Линклар

Yaxshiyam, san‘atkor degan toifa bor ekan. Shular bilan hayotimiz qiziq-da. Siyosat bilan ishimiz yo‘q, ammo yallachiyu mashshoqlarning har biri qadamidan boxabarmiz.

Ukraina, Suriyada nimalar bo‘lyapti – parvoyimizga kelsa qani! Ammo, sal mahobat bilan aytilsa, tupkaning tagidagi bir mamlakatda yashaydigan nomdor qo‘shiqchining xushtorlarini nomma-nom sanab berishimiz mumkin.

Tunov kuni o‘zbekistonlik xonanda Rayhon egizak farzand ko‘rgan ekan. Shu xabar chiqdiyu, Internet deganimiz qirqquloqli qozondek qaynab ketdi. Ijtimoiy tarmoqlar tabrigu muhokamalardan portlab ketayozdi. Ko‘cha-ko‘yda, avtobusda, universitetda – hammaning og‘zida shu gap: eshitdingizmi, Rayhon naq egizak tug‘ibdi!

Umri bilan bergan bo‘lsin, bozori chaqqon qo‘shiqchi qizimizga jilla adovatimiz yo‘q. Ammo baribir odam hayron qolarkan-da, nahot, san‘atkorning shaxsiy hayoti dunyodagi hamma narsadan muhim bo‘lsa!

Rayhonning ko‘zi yorigan kuni O‘zbekistonga Yaponiya bosh vaziri o‘rinbosari Taro Aso, uning ortidan Amerika davlat kotibi o‘rinbosari Uilyam Byorns tashrif buyurdi. Yaponlar “o‘zimizniki”, bir mehmon bo‘lgisi kelib, “hayyo-huyt” deb, ot solib kelavergandir. Lekin dunyoni o‘tirg‘izib-turg‘izayotgan amerikalik diplomat Byorns ne muddaoda Toshkentga qadam ranjida qildiykan? Bunga qiziqib ham o‘tirmadik. Siyosat bilan necha pullik ishimiz bor?! Zarilmi shuni bilish?!

Mayli, ajnabiy arboblarni qo‘yaturaylik, bu orada O‘zbekistonda davlat hokimiyatining ochiqligi haqidagi qonun kuchga kirdi. Qog‘ozda qolmay, hayotga ko‘chadigan bo‘lsa, o‘ta muhim qonun. Har birimizga taalluqli qonun. Ammo qonun mohiyatiyu maqsadiga qiziqish qayoqda?!

U emas-bu emas, yana qanchadan-qancha muhim gaplar Rayhon degan qo‘shiqchi qizimizning qo‘chqordek egizaklar tuqqani soyasida qolib ketdi. Dangalini aytganda, Rayhon mashhurlikda hatto amerikalik dongdor arbobni ham changida qoldirdi.

O‘rta asrlar Frantsiyasida qirolichaning ko‘zi yorishini butun elu yurt tomosha qilgan ekan. Kim bilsin, zoti oliylari son-canoqsiz jazman tutgani sababli, odamlar bo‘lajak qirolni chindan ham malika tug‘ayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgisi kelgandir-da. Bu ketishda san‘atkorlarimizning tug‘ishi ham Farangistondagi kabi tomoshaga aylanmasa bo‘lgani!

Negadir san‘atkorlarga oid xabarlarga chanqoqmiz. Qulog‘imiz ding, hatto mushugi bolalasa, iti bemavrid vovillasa ham bizga qiziq tuyulaveradi. Qo‘shiqchi ayol liftda ayb ish ustida qo‘lga tushsa bormi, ko‘ring tomoshani! Xobxonasida yashirin kamerada olingan video tarqasa-chi!..

Yozuvchi Anvar Obidjon aytmoqchi, teshigini ko‘rmasa, nayni tesha sopidan ajratolmaydigan, ammo da‘vosi dunyoni buzadigan yallachilarimiz ko‘p. Kunimiz badhazm qo‘shiqlar, chuchmal klip va jo‘qiyona she‘rlarga qolgani ham rost. Lekin baribir shularning hayotiga qiziqaveramiz. Dunyoni suv bosib ketmaydimi, o‘z taqdirimiz qolib, “yulduz”larning taqdiriga kuyinamiz? Nega shunday ekan?

Sinchkov mushtariy
XS
SM
MD
LG