Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:29

Chexiya musulmonlari juma namozini bo‘lgan reydga mas‘ullarni sudga bermoqchi


Praganing "Chyorniy most" mavzeidagi masjidda juma namozini bo‘lib kirgan politsiya maxsus kuchlari reydi aks etgan videodan olingan surat.
Praganing "Chyorniy most" mavzeidagi masjidda juma namozini bo‘lib kirgan politsiya maxsus kuchlari reydi aks etgan videodan olingan surat.
Praga shahrining markazi va "Chyorniy most" mavzeidagi ikki masjidda juma namozini bo‘lib kirgan politsiyachilar reydi va so‘ngra reydda qurol-yarog‘ topilgani haqida noto‘g‘ri axborot bergan mahalliy matbuotdan norozi Chexiya musulmonlari jamoasi sudga shikoyat qilmoqchi. Hodisadan so‘ng maxsus komissiya tuzgan musulmonlar advokat yolladilar va sotsial tarmoqlarda petitsiya e‘lon qildilar.


Munir ar-Roviy: Haqlarimiz himoyasi uchun maxsus hay‘at tuzdik

Chexiya respublikasidagi musulmonlar jamoasi 25 aperl kuni juma ibodatiga namozxonlar yig‘ilgan ikki yirik masjidda o‘tkazilgan politsiya reydi chog‘ida ularning e‘tiqod erkinligiga oid huquqlari poymol etilganidan norozi bo‘lmoqdalar.

"Chexiya musulmonlari" jamoat birlashmasi prezidenti Munir ar-Roviy juma ibodatidan mahrum etilgan musulmonlar o‘z haqlari himoyasi uchun maxsus hay‘at tuzganini aytdi.

- Bu Chexiyadagi musulmon jamoalar vakillaridan iborat maxsus hay‘atdir. Hay‘at advokatlar yolladi. Hozir advokatlar bu hodisada musulmonlar huquqlari poymol etilganini qonuniy asoslaydi va so‘ngra biz harakatga ko‘chamiz, - dedi Munir ar-Roviy.

U musulmonlarni junbushga keltirgan juma kungi politsiya reydi va uning matbuotda yoritilishi chog‘ida ikkita huquqbuzarlik - musulmonlarni ibodatdan mahrum qilish va ularning xavfsizligiga tahdid soluvchi noto‘g‘ri axborot tarqatish harakatlari sodir etilgani aniq, deb ta‘kidladi.

- Agar izlanayotgan narsa noqonuniy adabiyot bo‘lsa, nega reydni aynan musulmonlar uchun muhim bo‘lgan juma ibodati paytiga mo‘ljalladilar, boshqa vaqtni tanlamadilar? Bu e‘tiqod erkinligining ochiqdan-ochiq pooymol etilishidir. Prima telekanali esa qurol-yarog‘, granata va qo‘lbola portlovchi moslamalar topildi, deb yolg‘on axborot tarqatdi, ya‘ni Praga musulmonlari jamoasiga tuhmat qildi. Biz bu huquqbuzarliklar uchun qonuniy asosda javob berlishini talab qilamiz, - deya ta‘kidladi Chexiya musulmonlari jamoasi yetakchisi.


Chexiya IIV: Politsiyaning bu harakati taftish qilinadi

Nafaqat Chexiya, balki unga qo‘shni Germaniya, Avstriya, Vengriya musulmonlari jamoasi tomonidan norozilik bildirila boshlagan voqea xususida jurnalistlarga izoh berishga majbur qolgan Chexiya Ichki ishlar vaziri Milan Xovanets 29 aprel kungi bayonotida politsiyaning harakati taftish qilinishini ma‘lum qildi.

IDnes.cz nashrining yozishicha, vazir politsiya harakatini "nomuvofiq" deb baholagan.

Ammo bunday harakatga politsiya va prokuratura xodimlarini majbur qilgan "zarurat" borligini vazir janoblari ehtimoldan soqit qilmagan.


