Линклар

Toshkent viloyati Angren shahrida avtomobil ehtiyot qismlari bilan savdo qiladigan 45 yashar tadbirkor Baxtiyor Abdullayev uning 15 million so‘mlik tovari soliq idorasi tomonidan davlat hisobiga musorada qilinganidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, O‘zbekistondagi bugungi sharoitda oluvchi va sotuvchi o‘rtasida bozor talablari asosida shakllangan savdoni amaldagi qonunlarga moslash imkonsiz va bu soliqchilar uchun mulk undirishda asosiy vosita bo‘lmoqda.

Angren shahri markazida do‘koni bo‘lgan xususiy tadbirkor Baxtiyor Abdullayev OzodMikrofonga bog‘lanib, shahardagi 4 ta do‘kondan katta midorda tovarlar musodara qilinganini aytdi.

45 yashar tadbirkor avtomobil ehtiyot qismlarini sotadi. Uning aytishicha, seshanba kuni do‘konga bostirib kelgan shahar soliq idorasi rasmiylari uning 15 million so‘mlik tovarini tegishli tartib asosida sotib olinmagan, degan sabab bilan musodara qilishgan.

- Men Toshkentdagi Sergeli bozoridagi xususiy do‘kondan terminal orqali tovar olib kelaman. Ular xususiy tadbirkor bo‘lgani uchun faktura qog‘ozini ham bermaydi. Lekin, terminaldan kartochka orqali olganim, chek qog‘ozlarim hammasi bor. Soliqchilar esa buni naqd pul bilan emas, pul o‘tkazish orqali olish kerak edi, deyishdida. 15 million so‘mlik molimni davlat hisobiga musodara qilib olib ketishdi, - deya arz qildi angrenlik tadbirkor.

Uning ta‘kidicha, amaldagi qonunchilik O‘zbekistonda yuzaga kelgan bugungi bozor munosabatlariga aslo mos kelmaydi va bu noqislik istalgan paytda istalgan tadbirkorni xonavayron qilish uchun qulay vosita bo‘lmoqda.

- Mendanku 15 million so‘mlik molni olishdi. Bir tanishimning do‘konidagi 100 million so‘mlik molning hammasini olishdi va bir oy vaqt berishdi, xolos. U bechora bankrot bo‘ldi, umuman puli qolmagan. Shundoqqina ko‘zimizning o‘ngidan "Abu-Saxiy" shirkatining rastamojka qilinmagan mollarini tashiyotgan yuk mashinalari to‘xtovsiz o‘tib turibdi, hech kim indamaydi! Adolatsizlik tugaydigan kun bormikin bizda?! - deydi Angrenlik tadbirkor.

Quyida u bilan qurilgan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:



Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz, bizga qo‘ng‘iroq qiling ëki Skypeda biz bilan muloqotga chiqing.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 777 148 199 raqamiga yo‘llang.

Skypeda Ozodlikni ozodskype deb qidiring.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilaëtgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas‘ul emas!
XS
SM
MD
LG