Линклар

OzodMikrofonga bog‘langan jizzaxlik 75 yashar faol Nabijon Jo‘raboyev unga 5 yarim yillik qamoq jazosini tayin qilgan 28 yashar sudya pora olishda ayblanib, 11 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilinganini xabar qildi. Nabijon ota hukm o‘qilgan kuni sudda bo‘lgani va mahkum sudyaga o‘zini xotirlatganini aytmoqda.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida istiqomat qiladigan 75 yashar faol Nabijon Jo‘raboyev G‘allaorol tumani Jinoyat ishlari sudi 28 yashar sudyasi pora olishda ayblanib, 11 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilganini xabar qildi.

Samarqand viloyati Jinoyat ishlari sudida hukm o‘qilgan 2 may kuni mahkamada ishtirok etganini aytgan keksa faol mahkum katta miqdorda pora olganlikda aybdor, deb topilganini aytmoqda.

- Samarqand viloyat Jinoyat ishlari sudida hukm o‘qildi. Pora olgani to‘liq isbotini topdi, deyildi. Bu sudya bo‘yniga olmadi: "Uyda xotinimga tashlab ketishgan, men yo‘q edim", dedi. Lekin, uni ayblaganlar uyda uning qo‘liga bergani, bularga u sudya aroq quyib berganini yashirincha videoga yozib olgan ekan, isbotlab berishdi. Shu bilan 28 yashar sudya 11 yilu 6 oyni bo‘yniga olib, ketdi qamoqqa, - deydi Nabijon Jo‘raboyev.

Uning aytishicha, sudya 2013 yilning 13 noyabrь kuni hibsga olingan va Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida saqlangan. Ammo, ish bo‘yicha hukm o‘qishni Samarqand viloyati Jinoyat ishlariga oshirilgan.

Hukm o‘qilgan kuni mahkamada qatnashgan keksa faol mahkumga o‘zini xotirlatganini aytdi.

- Meni tuhmat bilan 5 yarim yilga hukm qilganida, men so‘ngso‘z o‘rnida aytgan edim: "Men 75 yoshga kirdim, tuhmat bilan qamayapsiz! Qamoqdan qaytib chiqaman nasib qilsa, lekin u yerda sizga joy tayyorlab kelaman!" degan edim. Chunki, sudya adolat qilish o‘rniga, tuhmat qilayotgan edi. Mana qaytar dunyo ekan, uning o‘zi qamoqqa ketdi. Davlat uni shuncha o‘qitdi, tayyorladi, u bo‘lsa 28 yoshida karьerasiga nuqta qo‘ydi, - deydi Nabijon Jo‘raboyev.

Quyida keksa faol bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:


Ozodlik tinglovchilari orasida Nabijon Jo‘raboyev ismi bilan tanilgan, asl ismi To‘raboy Jo‘raboyev bo‘lgan 75 yoshli faol 2013 yilning 31 mayida Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudi tomonidan tovlamachilik va firibgarlikda aybdor topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 29 dekabr kuni esa ozodlikka chiqarilgan edi.

Nabijon Jo‘raboyev Ozodlikning mamlakat ichidagi yuzlab faol suhbatdoshlaridan biri bo‘lib, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani va qo‘shni tumanlarda sodir bo‘layotgan voqealar haqida o‘z munosabatini bildirib kelayotgan tinglovchilardan biridir.

Jumladan, u o‘tgan yilning bahorida seldan jabr ko‘rgan g‘allaorolliklarga hukumat tomonidan va‘da qilingan yordam deyarli berilmagani haqida, Jizzaxda sirli epidemiyaga chalingan minglab qo‘y o‘lgani haqida va shu kabi qator dolzarb mavzularda Ozodlikka xabar bergan edi.

Nabijon Jo‘raboyevning asl kasbi o‘qituvchi. U kishi 10 yillar muqaddam asl tug‘ilgan joyi bo‘lgan G‘allaorol tumaniga Toshkent shahridan ko‘chib borgan.
XS
SM
MD
LG