Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:16

Muhammad Bekjonga Chegara bilmas muxbirlar mukofoti topshirildi


Mukofotni Muhammad Bekjonning qizi qabul qilib oldi.
Mukofotni Muhammad Bekjonning qizi qabul qilib oldi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti 3 may - xalqaro matbuot erkinligi kuni arafasida O‘zbekistonda qamoqda qolayotgan muxolifatchi jurnalist Muhammad Bekjonni matbuot erkinligi xalqaro mukofoti bilan taqdirladi.

AQShda bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida mukofotni Muhammad Bekjon nomidan uning qizlari Oygul va Inoyat qabul qilib oldi. Muhammad Bekjon 2013 yilda Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Matbuot erkinligi mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Qarorgohi Parijda bo‘lgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti fevralь oyida e‘lon qilingan jahon mamlakatlaridagi matbuot erkinligini baholovchi navbatdagi yillik hisobotida ham Muhammad Bekjon taqdiridan tashvish bildirgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi rahbari Yohan Bihr “O‘zbekistonda kamida 10 jurnalist hamon qamoqda qolmoqda. To‘rt nafari jurnalistik faoliyati uchun qamoqda azob chekmoqda, qolgani inson huquqlarini himoya etib chiqqani uchun qamalgan. Qamoqda qolayotgan jurnalistlarning biri Muhammad Bekjon”, deb bildirgan.

60 yoshli Muhammad Bekjon 1999 yil 16 fevralь kuni Toshkentda sodir bo‘lgan portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va bu muddat 2012 yilda tugashi kerak edi. Ammo uning qamoq muddati uzaytirilib kelinmoqda.

“Muhammad Bekjon 15 yildan buyon qamoqda qolmoqda va u dunyodagi eng uzoq qamoqda qolayotgan jurnalistlarning biri”, deyiladi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining 29 aprelь kuni e‘lon qilingan hisobotida.

28 aprelь kuni Vashingtonda uyushtirilgan "Matbuotni ozod qiling" nomli kampaniya doirasida AQSh Davlat Departamenti matbuot vakili Jen Psaki Muhammad Bekjon taqdiriga e‘tibor qaratgandi.

- Uning sog‘ligiga so‘nggi 15 yil mobaynida jiddiy putur yetdi. U hozir zudlikda tibbiy muolajaga muhtoj. O‘zbekiston hukumatini zudlikda unga tibbiy yordamni ko‘rsatishga chaqiramiz, - degandi Psaki.

Hozirda Muhammad Bekjon Navoiydagi Zarafshon qamoqxonasida saqlanmoqda.

Qamalishidan oldin Muhammad Bekjon muxolifat nashri hisoblangan “Erk” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonni so‘z erkinligi bo‘g‘ilayotgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritib keladi. Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining 180 mamlakatdagi vaziyatga baho berilgan hisobotida O‘zbekiston so‘z erkinligi borasida o‘tgan yilgiga nisbatan ikki pog‘ona pastlab, 166-o‘rinni egallagani qayd etiladi.

O‘tgan yili O‘zbekiston bu reytingda 164-o‘rinni egallab turgandi, undan avvalgi yili esa 157-o‘rinda edi.

------------------------------------------------------------------------------------------
Habar, foto va videoni Ozodlik radiosiga +420724971539 WhatsApp, Telegram raqamiga yuboring!

Jonli efirlarimizda qatnashmoqchi bo'lsangiz har Dushanba va Chorchanba kunlari Toshkent vaqti bilan 19:00 dan boshlab ozodovoz, ozodlikonline va ozodskype Skype manzillariga qo'ng'iroq qiling!

60 yildan beri habarchilik qilayotgan Ozodlik radiosi shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.
XS
SM
MD
LG