Chexiya politsiyasi: Reydni maxsus juma kuniga rejaladik

Ushbu reydning Islomda farz amallardan biri bo‘lgan juma kungi ommaviy ibodat vaqtida o‘tkazilgani sababini esa Chexiya politsiyasi matbuot kotibi Pavel Hantak shunday izohladi:

- Biz buning uchun boshqa vaqtni tanlay olmas edik, chunki asosiy vazifamiz maksimal darajada ko‘p ma‘lumot yig‘ishdir. Juma kungi amaliyotni o‘tkazish paytida biz unga tortilgan va tortilmagan shaxslar, shuningdek, ularning e‘tiqod erkinligiga maksimal darajada e‘tibor qildik va hozir ham e‘tibor qilayapmiz, - dedi Chexiya politsiyasi matbuot kotibi Ozodlik bilan suhbatda.

U mamlakatda ommabop bo‘lgan Prima televidesi jurnalisti tomonidan tarqatilgan qurol-yarog‘ topilgani xususidagi ma‘lumotni qat‘iyan rad etdi.

- Amaliyot o‘tkazilishiga yagona sabab - jinoiy harakatga asos bo‘lgani gumon qilingan kitobning chiqarilishi va tarqatilishini anilashdir. Matbuot vositalarida berilgan boshqa ma‘lumotlarni politsiya tasdiqlamaydi, - dedi Pavel Hantak.

U bu kitobni chiqarish va tarqatishda gumon qilingan Chexiya fuqarosi qo‘lga olingani va qisqa muddatdan so‘ng ozod etilgani haqida chex matbuoti bergan ma‘lumotlarni tasdiqlar ekan: "Surishtiruv ishlari davom etayapti", deb qo‘shimcha qildi.

Aybsizlik prezumptsiyasi bois ismi ochiqlanmayotgan bu shaxsning bir necha yillar muqaddam islom dinini qabul qilgan chex millatiga mansub shaxs ekani haqida norasmiy ma‘lumotlar bor.

Bu shaxs tarqatgani gumon qilingan va antisemitik, ekstremistik ruhda ekani aytilgan kitobning nomi "Tavhid" ekani va bu kitobning asl muallifi Qatarlik salafiy ulamo Bilol Filips ekani ma‘lum qilingan.


Prima-TV: "Katta miqdorda qurol-yarog‘ topildi"

Chexiyada ommabop bo‘lgan Prima-TV telekanali jurnalisti 25 aperl kungi politsiya reydini Markaziy masjid darvozasi ostidan turib, jonli yoritdi.

Jonli axborot dasturida ismi Matey Rixley, deb taqdim qilingan jurnalist xabarlari orasida masjiddan qurol-yarog‘ topilgani haqida xabar berdi:

"Ma‘lum bo‘lishicha, bu kitob bog‘liq hodisalar aslida yuzada turgan bir sabab, xolos. Chunki, politsiyachilar katta miqdorda qurol - avtomat, granata va portlovchi moslamalarni topishgan", deydi jonli efirda voqea joyidan xabar bergan va boshlovchilar tomonidan Matey Rixley, deb taqdim qilingan jurnalist.

Chexiya politsiyasi bu ma‘lumotni qat‘iyan rad etdi. Shuningdek, matbuotda 15 kishi hisbga olingani haqidagi ma‘lumotni ham politsiya inkor qilindi. Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, bir kishi hibs qilingan va qisqa muddatdan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Ozodlik muxbiri xabarni tarqatgan jurnalist bilan bog‘lanishga urindi, muvaffaq bo‘lmadi. Telekanal ma‘muriyati ham bu haqda hali biror izoh bermadi. Javobsiz qolayotgan bu harakat pragalik musulmonlarning noroziligini kuchaytirmoqda.


Pragalik musulmon: Reyd qo‘pol qonunbuzarlik bilan o‘tkazildi

Pragada bir necha yillardan buyon yashayotgan rossiyalik ishbilarmon Zayniddin reyd chog‘ida shahar markazidagi masjidda bo‘lgani va politsiya xodimlari tomonidan musulmonlar huquqlari buzildi, degan xulosaga kelganini aytadi.

