Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:51

"Surxondaryoda yumaloq muhr uchun 100 dollar so‘ralyapti"


Surxondaryo viloyatida biometrik pasportga yumaloq muhr bosish qayta yo‘lga qo‘yildi. Lekin surxonliklarning iddaosiga ko‘ra, endilikda ushbu muhr uchun ayrim pasport stollarida 100 AQSh dollarigacha pora talab qilinmoqda. Bir oy avval Surxondaryoda MXX tomonidan biometrik pasportga yumaloq muhr bosish to‘xtatilgan edi.


Aprelь oyining oxiridan boshlab Surxondaryo viloyatida biometrik pasportga yumaloq muhr bosishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi.

Surxondaryo viloyat huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, chegara hududlarida o‘tkazilgan maxsus tadbir bois vaqtincha to‘xtatilgan ushbu jarayon qayta yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yil mart oyi oxirida Surxondaryo viloyatida MXXning maxsus yo‘riqnomasi bilan biometrik pasportga yumaloq muhr bosish vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Surxondaryoning Qiziriq tumanida yashovchi, ismini ochiqlamaslikni so‘ragan yigitning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, u yaqinda biometrik pasportga yumaloq muhr bostirishga muvaffaq bo‘lgan.

Lekin surxonlik yigitning iddao qilishicha, yumaloq muhr uchun 100 AQSh dollari miqdorida pora berishga majbur bo‘lgan:

“Yumaloq pechat 100 dollarga chiqdi. Shu pechatsiz Rossiyaga chiqa olmaymiz. Pasport stollar oldida juda uzun navbat. Shuning uchun tezlatsin, deb 100 dollar berdim. Rossiyaga ketishim kerak edi. Pasport stolda hammasi bepul deb yozib qo‘yibdi. Lekin har bir blankani 1000 so‘mdan majburlab oldirayapti”, deya iddao qildi surxonlik yigit.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir surxonlikning aytishicha, undan ham yumaloq muhr uchun pul talab qilishgan, biroq u bermagan:

“Mendan ham krugliy pechat uchun pul so‘rashdi. Pasport stolda ishlaydigan qo‘shnim “Tezlatib beraman, pul bersang”, dedi. 100 dollar menga qimmatlik qilgani uchun bermadim. Rossiyaga ketmoqchi edim. Hozir kutib o‘tiribman”, dedi bu yigit mikrofonsiz suhbatda.

Surxondaryo viloyati IIB Pasport stolining o‘zini tanishtirmagan xodimi yumaloq muhr uchun pora olinayotganini mutlaqo inkor qildi:

- Bu absurd. Bilmasam, men birinchi marta eshitayapman, chto za krugliy pechatь uchun 100 dollar berish kerakligini. Hayotda unday gap yo‘q. Bilmasam, qayerdan unday gap chiqdi,- dedi pasport stol xodimasi.

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi mas‘ul xodim ham fuqarolarga biometrik pasport berish jarayonida korruptsiyaga yo‘l qo‘yilmayotganini ta‘kidlab, pasport stollar oldidagi turnaqator navbatlarda fuqarolarning o‘zini aybladi.

“Biz fuqaroning biometrik pasporti uchun ma‘lumotlarini olib qolgach, qo‘liga jeton berayapmiz. 20 kundan keyin soat falonda kelgin, deb. Ular nima qilayapti: o‘sha kuni kelmasdan boshqa kuni kelib, ichkariga kira olmayapti. Biz imkon darajasida barchaning ishini tezlatib berayapmiz”, dedi viloyat IIB xodimi.

Yumaloq muhrsiz chet elga chiqib bo‘lmaydi

Fuqaro biometrik pasport olgach, o‘zi doimiy yashaydigan hududda qayddan o‘tgani haqidagi ma‘lumotni tasdiqlatishi lozim.

Surxondaryodagi pasport stollari xodimlariga ko‘ra, bu ma‘lumot pasportning turar joyi degan sahifasiga fuqarolar yig‘ini tomonidan bosilgan shtampda o‘z aksini topadi. Lekin ushbu shtamp yoniga IIBning yumaloq muhri bosilmasa, pasport yaroqsiz hisoblanishi mumkin.

“Agar fuqaro doimiy yoki vaqtincha yashayotgani haqidagi ma‘lumot ustiga krugliy pechat bostirmasa, chet elga ham chiqa olmasligi mumkin. Lekin buni chiqish vizasi bilan adashtirmang. Bu boshqa-boshqa narsa. Masalan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida viza rejimi yo‘q. Shuning uchun surxondaryoliklar ham Rossiyaga chiqish vizasiz chiqishlari mumkin. Lekin pasportidagi turar joyi haqidagi ma‘lumot krugliy pechat bilan tasdiqlanmasa, Rossiyaga keta olmasligi mumkin”, dedi Surxondaryodagi pasport stollardan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan boshlab eski pasport bilan xorijga chiqish to‘xtatilishi e‘lon qilinishi ortidan mamlakatdagi pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, biometrik pasport uchun ariza topshirayotganlarning qariyb 90 foizi xorijga ishlagani ketayotgan fuqarolardir.

Buning ustiga joriy yilning 1 fevralidan boshlab O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi viloyatlarga beriladigan biometrik pasportlar sonini cheklab qo‘ydi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, hozir respublika bo‘yicha biometrik ma‘lumotlar olayotgan va pasportlarni tayyorlab berayotgan apparatlar soni 200 tadan ortiqdir. Bu apparatlar tomonidan kuniga berilayotgan pasportlar soni fevraldan boshlab, 150tadan 70taga tushirib qo‘yilgan.

Bu cheklov ham fuqarolarning biometrik pasport olishini qiyinlashtirmoqda. Viloyatlarda biometrik pasport olish uchun odamlar oylab navbat kutmoqda. Pasport berish bo‘limlari oldida har kuni 300-400 kishilik navbatlar paydo bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG