Линклар

logo-print
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi savob ish boshladi: endilikda bu muassasaning maxsus komissiyasi har bir yangi qo‘shiqni nazoratdan o‘tkazib, uni maxsus guvohnoma bilan ta‘minlaydi. Tashkilot vakili Odiljon Abduqahhorovning mahalliy jarnalistlarga aytishicha, maqsad "ma‘nisiz qo‘shiqlar yaralishining oldini olishga erishishdir".

“O‘zbeknavo”ning tashabbusini olqishlagan bir tinglovchimiz Ozodlik bilan bog‘lanib, bir oydan keyin ish boshlaydigan komissiyaga o‘z takliflarini yetkazib qo‘yishni so‘radiki, uning aytganlarini yozib oldik.

- Millatning, Rauf Parfi iborasi bilan aytganda, “g‘oyaviy jihati”ni ixotalashni o‘zining korporativ zimmasiga olgani uchun “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi rahbariyatidan enasini to‘yib emgan buzoqday minnatdorman, deb gap boshladi tinglovchi.

Ayni paytda, o‘zini Taqiq Tarapdoriyip, deb tanishtirgan tinglovchimiz fikricha, Birlashma boshlagan ish biroz chaladir. Ya‘nikim, guvohnomalar faqat endi yoziladigan qo‘shiqlarga joriy etilmoqda.

- Xo‘sh, shu paytgacha yozilgan ashulalar hujjatsiz qolaveradimi, deb masalani qobirg‘asidan qo‘ydi u, - retroni qo‘msovchilarning ko‘ngil ko‘chasiga kirib g‘oyaviy jihati zaif, partiya va hukumatning bosh liniyasiga yot, mafkurasi buzuq xirgoyilar radio va Internetga chiqib ketaversa, har-xil balo-qazolardan asrab-avaylab o‘stirayotganimiz yangi avlodni buzib olmaymizmi?

Taqiq Tarapdoriyip fikrining isboti uchun bir necha qo‘shiqni misol keltirar ekan, har bir misol ketidan Birlashma maxsus komissiyasi qarori loyihasini ham taqdim etdi.


Qo‘shiq raqam 1:

Poyizingni jildirgan,
O‘txonasi bilan do‘ngalagi
Dvinskaga ketdi Andijonni
Mard yigitining bir bo‘lagi.


Komissiya xulosasi loyihasi (KXL): Bu qo‘shiq, birinchidan, Ukraina mojarosi fonida Toshkent-Moskva munosabatlariga aks ta‘sir ko‘rsatishi, ikkinchidan, bir necha million o‘zbek mardikorining Rossiyada ishlab yurganiga ishora bo‘lib eshitilishi mumkin.

Qaror: Guvohnoma berilmasin.


Qo‘shiq raqam 2:

“Pobeda”ning eshigi ochilsa yopilmaydi,
Fabrikaning qizlari chervonga sotilmaydi


KXL: Qo‘shiqni undagi Sovet davrini eslatuvchi “Pobeda”ni Asakadan chiqayotgan “Neksiya”ga almashtirib saqlab qolsa ham bo‘lar edi. Lekin “fabrika qizlarining chervonga sotilmasligini” eslatish ularning Rus rubliga, Turk lirasiga, Ozarbayjon manatiga, Tailand batiga, Gruzin larisiga, BAA dirhamiga, Tojik somoniysiga va boshqa qator valyutalarga sotilayotganiga ishora bo‘lishi mumkin.

Qaror: guvohnoma berilmasin.


Qo‘shiq raqam 3:

Kularman bir unga, bir bunga qarab,
Qo‘ynimda bir yoru ko‘nglimda bir yor.


KXL: Bu qo‘shiq muallifi keltirilgan satrlarni “Kularman bir senga, bir senga qarab, Qo‘ynimdagi sensan, ko‘nglimda ham sen”, deb o‘zgartirishga rozi bo‘lsa, marhamat, aytaversin ashulasini. Asl variant esa, tinglovchi shuurida o‘ynash tutishni mashru‘lashtirib qo‘yadi. Demak, matn o‘zgartirilmasa,

qaror: guvohnoma berilmasin.


