Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:13

Prezident Karimov tanqid qilingan videoni 200 ming kishi tomosha qildi


YouTube орқали президент Каримовга мурожаат қилган ўзбек
YouTube орқали президент Каримовга мурожаат қилган ўзбек
Joriy yilning 17 aprel kuni Internetga joylashtirilgan videoda o‘zini o‘zbekistonlik Furqat Rahmatullayev deb tanishtirgan mehnat muhojiri prezident Islom Karimovga murojaat qilib, uni davlatni boshqarishda layoqatsizlikda aybladi. O‘zbekistondagi siyosiy rejim tanqid qilingan ushbu videomurojaatni Youtube, Yandex, Vk.com, Odnoklassniki.ru sahifalari orqali kamida 200 ming odam tomosha qildi.

Mazkur videomurojaatda Islom Karimov tarafidan O‘zbekistonda diktatorlik rejimini saqlashga qaratilgan totalitar tizim yaratilgani ta‘kidlanadi.

Yangi media sohasi mutaxassisi To‘lqin Umaraliyevga ko‘ra, Toshkent rejimiga aloqador mavzularga ehtiyotkorlik bilan yondashadigan o‘zbekistonliklar orasida ushbu videoga qiziqish kattaligi kuzatilmoqda:

- Men hozir hisoblab ko‘rsam, 200 mingdan ko‘proq odam bu videoni tomosha qildi. Bu o‘sib borayotgan raqam. Shu paytgachaga O‘zbekiston siyosati tanqid qilingan videoga bunday katta qiziqish kuzatilmagan. Internetdan foydalanuvchi o‘zbeklar va ayniqsa, yoshlar siyosiy mazmun tashigan kontentga qiziqmasligini hisobga olganda bu katta raqam. Youtubening o‘zida bu video bir nechta ayri¸ ayri mushtariy tarafidan yuklangan. Masalan, ulardan birini payshanba kunigacha 83 ming kishidan ko‘p tomosha qilgan. Odnoklassnikiga esa bu videokontent 14 marta yuklangan¸ - deydi To‘lqin Umaraliyev.


"Siz bizning orzuimizni o‘g‘irladingiz janob prezident!"

Youtube portaliga joylashtirilgan ushbu videomurojat tagida 200ga yaqin sharh qoldirilgan. Bu sharhlarning aksariyatida Furqat Rahmatullayev “haqiqatni qo‘rqmay ayta olgan botir“, deya ta‘riflangan.

Rossiyadagi ko‘p sonli o‘zbekistonlik mehnat muxojirlaridan biri ekani taxmin qilingan Furqat Rahmatullayevniing o‘zini topishning iloji bo‘lmadi.

Uning rus tilidagi videomurojaatidan ayrim iqtiboslarni tarjima qilgan holda e‘tiboringizga havola qilsak:

- SSSR parchalanganidan so‘ng bizning buyuk davlat qurish orzuimiz bor edi. Sizning 23 yillik boshqaruvingizda biz nimaga erishdik? Siz bizning orzuimizni o‘g‘irladingiz janob prezident! Buyuk davlat o‘rniga iqtisodiy jihatdan boshi berk yo‘lga kirib qoldik. Barcha yirik korxonalar inqirozda, bankrot holatida yoki talon-taroj qilingan. Biz sanoatlashgan ishlab chiqarish hajmini oshirish o‘rniga boshqa davlatlarning xom ashyo yetkazib berish manbaiga aylanib qoldik, – deya ta‘kidlanadi Rahmatullayevga nisbat berilgan videomurojaatda.

Rahmatullayev o‘z murojaatida davlat boshqaruv tizimiga ham to‘xtaladi:

- Davlat tuzilmalarida esa eng quyidan boshlab tepagacha, sizning vazirlaringizgacha korruptsiyaga botgan. Siz davlat hokimiyatining shunday vertikal shaklini yaratdingizki, hatto endi o‘zingiz ham qo‘l ostingizdagilarni nazorat qila olmayapsiz. Yanada quyiroqdagilar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Shu sababli ham o‘z qo‘l ostingizdagi barcha yirik mansabdor shaxslarning xorijga chiqishlari uchun shaxsan o‘zingizdan ruxsat olishlari lozimligi to‘g‘risida farmon berdingiz. Buning ma‘nosi shuki, kemangizdagi barcha kalamushlar qochishni boshlagan, siz esa ularni to‘xtatib qolib “cho‘ksak, hammamiz birga cho‘kamiz” demoqdasiz, - deyiladi videomurojaatda.

Bugungi kungacha 200 ming kishi tomosha qilgan videorolikning 12- minutida O‘zbekistonning bugungi kundagi muammolari sanab o‘tiladi va Islom Karimov davlatni boshqarish layoqatiga ega emaslikda ayblanadi.

Shuningdek, Rahmatullayev O‘zbekistondagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zboshimchaligi va butun mamlakatning korruptsiya domiga tushib qolganini ta‘kidlab, Karimovga o‘z o‘rnini bo‘shatishdan oldin uchta islohotni amalga oshirishni taklif qiladi:

- Birinchisi, bu sud tizimidagi islohot. Men bu islohotni o‘ta zarur, deb bilaman. Sudyalar prezident devoniga¸ SNB¸ prokuratura va turli hokimlarga mute bo‘lishi kerak emas. Ikkinchisi, erkin va ozod ommaviy axborot vositalari bo‘lishi kerak. Chunki faqat erkin matbuotgina demokratik jamiyat yaratilishiga ko‘mak beradi. Faqat erkin matbuot korruptsiyaga qarshi kurash minbari bo‘la oladi. Erkin matbuot poraxo‘rlikni fosh qilib, jamiyatdagi boshqa illatlarni ommaga oshkor qila oladi. Uchinchi taklif: Ochiq¸ erkin va demokratik tarzda o‘tadigan prezidentlik saylovini tashkil qilish. Siz mamlakat prezidenti va konstitutsiya garovi sifatida bu ishlarni qilishga majbursiz¸ - deyiladi videomurojaatda.

Murojaat so‘ngida o‘zbek xalqi Karimov boshqaruvidan achchiq saboq chiqarib¸ bunday boshqaruvning boshqa takrorlanmasligi uchun kurashishi lozimligi urg‘ulanadi.

Videomurojaatning internetga joylashtirilish jarayoni bilan tanishgan To‘lqin Umaraliyevning bildirishicha¸ bu videorolik ko‘proq odamga yetib borishi uchun malakali taktika qo‘llanilgan.

- Bu malakali taktika bois bu rolikni ko‘p odam ko‘rdi.Bu esa videomurojat oddiy mardikor tashabbusi emasligiga ishora. Bu videorolik orqasida jiddiy tashkillashgan guruh bo‘lishi mumkin¸deydi suhbatdosh.

Videorolik mazmuni ostiga Sovet o‘tmishini qo‘msash tuyg‘ulari yashiringani ham kuzatiladi.


Haqiqat aytilgan bir dam

O‘zbekistondagi Internet mushtariylarining 10 milliondan oshgani rasman aytilayotgan paytda ularning siyosiy mavzulardan masofalanishi kuzatuvchilar nazarida mamlakatda parvarishlanayotgan qo‘rquv omili bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda yoshlarni salbiy axborotdan himoya qilishga doir tadbirlar izchil o‘tkazib kelinadi.

O‘zbekiston rasmiy televideniyesi va matbuotida ham yoshlarni Internetdagi salbiy axborotlardan himoya qilishga qaratilgan kampaniya ketayotganini kuzatish mumkin.

Bu tadbirlar bois internet nashrlaridagi o‘zbek muxolifatchilarining videomurojatlarini nari berisi ming kishidan ko‘p odam ko‘rmayotgani aytiladi.

Buning fonida Karimov tanqid qilingan videomurojaatni 200 ming kishi tomosha qilgani o‘zbekistonlik Internet mushtariylarining faolligi sifatida qaralmoqda.
XS
SM
MD
LG