Линклар

O‘zbekistonlik xonanda Yulduz Usmonovaning Janubiy Koreya janub-sharqidagi Kimxe shahrida 6 may kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan kontserti kema halokati qurbonlariga motam tutilayotgani bois bekor etildi. Lekin, Usmonovaning 4 may kuni Seuldagi kontserti bo‘ladi.

Yulduz Usmonovaning Seuldagi kontserti tashkilotchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Kimxe shahridagi kontsert kema halokati qurbonlari xotiri uchun motam tadbirlari bois bekor qilinganini tasdiqladi.

16 aprel kuni Janubiy Koreyaning janubi-g‘arbiy sohilida 476 yo‘lovchini olib ketayotgan kema cho‘kishi oqibatida yuzlab odam nobud bo‘lgandi.

Qutqaruvchilar hozirgacha suvga cho‘kkan kemadan 187 yo‘lovchining jasadini chiqarib oldi. Bedarak yo‘qolgan odamlar soni 115 tani tashkil qilmoqda.

Lekin, Usmonovaning Seulda 4 may kuniga rejalangan kontserti bekor bo‘lmagan.

- Bilasiz, o‘n kun avval kema cho‘kib ko‘plab odam halok bo‘ldi. Bu fojea Kimxe shahriga yaqin joyda bo‘ldi. Hozir bu shahar motamga cho‘mgan. Kontsertlarga ruxsat yo‘q. Kontsertni Seulda o‘tkazishga zo‘rg‘a ko‘ndirdik, - deb bildirdi o‘zbekistonlik xonandaning Seuldagi vakillaridan biri.

Yulduz Usmonova kontserti 4 may yakshanba kuni Seuldagi Sang Myong san‘at saroyida bo‘ladi. Kontsertda o‘zbekistonlik mashhur so‘z ustasi Obid Asomov ham qatnashadi. Chiptalar narxi 50 ming vondan 80 ming vongacha (45-70 AQSh dollari).

Chipta narxlari qimmat bo‘lishiga qaramay, yarmidan ko‘pi sotib bo‘lingan.

- Seuldagi Sang Myong san‘at saroyi 700ta tomoshabinni sig‘diradi. Juda ko‘p olishyapti. Kimxedagi kontsert bekor qilingandan so‘ng u yoqdagi o‘zbeklar, Pusan shahrida yashovchi o‘zbeklar ham Seulga kelishyapti. Chunki, Koreyada 4-6 may kunlari bayram, dam olish kuni. Usmonovani kontserti faqat bir kun bo‘ladi, - deydi Yulduz Usmonvaning kontserti tashkilotchisi.

Seulda yashovchi Munsur Usmonova kontsertiga biletni bir hafta oldin olib qo‘yganini aytdi.

- Biletni 60 ming vonaga oldim. 50 dollar atrofida bo‘lyapti. Joyiga qarab. Orqa o‘rindiqlar arzon, oldingi qator qimmat. Lekin, Yulduz Usmonovani kontserti Koreyada har kuni bo‘lavermaydi. Boramiz. Bir kunlik mehnat haqimizni shu kontsertga ajratyapmiz, - deydi Seuldagi yelim zavodida ishlovchi buxorolik Mansur.

Eslatib o‘tamiz, Yulduz Usmonova uchun 2007 yildan buyon O‘zbekistonda katta sahnada chiqmaydi. Davlat tadbirlari va televideniyeda ko‘rinmaydi.

Norasmiy taqiqqa uchragan xalq artisti faqat to‘y-hashamlar va kichik doiralarda kontsert berib keladi.

4 aprel kuni Toshkentning Osiyo Grand restoranidagi to‘y bazmida Yulduz Usmonova va guruhi a‘zolari kaltaklangani haqida xabar qilingandi.
XS
SM
MD
LG