- Bizning ibodatimizni bo‘lib kirishdi, birinchidan. Ikkinchidan, nazarimda kitob qolib, namozxonlar hujjatlarini tekshrishiga o‘tib ketishdi. Soatlab boshimizni yerga qadab, harakatsiz o‘tirishga majbur qilishdi. Hammasi jinoiy harakatga asos bo‘lishi gumon qilingan bir kitobni qidirish uchunmi?! Muhimi, hujjatini ko‘rsatgan germaniyalik namozxon va elchixonalar xodimlari uzr so‘rab, chiqarib yuborildi. Bular "Uchinchi dunyo davlatlari" deb ajratadigan postsovet davlatlaridan borgan musulmonlar pasportini ko‘rsatsa ham hech bir asos taqdim qilinmagan holda soatlab ushlab turildi, - deydi Praga markazidagi masjidda 4 soat politsiya qamalida qolgan ishbilarmon Zayniddin.

Ushbu reydda Indoneziya fuqarosi, Indoneziya elchisining birinchi kotibining juma namozini ado etishiga to‘sqinlik qilingani va unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linganidan norozi bo‘lgan elchixona 29 aperl kuni Chexiya hukumatiga norozilik notasini yo‘lladi.


Smart-media NNT: Musulmonlar jamoasi huquqlarini himoya qilamiz

Chexiyada muhojirlar, milliy, diniy va jinsiy ozchiliklar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi Smart-media nodavlat tashkiloti rahbari Zulfiya Xudoyberdiyeva chexiyalik musulmonlarni norozi qilgan hamda ularning xavfsizligiga tahdid o‘laroq baholanayotgan bu hodisadan keyingi vaziyatdan xavotirda ekanini aytadi.

- Reyd va u haqda noto‘g‘ri axborotning tarqatilishi musulmonlar jamoasini norozi qilish bilan birga mahalliy aholida musulmonlarga qarshi kayfiyatni kuchaytiradi. Bu juda xavotirli vaziyat. Hozir biz o‘z tashkilotimiz doirasida advokatlar bilan ayni vaziyatga huquqiy baho berish va masalaning huquqiy yechimini topishga urinayapmiz. Afsuski, bu mamlakatda musulmonlar jamoasi kamsitilishiga oid ilk holat emas, - deydi hozir Chexiyada nnodavlat tashkilotlardan biriga rahbarlik qilayotgan o‘zbekistonlik faol Zulfiya Xudoyberdiyeva.


Chexiya Yevropaning eng ateist davlatlaridan biri

2011 yilda o‘tkazilgan aholi hisob-kitobi chog‘ida chexiyaliklarning 34,2 foizi hech qanday dinga e‘tiqod qilmasligini aytgan, 45,2 foizi esa bu savolga javob bermaslikni afzal ko‘rgan. Jami aholi soni 10 million 512 ming kishidan oshiqroqdir.

Chexiyadagi musulmonlar sanog‘iga oid 2007 yilda berilgan so‘nggi rasmiy ma‘lumotda ularning soni 12 ming ekani aytiladi. So‘nggi norasmiy ma‘lumotlarda esa 20 ming, ba‘zilarida 50 ming kishi, deb keltiriladi.

Yevropaning dindorlar eng oz bo‘lgan bu mamlakatidagi ilk islomiy tashkilot - aynan bahs-munozarali reyd o‘tkazilgan "Chyorniy most" mavzeidagi masjid - 1991 yilda ochilgan Islom jamg‘armasi hisoblanadi.

Uzoq yillar masjid ochishga ruxsat berilmay kelgan Chexiyada ilk masjid 1998 yilda Brno shahrida, yana biri esa yarim yil so‘ngra esa Praga shahrida ochilgan. Shuningdek, Chexiya musulmonlarga masjid uchun alohida bino qurishga uzoq vaqt ruxsat berilmay kelgan davlatlardan biri hamdir.

Hozir Chexiyada jami 5 ta maskan amalda masjid sifatida faoliyat yuritmoqda. Bulardan biri Brno shahrida, 4 tasi esa Pragada.
XS
SM
MD
LG