Qo‘shiq raqam 4:

Jononga bordim bir kecha,
Bir bir bosib astogina.
Janon yotur noz uyquda,
Chertdim eshik astogina.


KXL: Bu qo‘shiqni sharhlashgayam odam iymanadi. Bunga qiyoslansa, qo‘shiq raqam 3 moralьniy toza ko‘rinadi.

Qaror: guvohnoma berilmasin.


Qo‘shiq raqam 5:

La‘lixon hayda qo‘yingni boqaman,
Lablaringda pista-bodom chaqaman.


KXL (Komissiya xulosasi loyihasi): Bu qo‘shiq qahramonlari hayotining aniqlik kiritilishi zarur bo‘lgan jihatlari mavjud. Birinchidan, lirik qahramonning qo‘y boqishga litsenziyasi bormi, soliqdan qarzi yo‘qmi, kommunal xizmatlar haqini to‘liq to‘laganmi? Ikkinchidan, La‘lixonning boshi ochiqmi-yo‘qmi, balki u birovning halol xotinidir? Bu savollarga aniqlik kiritishini so‘rash kerak muallifdan. Aks holda

qaror: guvohnoma berilmasin.

Taqiq Tarapdoriyip muxbiringiz bilan suhbat davomida “Do‘lana”, “Sumalakdan tosh topdim” va boshqa o‘nlab qo‘shiqlar yuzasidan ham fikrlarini “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining yangi qo‘shiqlarni nazoratdan o‘tkazib, ularni maxsus guvohnoma bilan ta‘minlaydigan maxsus komissiyasiga yetkazib qo‘yishni so‘radiki, biz ularni Birlashmaga pochta orqali zakaznoy xat bilan jo‘natishga so‘z berdik.

Shuncha ketganning biri, mayli, zakaznoy xat puliyam bizdan. Axir gap millatning, Rauf Parfi iborasi bilan aytganda, “g‘oyaviy jihati”ni ixotalash ustida ketayapti!

Taqiq Tarapdoriyip suhbat adog‘ida maxsus komissiya mumtoz ashulalarniyam nazardan qochirmasligi lozimligini ta‘kidlab o‘tdi. Uning fikricha, ishni Shashmaqomning g‘oyaviy-mafkuraviy mazmunini taftish qilishdan boshlash kerak.

Shu fikr aytilganidan so‘ng suhbat uzildiyu birozdan so‘ng telefonimizdan yana “Vohay bola” yangray boshladi. (Uzr, “Vohay bola” – telefonimizning ringtoni, uni o‘chirib, o‘rniga ma‘naviy baquvvat rington yozishga so‘z beramiz)

- Labbay, dedik.

- Yana men, Taqiq Tarapdoriyippan, dedi Taqiq Tarapdoriyip, gap munday, o‘ylab qarasam, o‘zbekning bironta ham o‘yansiz qo‘shig‘i yo‘q ekan. Shuning uchun birato‘la hammasini taqiqlab qo‘yaverish kerak.

- Tarapdoriyip brat, axir odam qo‘shiqsiz yashay olmaydiku?!

- Bilaman, shuning uchun harbiy marshlarni qoldirsa bo‘ladi. Bu sohada jahon tajribasi ham bor. Masalan, faqat o‘z kuchiga tayanadigan, ya‘ni Cho‘chxe ta‘limoti bilan yashaydigan Shimoliy Koreyada karislarga ertalabdan kechgacha, kechdan ertalabgacha faqat harbiy marshlar eshittiriladi. O‘zbekiston esa, o‘zingiz bilasiz, hech kimdan kam emas, o‘ziga xos va o‘ziga mos mamlakat, ya‘ni karislarnikidan kam emas ta‘limotimiz. Tushundingizmi? Xullas, shu gapni “O‘zbeknavo”ga yetkazing, deb tayinladi Taqiq Tarapdoriyip.

- Xo‘p, dedik, zakaznoy xatga ilova qilamiz.


Taqiq Tarapdoriyipning aytmishlarini nashrga
Sarvar Usmon tayyorladi.
XS
SM
MD
LG