Линклар

logo-print
Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanidagi maktab o‘qituvchilari va bog‘chalarning tarbiyachilari obodonlashtirish va tozalash ishlariga majburiy tarzda jalb qilinmoqda. Sirg‘alidagi manbaga ko‘ra, o‘qituvchi va tarbiyachilar tumandagi “Bobur” mahallasini namunali mahallaga aylantirish tadbirida tekin ishchi kuchi sifatida ishlatilmoqda.

Poytaxtning Sirg‘ali tumani 7 va 8 mavzelari hududida joylashgan “Bobur” mahallasini tumandagi eng namunali mahallaga aylantirish tadbirida, asosan, maktab va bog‘chalarning xodimlari ishtirok etmoqda.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Sirg‘alidagi manbaga ko‘ra, o‘qituvchi va tarbiyachilar hatto dam olish kunlari ham mahallani obodonlashtirish va tozalash ishlariga jalb qilinayapti.

“Masalan, o‘tgan shanba-yakshanba Sirg‘ali Xalq ta‘limi mudiri topshirig‘i bilan tumandagi 300-maktab va “Malika” to‘yxonasi atrofini tozalashga har bir maktab va bog‘chadan 10tadan ishchi chiqarildi. Har shanba-yakshanba shu ahvol. Bu ishchilarning bola-chaqasi, uy-joyi yo‘q, deb o‘ylashadi, shekilli. Dam olish kuni ishchi ham uyida bo‘lishi kerak-ku. Keyin hafta davomida ish payti ham chiqarishadi. Maktab va bog‘chalar bola tarbiyasi bilan shug‘ullanmasdan mardikorlik qilishayapti”, deydi mikrofonsiz suhbatda Sirg‘alidagi o‘qituvchilardan biri ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.

Sirg‘alidagi 322-sonli maktab o‘qituvchilaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ushbu maktabdan har safar 6 yoki 7 o‘qituvchi “Bobur” mahallasini obodonlashtirish ishlarida qatnashadi.

“Mahalladagi noqonuniy qurilgan temir panjara va uylarning naveslarini buzishga yordamlashdik. Faqat erkak kishilar borishdi. Maktabimizga ajratilgan hududga qaraymiz. Ariq tozalaymiz. Ohak, kraska bilan bog‘liq ishlar bo‘lsa, JEK ishchilariga yordamchimiz. JEKda ishchi kam-ku, ularga yordamlashamiz. “Bobur” mahallasini namunali mahalla qilib, boshqa mahallalarga o‘rnak qilishmoqchi. Shunga biz ham yordamlashayapmiz”, dedi 322-maktabning ismini ochiqlamayotganimiz o‘qituvchisi.

Sirg‘alidagi 304- sonli maktabdan esa ma‘naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bilan o‘quv ishlari bo‘yicha mudir obodonlashtirish ishlariga muntazam chiqishadi.

“Zavuch bilan zamdirektordan tashqari yana ikki ayol qatnashadi. Qachon chaqirishsa, borishadi. Asosan, shanba yakshanba kunlari chaqirishadi. Kunlar isishi bilan chiqarishni boshlashdi. Ayollar hovlilarning atrofidagi o‘t-o‘lanlarni tozalashadi. Domlarning ogorodlarini tozalab chiqishadi. Erkaklar noqonuniy qurilmalarni buzishda qatnashishayapti”, dedi 304-sonli maktabning o‘zini tanishtirmagan o‘qituvchisi.

Sirg‘ali tuman Xalq ta‘limi bo‘limining ismini ochiqlamayotganimiz mas‘uliga ko‘ra, bog‘cha va maktab xodimlari faqat shanbalik e‘lon qilingan kunlarda obodonlashtirish ishlariga chiqarilayapti.

“Bobur” mahallasi mas‘ullaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, obodonlashtirish va tozalash ishlari “Sog‘lom bola yili” davlat dasturi doirasida amalga oshirilayapti.

Mahalla mas‘uliga ko‘ra, obodonlashtirish va tozalash ishlari uchun harajatlarga uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli kredit ajratilib, o‘tkazilayotgan “hashar va shanbalik”larda nafaqat o‘qituvchilar, balki mahallaning barcha aholisi faol ishtirok etmoqda.
XS
SM
MD
LG