Линклар

4 may kuni markaziy-osiyolik muhojir va qochqinlar himoyasi bilan shug‘ullangan taniqli huquq himoyachisi Yelena Ryabinina 59 yoshida Moskvada vafot etdi. Ozodlik bu inson bilan birga ishlagan va uning yordami tekkan qochqinlar bilan suhbatlashdi.


Keyingi vaqtlarda saraton kasalligi bilan kurashgan Yelena Ryabinina 4 may kuni Moskvada vafot etdi.

Inson huquqlari instituti qoshidagi “Boshpana olish huquqi” dasturining rahbari sifatida Ryabinina o‘n yildan ortiq vaqt davomida asosan o‘zbekistonlik va tojikistonlik muhojirlar huquqlarini himoya qilgan.

Xususan, diniy va siyosiy repressiyalar bois O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan o‘nlab qochqinlarga Rossiya va boshqa mamlakatlarda boshpana berilishida Ryabinina hal etuvchi rol o‘ynagan.

Huquq himoyachisi bilan so‘nggi kungacha birga bo‘lgan uning shogirdlaridan biri advokat Nadejda Yermolayeva Yelena Ryabinina nima ish bilan shug‘ullanib kelganini barcha bilishi, ammo uning shaxsiy hayoti to‘g‘risida ma‘lumotlar deyarli bo‘lmaganini aytadi Ozodlik bilan suhbatda.

- Yelena o‘z shaxsiy hayoti to‘g‘risida birovga gapirishni xush ko‘rmasdi. U butun umrini boshqa odamlarga yordam berishga bag‘ishladi. Hatto kasallik yengib borayotgan oxirgi oylarda u o‘zining kasalligini boshqalarga aytmadi, bizga og‘irligini tashlamadi. Shaxsan men nafaqat kasbdoshim, ustozim, balki eng yaqin do‘stimni yo‘qotdim... Aytishim kerakki, u boshlab bergan kurash davom etadi: u yetishtirgan shogirdlar juda ko‘p! Yelena olib borgan va ishtirok etgan ishlar yuzlab, ularni hech kim sanamagan. Uning qochqinlarga ko‘mak bergan maslahatlarning hisobiga yetib bo‘lmaydi,- deydi marhumaning yaqinlaridan Nadejda Yermolayeva.


Yelena Ryabinina boshqarib kelgan Inson huquqlari instituti qoshidagi “Boshpana olish huquqi” loyihasi 2009 yildan buyon ishlab kelmoqda; bevosita markaziy-osiyolik siyosiy va diniy qochqinlar masalalari bilan esa Yelena 2001-2002 yillarda Tojikiston va, ayniqsa, O‘zbekistondan bo‘lgan qochqinlar sonining keskin ko‘payishi natijasida shug‘ullana boshlagan.

“Inson haqlari himoyasi sohasiga u, yaxshi daromad keltirib turgan rieltorlik ishini tashlab kelganini ham aytib o‘tishim kerak”, deydi Nadejda Yermolayeva.

Odessada tug‘ulib o‘sgan va har doim, hatto, og‘ir vaziyatlarni hazil-mutoyiba bilan qabul qilgan Yelena o‘zbek-tojik qochqinlarini “mening quyonlarim”, deb atagan.

Shulardan biri – karmanalik Sadirbek Umirov qator diniy ayblovlar bilan 1,5 yil Krasnogorsk qamoqxonasida o‘tirib chiqqan. "Ozodlikka chiqishimda opaning hissasi katta bo‘lgan", deydi.

- Opa hujjat ishlariga, ko‘chada yurishga dokumentni olishga katta yordam berar edilar. Shu orqali taniymiz u kishini. Meni ular Yevropa sudi qarori bilan chiqarib olishdi. Hozir ishlarim, Xudoga shukur, yaxshi, ishlab yuribman. FMSning vaqtinchalik qochqinlik ruxsatnomasi bilan yuribman. Yaxshi ayol edi, bez otkaz yordam qilar edilar, beminnat. Olloh rozi bo‘lsin! Yomonlik ko‘rmaganmiz u odamdan, qo‘ldan kelganicha yordam qilganlar chiqishimizga,- deb eslaydi Yelena Ryabininani 33 yoshli Sadirbek Umirov.


Yana bir o‘zbek qochqini – toshkentlik Farrux Botirov boshi berk bir ko‘chaga kirib qolgan bir paytda yordamga Yelena kelganini yaxshi eslaydi.

