Линклар

MTSning O‘zbekistonda ish boshlashi haqida xabarlar Rossiya matbuotida paydo bo‘ldi. Interfaks axborot agentligi xabariga ko‘ra, joriy yilda MTS O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga qaytishi mumkin. Biroq MTS rasmiylari bu xabarni na tasdiqladi, na inkor qildi.

Asosiy aktsiyalari Rossiyadagi “Sistema” aksionerlik-moliya kompaniyasiga qarashli MTS (MobilnieTeleSistemi) o‘zbek mobil aloqa bozoriga joriy yilda qaytishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan Interfaks axborot agentligi "O‘zbekiston hukumatidagi ishonchli manbasiga asoslanib" bunday xabar qildi:

“MTSning mamlakatda qayta faoliyat boshlashi mumkinligi haqidagi muzokaralar eng yuqori doiralarda to‘rtinchi marta olib borilyapti va joriy yilning o‘rtalariga borib bu haqda ijobiy qaror qabul qilinishiga umid qilinmoqda”, deb yozdi Interfaks.

Agentlikka ko‘ra, o‘tgan haftada MTSning O‘zbekiston ustidan Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markaz (ICSID) ga qilgan da‘vosidan voz kechgani mazkur masala bilan bog‘liq jarayon davom etayotgani belgisidir.

Ko‘rgan zararini O‘zbekistondan undirish haqidagi MTSning da‘vosi 2012 yilning 15 noyabrida qaydga olingan va 2013 yilning avgust oyida ICSIDda bu bahsni ko‘rib chiqish uchun tribunal tashkil qilingan edi.

Bu ish yuzasidan birinchi eshituvlar o‘tgan yilning noyabrida o‘tkazilgan edi. Joriy yilning 22 aprel kuni tribunal “tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra” ishni ko‘rishni to‘xtatdi.


MTS kompaniyasining matbuot xizmati xodimi Dmitriy Slobodnikov Ozodlik savollariga javoban MTSning O‘zbekistonga qaytishi haqidagi xabarni na tasdiqladi va na inkor qildi:

- Biz bu vaziyatni izohlamoqchi emasmiz va bu haqda sizga hech narsa deya olmaymiz, dedi matbuot xizmati xodimi.

Ozodlikning MTS kompaniyasidagi boshqa manbasiga ko‘ra, MTS bilan rasmiy Toshkent o‘rtasida muzokaralar to‘xtagani yo‘q:

“MTSning asosiy aksiyalari “Sistema” aksionerlik-moliya kompaniyasi aksiyadorlarida. Har qanday muzokaralarni ana shu kompaniya olib boradi va bizning bilishimizcha, O‘zbekiston hukumatining yuqori doirasida so‘zlashuvlar olib borilyapti. Biroq ular qanday natija bilan tugashi hali aniq emas”, dedi manba.

Interfaks xabariga ko‘ra, “MTS-O‘zbekiston”ning texnologik qurilmalari va operatorning mobil aloqa tizimi ish holatida saqlanmoqda va qisqa muddatlarda ishga tushishi mumkinligini “O‘zbektelekom” kompaniyasi bildirgan.

MTS ning O‘zbekistonda "O‘zdunrobita" nomi ostida faoliyat olib borgan sho‘‘basi 2012 yil yozida rasmiy Toshkent qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan edi. O‘zbekiston rasmiy idoralari "O‘zdunrobita" shirkatiga yirik miqdordagi daromadni soliqdan yashirish, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish kabi ayblar qo‘ygan.

Toshkentning MTS faoliyatini to‘xtatishi oqibatida mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan "O‘zdunrobita"ning 10 millionga yaqin mijozi bir kunda aloqasiz qolgan edi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG