Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:14

Turkiyalik ishbilarmon O‘zbekiston hukumatini xalqaro arbitrajga berdi


"KAYA GROUP" shirkatining Istanbuldagi qarorgohi.
"KAYA GROUP" shirkatining Istanbuldagi qarorgohi.
Toshkentda 2003-2012 yillar oralig‘ida faoliyat yurg‘izgan "TOSH KAYA TEKSTİL" shirkatining xo‘jayini, turkiyalik 46 yoshli tadbirkor Mustafo Qoya O‘zbekistonda musodara qilingan mol-mulkini qaytarib olish uchun Toshkent hukumatiga qarshi Frantsiyadagi Yevropa arbitraj mahkamasiga da‘vo arizasi kiritganini aytmoqda. Turkiyalik ishbilarmon Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston hukumatini o‘z korxonasini noqonuniy tortib olganlikda aybladi.

Turkiyadagi “KAYA GROUP” tekstil shirkati rahbari Mustafo Qoya 2012 yilda Toshkentdagi korxonasining yopilishidan ko‘rilgan zarar miqdori 200 million AQSh dollarni tashkil etishi va O‘zbekiston hukumatidan shu pulni undirib berishni so‘rab mart oyida Frantsiyadagi Yevropa arbitraj mahkamasiga murojaat etganini aytadi. Ozodlik bilan suhbatda tadbirkor O‘zbekiston hukumati uni daromadli biznesidan mahrum qilganini aytadi.

- O‘zbekistonda hukumat 200 million AQSh dollarilik fabrikamizni tortib oldi. Biz bir tiyin ham kredit olmasdan, o‘z sarmoyamizga bu fabrikani ochgan edik. Qisqa davr ichida fabrikamiz ko‘proq pul qozona boshladi, ko‘proq daromad ko‘ra boshladi. To‘qqiz yil o‘tib hukumat shu daromadli biznesimizni tortib oldi. Bizni esa mamlakatdan badarg‘a qildi. Hozir Frantsiyadagi arbitraj mahkamasi orqali shu mulkimizni qaytarib olish harakatidamiz,- deydi Mustafo Qoya.

2012 yilda O‘zbekistonda boshqa turk shirkatlari qatori "TOSH KAYA TEKSTİL" ham iqtisodiy va siyosiy jinoyatlar, jumladan, soliqdan bo‘yin tovlash va bojxonaga oid qonunchilikni buzganlikda ayblanib, yopilgan edi.

Shundan so‘ng Mustafo Qoya va u bilan ishlagan turkiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Qoya o‘z shirkatiga nisbatan O‘zbekiston hukumati qo‘ygan soliq to‘lashdan bosh tortganlik ayblovlari asossiz ekanini aytadi. O‘zekiston davlatiga shirkatimizdan yiliga milliardlab daromad tushib turgan, deya davom etadi tadbirkor.

- Men har yili O‘zbekistonda 10 milliard so‘mlik soliq to‘lab kelganman. Har yili, hammasi to‘lab kelingan. Lekin, hukumat bizni soliq to‘lamadi, degan bahona bilan daromadli biznesimizni tortib oldi,- deydi Turkiyadagi “KAYA GROUP” tekstil shirkati rahbari Mustafo Qoya.

"TOSH KAYA TEKSTİL" shirkati 2003 yilda to‘liq turk sarmoyasi asosida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi tekstil fabrikasi negizida ish boshlagan edi.

“KAYA GROUP” tekstil shirkati rahbari Mustafo Qoyaning aytishicha, mazkur korxona o‘z vaqtida ming odamni ish bilan ta‘minlab kelgan. Korxona yopilishi oqibatida shu ming odam ishsiz qolgan.

- O‘zbekiston ota-bobolarimiz yurti, vatanimiz deya 2003 yilda u yerga ketgandik. Dastlab 30 million dollarlik sarmoya kiritdik. 1934 yilda ruslar qurgan Toshkent markazidagi eski tekstil fabrikasini rekonstruktsiya qilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozladik. Yevropadan, Turkiyadan eng zamonaviy to‘qimachilik jihozlarini olib keldik. Shu fabrikada o‘zbek paxtasini qayta ishlab, tayyor kiyim-kechak, ip-gazlama ishlab chiqarar edik. Paxta kirib, tayyor kiyim bo‘lib chiqar edi. Ularni chetga ham eksport qilar edik. Mingdan ziyod ishchimiz bor edi. Hukumat bizning korxonani yopib, shu odamlarni ishsiz qoldirdi, bizni esa mamlakatdan badarg‘a etdi. Shuncha sarmoya kiritgan fabrikamizni tortib oldi,- deydi Mustafo Qoya.

Frantsiyadagi Yevropa arbitraj mahkamasi vakili Turkiyadagi "KAYA GROUP" shirkati da‘vosi o‘rganib chiqilayotganini tasdiqladi.

Lekin, mahkama vakili tafsilotlarga to‘xtalmadi.

"KAYA GROUP" rahbarining aytishicha, o‘tgan oy O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi xodimlari ham bu ish yuzasidan Frantsiyadagi arbitraj mahkamasiga chaqirtirilgan.

Turkiyadagi “KAYA GROUP” tekstil shirkati O‘zbekiston hukumatini xalqaro arbitrajga berish bilan tahdid qilayotgan yagona xorijiy shirkat emas.

O‘tgan yili Hindistonning yirik “Spentex” tekstil shirkati ham O‘zbekiston hukumatini To‘ytepadagi korxonasini noqonuniy tortib olganlikda ayblab, xalqaro arbitrajga murojaat etganini bildirgan.

Bundan avval, 2012 yilda Britaniyaning "Oxus Gold" shirkati ham Toshkent hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj da‘vosini boshlaganini aytgandi.

O‘zbekistonda "Turkuaz" supermarketlar tarmog‘ini ochgan Turkiyadagi "Gunes Textil" shirkati ham mamlakatga yirik sarmoyalarni kiritib¸ bor-yo‘g‘idan ayrilgan va 2012 yilda mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Hozir "Gunes Textil" ham O‘zbekistondagi mol-mulkini qaytarib olish uchun xalqaro maydonda sudlashmoqda.

Turkiyadagi “KAYA GROUP” tekstil shirkati rahbari Mustafo Qoya Toshkent hukumatining xorijlik sarmoyadorlarga va‘da qilayotgan kafolatlariga qaramasdan, O‘zbekiston sarmoya kiritish uchun xavfli mamlakat ekanini aytadi.

- 2003 yilda O‘zbekistonga kelganimda, o‘sha paytdagi O‘zbekiston yengil sanoat vaziri meni ishontirdi. Sarmoyadorlarga shunday imkonyatlarni beramiz, dedi. Biz ham bunga ishonib ish boshladik. Oqibati esa bu bo‘ldi,- deydi Qoya.

Hozirda Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markaz (ICSID) O‘zbekiston hukumati va rasmiylari ustidan topshirilgan kamida beshta arizani ko‘rib chiqmoqda.

Arizachilar ro‘yxatida MTS, "Spentex" shirkatlari qatori "Gunes Textil", "Federal Elektrik Yatırım ve Ticaret A.Ş" kabi turk shirkatlari bor.

1965 yilda ta‘sis topgan Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markazga 140 davlat¸ xususan¸ O‘zbekiston ham a‘zo.

2006 yilda Newmont USA Limited and Newmont (Uzbekistan) Limited shirkati O‘zbekiston hukumatini Vashington mahkamasiga tortgan va o‘zaro mojaro 2007 yilda O‘zbekiston hukumati Newmont bilan murosaga erishib¸ shirkatga 80 million dollar to‘lashi bilan yakun topgan edi.

XS
SM
MD
LG