- O‘zimning ishim bo‘yicha hamma dokumentlarni, qanday hujjat kerak bo‘lsa Yelena Ryabinina shug‘ullangan, boshqa hech kim qilmagan. Mening ishimni ekstraditsiya deyishadiyu, to‘g‘risi o‘zim ham tushunmayman. O‘zimizda, o‘zbeklarda birinchi navbatda “Joyi janatda bo‘lsin!”, deyiladi opaga, deydi Farrux.

Huquq faoli Yelena Ryabinina O‘zbekiston va Tojikistonga noqonuniy tarzda olib chiqilayotgan qochqinlar masalasini ko‘targan birinchi huquq faolidir. U “Islom ekstremizmi”, “Hizb-ut Tahrir”, “nurchilar”, “jihodchilar” va boshqa soxtalashtirilgan ishlar bo‘yicha ekstraditsiyasi so‘ralgan o‘zbekistonliklarning diniy-siyosiy ishlarini Inson haqlari bo‘yicha Strasburg sudiga olib chiqqan va xorijdagi advokatlari yordamida himoyasini ta‘minlagan shaxsdir.


Ryabinina Shanxay hamkorlik tashkiloti va Kollektiv xavfsizlik tashkiloti kabi tuzilmalar doirasida qabul qilinayotgan ayrim qaror-kelishuvlar xalqaro huquq qoidalariga zid kelishini ta‘kidlab chiqqan.

Buxorolik diniy qochqin Abdusami Rahmonov gapiradi:

- Yelena Ryabinina Rossiyadagi qochqinlar, xususan, o‘zbek qochqinlari uchun juda katta yordam bergan ayol edi. U kishiga bemalol telefon qilib savol bersa, javob berardi. Hazillashib “Kechqurun soat tungi 2 dan keyin 10 gacha telefon qilib qo‘ysangizlar biror narsa deb qo‘ysam xafa bo‘lmaysizlar!” derdi. Men birinchi ko‘rganimda ham qo‘lidan kelgan barcha yordamni ko‘rsatgan, nima qilish kerakligini o‘rgatgan ayol edi. Yordamini biror marotaba ayamagan: “Yordam kerak bo‘lsa, albatta yordam beraman, kelib uchrayvering!”, derdi. Doim yordamga tayyor odam edi... Achinarli holat bo‘libdi. Uni yaqin bilgan odamlarga chuqur ta‘ziya bildiraman... Qani edi bu kishining o‘rinlariga yana ko‘plab mana shunaqa huquq himoyachilari paydo bo‘lib, qochqinlarimizning hayoti, xavfsizligini ta‘minlashga yordam berishsa,- deya munosabat bildirdi Abdusami.


Yelena Ryabinina 1955 yilda Ukrainaning Odessa shahrida tug‘ilgan. Leningrad aniq mexanika va optika institutida 4 kurs o‘qigan. 5-kursda o‘qishini Moskvadagi nufuzli N.Bauman nomidagi texnika universitetiga ko‘chirgan va o‘qishni bitirib, biroz muddat ilmiy-tadqiqot institularidan birida ishlagan.

2002 yildan 2009 yilga qadar – “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasidagi “Markaziy-osiyolik siyosiy qochqinlarga yordam” loiyhasini boshqarib kelgan. 2010 yildan Inson huquqlari instituti qoshidagi “Boshpana olish huquqi” dasturining rahbari bo‘lib ishlab kelgan. O‘zbekistonlik qochqinlarni Rossiya Oliy Sudi va Strasburg sudida himoya qilgan.

Uning himoyasi ostida andijonlik qochqin Abdumutalib Abdulhaqov, tojikistonlik Murodjon Abdulhaqov va Savriddin Jo‘rayevlar, “Xizb-ut Tahrir” tashkilotiga a‘zolikda gumonlanib Rossiyada birinchi bo‘lib qamalgan va keyinchalik o‘g‘irlab ketilgan Yusuf Qosimoxunov, quvalik Shokirjon Soliyev, toshkenlik Umid Yoqubov, diniy ekstremizmda ayblanib O‘zbekistonga olib chiqilgan andijonlik Azamatjon Ermakov, Ikromjon Mamajonov, Sanjarbek Sotivoldiyev, Ma‘murjon Yusupov va Ahmadjon Bekpo‘latovlar va boshqalar bo‘lgan.

2004 yildan “Memorial” Inson haqlari markazi a‘zosi. 2005 yildan RF Inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar kengashi a‘zosi bo‘lib kelgan. Yurist va huquq himoyachilari uchun “Ekstraditsiya ishlari bo‘yicha himoya” amaliy qo‘llanmasini chiqargan. Bir nafar farzandi bor.

Yelena Ryabinina 6 may kuni dafn qilinadi, vidolashuv marosimi shu kuni soat 13:00da Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonada bo‘lib o‘tadi.
XS
SM
MD
LG