Линклар

Andijon viloyatida yuz bergan avtohalokat oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. Voqea guvohlariga ko‘ra¸ katta tezlikda kelayotgan uchta avtomobilning bir-biri bilan to‘qnashuvi oqibatida portlash yuz bergan.

Jalolquduq tumani Chashma qishlog‘i hududida yuz bergan avtohalokat oqibatida 18 kishining halok bo‘lgani aytilmoqda.

2 may kuni yuz bergan avtohalokat haqida voqea guvohlari dushanba kuni Ozodlikka gapirib berishdi.

O‘zini Abdumajid, deb tanishtirgan andijonlik voqea guvohining Ozodlikka aytishicha¸ hodisada katta tezlikda kelayotgan Gazel mikroavtobusi, Matiz va Tiko avtomobillari bir-biri bilan to‘qnashib ketgan.

Andijon viloyati ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ 2 may kuni Jalolquduq tumanida yuz bergan avariya oqibatida 18 kishi halok bo‘lgan.

- Ichi to‘la yo‘lovchi bo‘lgan Gazel mikroavtobusi, Matiz va Tiko avtomobillari to‘qnashib yirik DTP sodir bo‘ldi. Mashinalardagi benzin baklari va gaz ballonlari birdaniga portlagani oqibatida o‘sha paytda uchta mashina ichida bo‘lgan 18 kishining hammasi o‘ldi. O‘lganlarning asosiy qismi marshrutka sifatida foydalanilgan Gazel mikroavtobusi yo‘lovchilari bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar o‘z vaqtida yetib kelib, yong‘inni o‘chirishdi. Ularni kechikib keldi degan gaplar asossiz. Birdan yuz bergan portlash oqibati uchun o‘t o‘chiruvchilar aybdor emas, deb bildirdi Andijon viloyati ichki ishlar bo‘limidagi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra¸ voqea yo‘l-transport hodisasi sifatida malakalanib jinoiy ish ochilgan.

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik va yo‘l nosozligi voqea sodir bo‘lishi yuzasidan asosiy versiya sifatida ko‘rilayotgani ham bildirildi.

Kechgan ikki-uch kun ichida O‘zbekistonda o‘ndan ziyod mashinada yong‘in chiqqani bildirildi.

Facebookda ochilgan “Toshkent haydovchilari” sahifasi dushanba kuni Toshkent aeroportidan chiqaverishdagi ko‘prikdan ag‘darilib ketgan mashina suratini e‘lon qildi.

5 may kuni Toshkentda yuz bergan avariya.

5 may kuni Toshkentda yuz bergan avariya.

​Ayni sahifaning o‘zini Nigora deb tanishtirgan faolining Ozodlikka aytishicha¸ 3 may kuni Qamchiq dovonida yuz bergan yana bir avtohalokatning guvohi bo‘lgan.

- Qamchiq dovonida 3 may kuni yuz bergan avariya oqibatlarini ko‘rdim. Neksiyalar to‘qnashib ketgan. Buning boisi yo‘l yomonligi bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Avtomagistralda remont ketmoqda. Yo‘lni ekskavator va boshqa qurilish texnikasi yopib qo‘ygan. Qamchiq dovonidan o‘tadigan temir yo‘l qurilishi ham qatnovga halaqit bermoqda. Haydovchilardan avariyaga duch kelmaslik uchun katta mahorat talab qilinmoqda¸ deya bildirdi ijtimoiy tarmoq faoli Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ avariyalar asosan yo‘l yomonligi bois sodir bo‘lmoqda.

Avariyaning halokatli oqibatlari esa, mashinalarga o‘rnatilgan gaz ballonlari portlashi bilan izohlanmoqda.

O‘tgan oy Andijon shahrida metan gaz balloni o‘rnatilgan Neksiya avtomobili portlashi oqibatida ikki odam jarohatlangan edi.

Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishlaricha, portlash oqibatida Neksiya bo‘laklarga ajralib ketgan.

Gaz ballonli mashinalarning O‘zbekistonda portlashi tez-tez ro‘y berib turadi.

Ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbasi ma‘lumotiga ko‘ra, Andijonda so‘nggi to‘rt oy ichidagi gaz ballon portlashi bilan bog‘liq bir necha halokat yuz bergan.

Bunday hodisalarning kelgusida oldini olish maqsadida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari barcha haydovchilarga o‘z avtomobillarining holatini, xususan, o‘rnatilgan gaz ballonlarini tez-tez tekshirib borishni tavsiya qilgan.
XS
SM
MD
LG