Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:00

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtiga kirish testlari qiyinlashdi


Abituriyentlar test natijalarini ko‘rishmoqda
Abituriyentlar test natijalarini ko‘rishmoqda
O‘zbekiston prezidenti tarafidan 30 aprelь kuni imzolangan qarorga ko‘ra¸ oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha test sinovlari qiyinlashdi. "Respublika oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish tartibini yanada mukammallashtirish" haqidagi bu qarorga ko‘ra¸ ma‘rifiy yo‘nalishda oliy o‘quv yurtlariga kirmoqchi bo‘lganlar uchun chet tili bo‘yicha test savollarining soni 59 ta qilib belgilandi. Ilgari bu yo‘nalishdagi chet tili bo‘yicha test sinovlarining soni 35 ta edi.

Ozodlikning Respublika Test markazidagi manbasiga ko‘ra¸ bu yilgi test sinovida ingliz tili va matematika bo‘yicha savollar ko‘paytirilgan:

- 1 may kuni oliy o‘quv yurtlariga talaba qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi yig‘ilish o‘tkazib 2014/2015 o‘quv yilidagi test sinovlarida ingliz tili va matematika bo‘yicha talabni kuchaytirishga qaror qildi. Bu tadbir prezident qarori talablarini bajarish uchun amalga oshirildi. Ingliz tili va matematika bo‘yicha savollar 168 ta‘lim yo‘nalishidan 108 tasiga joriy qilinadigan bo‘ldi. Ilgari ingliz tili va matematika faqat ayni soxaga oid yo‘nalishlarida bor edi. Hozir deyarli ikki barobar ko‘paydi¸- deb ta‘kidladi Respublika test markazidagi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ matematika va chet tili bo‘yicha test savollariga bu yil “soliq va soliqqa tortish” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar javob berishi lozim bo‘ladi.


Repetitorlar xursand

Talabalarni oliy o‘quv yurtiga tayyorlaydigan xorazmlik repetitor Sa‘dulla Ro‘zmetov o‘z tasarrufidagi ma‘lumotlarga tayanib, Ozodlik radiosiga ba‘zi tafsilotlarni gapirib berdi:

- Men abituriyentlarni matematika sinovlariga tayyorlayman. Menga ma‘lum bo‘lishicha, bu yil matematika fani bo‘yicha test savollari ko‘paygan. Matematika fakulьtetiga kirmoqchi bo‘lganlar¸ arifmetika va algebra bo‘yicha 30ta savolga javob berishlari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, buning yoniga informatsion texnologiya va kompьyuter dasturlari bo‘yicha ham 6 savol qo‘shildi. Algebra va geometriyaga oid savollar ham ko‘paygan¸- deydi matematika muallimi Sa‘dulla aka.

Suhbatdosh oliy o‘quv yurtiga kirishda matematiga va algebraga oid savollarning ko‘paygani va qiyinlashganini ma‘qullaydi:

- Bu to‘g‘ri bo‘ldi. Texnologiyaning asosi raqamlardan iborat. Raqamlar esa matematika degani. Informatika bo‘yicha savollar qo‘shilgani ham to‘g‘ri. Chunki oddiy matematikani amaliy matematikaga aylanishi uchun zarur bo‘lgan informatik texnologiyalar haqida abituriyent hech bo‘lmaganda umumiy tasavvurga ega bo‘lishi lozim¸- deydi xorazmlik repititor.


Ingliz tili bo‘yicha savollar ko‘paydi

Ozodlikning Respublika Test markazidagi manbasiga ko‘ra¸ bu yildan boshlab bo‘lg‘usi talabalarning ingliz tilini bilishiga e‘tibor qaratiladi:

- 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroridan kelib chiqib, ingliz tili bo‘yicha test savollari ko‘paydi. Bundan maqsad, talabalarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi va ularning kelajakda chet ellardagi ilm markazlarida tajriba almasha olishini ta‘minlashdir. Ertangi talaba chet tillarni puxta bilgan mutaxassis bo‘lib yetishsa xalqaro hamkorlik va muloqot ham rivojlanadi¸- deya bildirdi Ozodlik manbasi.

Suhbatdoshga ko‘ra, ingliz tili bo‘yicha test sinovlari “Elektronika va asbobsozlik”¸ “Iqtisod” va “Fizika va astronomiyani o‘qitish metodikasi” kabi yo‘nalishlarda ko‘paygan.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 maydagi qaroriga asosan "2013-2016 yillarda oliy ta‘lim muassasalarining chet tillari kabinetlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya, o‘qitishning texnik vositalari va anjomlari bilan jihozlanishi zarur.


Bo‘lg‘usi zotexnik universitet ostonasidayoq biologiyani bilsin

Ozodlikka bildirilishicha¸ sohaviy yo‘nalishlarda ayni soha uchun zarur bo‘lgan test savollari kiritilgan.

Ozodlikning Respublika Test markazidagi manbasiga ko‘ra¸ 22ta yo‘nalishda o‘qishga kirmoqchi bo‘lganlar o‘sha soha uchun maxsus bo‘lgan savollarga javob berishi kerak.

- Masalan, “Geofizika”¸ “Tog‘-kon ishlari”¸ “Neft va gaz” va “Elektrotexnika” sohalarini tanlaganlar aynan shu sohaga oid maxsus savollarga javob berishlari kerak. “Zootexnik” bo‘lishni istaganlar ilgari biologiyadan 18 savolga javob bergan bo‘lsa bu yil ular biologiya bo‘yicha 21 savolga javob berishadi. Bundan tashqari musiqa¸ teatr¸ rassomlik¸ me‘morchilik sohasiga kiradiganlar test sinovlaridan tashqari ijodiy imtihondan ham o‘tishlari lozim bo‘ladi. Maqsad soha mutaxassisi bo‘lishni istaganlar abituriyentligi paytidayoq bu soha haqida birlamchi ma‘lumotlarga ega ekanligiga ishonch xosil qilish¸- deydi suhbatdosh.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ bu savollarni tayyorlash ishiga 200 nafar mutahassis jalb qilingan.

Ularning aksariyati soha mutahasislari va oliy o‘quv yurti o‘qituvchilari ekani bildirildi.

Oliy o‘quv yurtlarida har yili o‘tkaziladigan test sinovlari Davlat test markazidan oliy o‘quv yurtlariga yetkazib berilgan byulletenlar, ya‘ni savol-javoblar majmuasi asosida o‘tadi.

Bu savol-javoblar davlat siri darajasida qo‘riqlanadi¸ uni hozirlaydiganlarning bevosita O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari nazoratida ishlashi aytiladi va belgilangan tartibga ko‘ra¸ testda tushadigan savollar ro‘yxati va ular "kaliti" respublika bo‘ylab sinovlar boshlanishidan sanoqli soat avval ochilishi kerak.

Biroq Ozodlik suhbatlashgan manbalardan ma‘lum bo‘lishicha, yillardan beri bu savol-javoblar majmuasi, hali ular joylangan qalin papkalardagi muhrlar buzilmasdan turib, uning abiturentlar va o‘qituvchilar tili bilan aytganda “X” varianti allaqachon joylardagi tegishli odamlar qo‘liga yetib borgan bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG