Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:36

O‘zbekistonda qiyinchilikka uchragan Coca-Cola prezidenti Toshkentga keldi


O‘zbekistondagi Coca-Cola shirkatini Gulnora Karimova nazorat qilib kelgan.
O‘zbekistondagi Coca-Cola shirkatini Gulnora Karimova nazorat qilib kelgan.
O‘tgan hafta oxirida Toshkentda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi rasmiylari Coca-Cola International shirkatining Turkiya, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo‘yicha prezidenti Galye Molinas bilan uchrashdi.

O‘zbekiston vazirligi rasmiy xabarnomasida aytilishicha, “muzokaralar chog‘ida shirkat bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan”.

Eslatish joiz, salqin ichimliklarni ishlab chiqaruvchi shirkatning O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi keyingi oylarda qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova so‘nggi paytlargacha nazorat qilgan Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD yanvar oyidan beri mahsulot ishlab chiqarmayotgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan.

Shirkatda bir necha oydan beri o‘tkazilayotgan tekshiruvlar Gulnora Karimovaga qarashli biznes tizimlarining O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va MXX tomonidan tergov qilinayotgani bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

O‘tgan oyda Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, LTD shirkatidagi davlat aktivlari O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markaziga o‘tkazilgan edi.

Coca-Cola Ichimligi – Uzbekistan LTD qo‘shma korxonasi O‘zbekistonda 1993 yilda ish boshlagan paytda Gulnora Karimovaning sobiq eri AQSh fuqarosi, asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan Mansur Maqsudiyga qarashli bo‘lgan.

2001 yilda Karimova-Maqsudiy oilasi ajrashgach, prezidentning qizi sobiq erining o‘sha paytda 60 million AQSh dollariga baholangan Coca-Cola Ichimligi - Uzbekistan korxonasini tortib olgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG