Линклар

logo-print

Konchita Vurst taxallusi bilan tanilgan avstriyalik Tomas Noyvirt “Yevrovideniye-2014” qo‘shiq tanlovining final bosqichida g‘alaba qozondi. “Feniks yanglig‘ hayotga qaytaman” (Rise Like a Phoenix) qo‘shig‘ini ijro etgan xonanda ovoz berish natijalariga ko‘ra 290 ball jamg‘arib, raqiblarini ancha ortda qoldirib ketdi.


Transvestit Konchita Vurstning zafari Yevropadagi tolerantlilikning ramzi o‘laroq baholanmoqda.

“Yevrovideniye-2014” tanlovida ikkinchi o‘rin Hollandiyadan bo‘lgan The Common Linnets guruhiga (238 ball) nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa shvetsiyalik Sanna Nilsen (218 ball) egalladi.
Ukrainalik qo‘shiqchi Mariya Yaremchuk.

Ukrainalik qo‘shiqchi Mariya Yaremchuk.

Hozir har jabhada bir-birovini dog‘da qoldirishga urinayotgan Ukraina va Rossiya vakillarining “Yevrovideniye”dagi bahsida ukrainalik qo‘shiqchi Mariya Yaremchukning qo‘li baland keldi. 113 ball jamg‘argan va oltinchi o‘rinni egallagan Yaremchuk 89 ball yiqqan va yettinchi o‘rinni egallagan opa-singil Mariya va Anastasiya Tolmachevalarni ortda qoldirdi.

Rossiya vakillalari opa-singil Tolmachevalar.

Rossiya vakillalari opa-singil Tolmachevalar.

Ovoz berish chog‘ida rossiyalik tomoshabinlar eng ko‘p Armaniston vakiliga ovoz berishdi. Rossiyalik tomoshabinlar mehrini qozongan qo‘shiqchilar ichida ikkinchi o‘rinni belorussiyalik, uchinchi o‘rinni avstriyalik, to‘rtinchi o‘rinni ukrainalik qo‘shiqchi egallagan. Eng ko‘p ovozni Polsha vakiliga bergan ukrainaliklar esa ikkinchi o‘rinda armanistonlik, uchinchi o‘rinda esa rossiyalik xonandalarni qo‘llab, ovoz berdi.

10 may kuni o‘tkazilgan “Yevrovideniye” finalida Ukraina, Belorussiya, Ozarbayjon, Islandiya, Norvegiya, Ruminiya, Armaniston, Chernogoriya, Polsha, Gretsiya, Avstriya, Germaniya, Shvetsiya, Frantsiya, Rossiya, Italiya, Sloveniya, Finlyandiya, Ispaniya, Shveytsariya, Vengriya, Malta, Daniya, Hollandiya, San-Marino va Buyuk Britaniya vakillari o‘zaro kuch sinashdi.

“Yevrovideniye” qo‘shiq tanlovi 1956 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadi. So‘nggi bahsda vakili g‘olib bo‘lgan mamlakat tanlovga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritadi. O‘tgan yili Daniya vakili g‘olib bo‘lgani sababli bu yil “Yevrovideniye” Kopengagenda o‘tkazildi.

Daniyaga mezbonlik huquqini o‘tgan yili Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tgan “Yevrovideniye” qo‘shiq tanlovida g‘olib chiqqan Emmili de Forest olib bergandi.
XS
SM
MD
LG