislikda ayblagan bosh vazirning xatti-harakatini “pastkashlik”, deb atadi.

Xabaringiz bor, Turkiya Konstitutsiyaviy sudi Erdo‘g‘onning mamlakatda Twitter ijtimoiy tarmog‘ini yopish haqidagi buyrug‘ini noqonuniy, deb topgan. Ra‘yi qaytarilgan bosh vazir esa sudning qarorini noxolis deb baholab, uni hurmat qilmasligini aytdi. Sud hokimiyatini milliy manfaatlar qolib, Amerika kompaniyasi nog‘orasiga o‘ynashda aybladi.

Bu ayblovga munosabat bildirgan Hoshim Qilich huquqiy davlatda sud hokimiyati farmoyish yoki buyruqlar emas, qonunga tayanib ish ko‘rishini aniq-tiniq bayon qildi. Alhosil, Konstitutsiyaviy sud raisi haddidan oshgan bosh vazirni o‘z vaqtida jilovladi. Dehqoncha aytganda, bosar-tusarini bilmay qolgan arbobga: “O‘pkangizni bosing, janob!” deya o‘rinli tanbeh berdi.

Aslida, bu hodisaning hayron qoladigan joyi yo‘q. Har qanday demokratik jamiyatda sud hokimiyati ijroiya hokimiyatining qonun tushovini uzib yubormasligiga ko‘z-quloq bo‘lib turadi. Lekin Konstitutsiyaviy sudning bor-yo‘qligi bilinmaydigan o‘zbek jamiyati vakili bo‘lgan kamina uchun bu hodisa baribir hayratomuz tuyuldi.

To‘g‘ri-da, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi biror jiddiy masalada mustaqil pozitsiyasini ko‘rsatib, dadil bayonot e‘lon qilganini bilmayman. O‘zbekiston Konstitutsiyaning 109-moddasiga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud qonunlar, davlat rahbari farmonlari, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Konstitutsiyaga mosligini aniqlaydi.

Huquqshunos sifatida dadil ayta olaman, hatto shahar miqyosidagi hokimlar ham o‘zi bilib-bilmay Konstitutsiyaga zid ko‘plab farmoyish yoki buyruqlar qabul qiladi. Lekin Asosiy Qonunning “tansoqchisi” bo‘lgan Konstitutsiyaviy sudning parvoyi palak. Vaziyatni bilmaydimi, yo bilib bilmaslikka oladimi - ishqilib, Konstitutsiyaga zid hujjatlarni vaqtida bekor qilib, o‘zbilarmonlarning aqlini kirgizib qo‘yish chorasini ko‘rmaydi.

Qonunlarga sharh berish Konstitutsiyaviy sudning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Yurist sifatida ayrim qonunlardagi mavhum jihatlarni aniqlashtirish maqsadida sharh va talqin so‘rab Konstitutsiyaviy sudga bir necha marta murojaat qilganman. Har gal “bunday masalalar qonunchilikka muvofiq hal qilinadi” qabilidagi umumiydan umumiy javob olganman.

Fuqarolik, jinoiy yoki xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudlarning qadrini tushirish niyatim yo‘q. Ammo demokratik davlat qurmoqchi ekanmiz, birinchi navbatda, Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligi va faolligini ta‘minlash kerak. Ana shunda hamma soyasiga salom beradigan arboblar Konstitutsiya va qonunga zid hujjatlarga o‘ylabroq imzo chekadi.

O‘zbekistonlik huquqshunos
XS
SM
MD
LG