Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:35

Oqsaroy dastidan uyi buzilgan shahrisabzliklar norozi bo‘lmoqda


Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.
Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri markazidagi Oqsaroy me‘moriy obidasining ta‘miri bois uyi buzilgan aholi tovon pulidan norozi bo‘lmoqda. Ozodlikka murojaat qilgan oilalardan birining aytishicha, 4 sotixli hovlida uch oila istiqomat qilgan va berilgan tovon puliga bu oilalardan, hatto birining boshpanasi bitishi dargumon. Shahar hokimiyati rasmiylari buyruqning yuqoridan kelganini aytib, bunday muammoni hal qilolmasligini ochiq tan olmoqdalar.


Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri markazida mart oyi boshidan buyon aholi uylari va Oqsaroy me‘moriy obidasi yaqinida joylashgan davlat hisobidagi binolar buzilmoqda.
Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.
Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.


Ushbu hududda yashaydigan shahrisabzlik oila Ozodlikka murojaat qildi va buzilgan uyi evaziga mahalliy hokimiyat taklif qilgan tovon pulidan qoniqmaganini bildirdi. (Oila so‘rovi bilan shaxsiga oid ma‘lumotlar sir saqlanmoqda - Tahr.)

"Men Shakhrisabz shaxridanman. Bilas bizani shaxarda rekonstrukstiya ishlari ketyabdi shunga meni yashaydigan uy xam buzildi shaxrisabz xokimi bizni bitta er uchastkasi bilan taminladi.lekin bu uyda uch oila bulib yashar edik. Shakhrisabz xokimi bizga 5 sotix er berib, yana 2 ta er uchastkasini komissiayadan utkazib, 3 oydan sung komissiaya rozi bulsa beraman deb bizlarni tinchlantiryabdi. Men sizga murojat qilishimdan maqsad bu komissiya qaerdan chiqdi yoki xokim konistitutsiani uziga uzi uzgartirib oldimi shuni surishtirib berishingiz iltimos qilmoqchi edim" deb yozdi Ozodlik mushtariysi.

Ozodlik murojaat ortidan Shahrisabz shahar hokimligi va markazda borayotgan buzilish-qurilish ishlariga mas‘ul mutasaddilar bilan gaplashdi.

Shahar markazida joylashgan Oqsaroy me‘moriy yodgorligini qayta ta‘mirlash doirasida yodgorlik yonida katta xiyobon bunyod qilish rejalangan va rejadagi maydonda joylashgan binolarning hammasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori asosida buzilmoqda.
Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.
Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.
Shahrisabz shahar hokimligining muxbir bilan mikrofonsiz gaplashgan va ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi rejadagi maydonda joylashgan aholi uylariga tovon puli qonuniy asosda to‘lanayotganini aytdi. Ozodlikka kelib tushgan konkret shikoyat yuzasidan to‘xtalgan hokimlik rasmiysi bu masalada yordam berolmasligini ochiq tan oldi.

"Uyi buzilayotganlarga 5 sotixdan yer uchastkasi berayapmiz, bu aniq. Baholash komissiyasi buzilayotgan uyni hisob-kitobini qilib, tovon pulini chiqarib bersa, biz pulini o‘tkazib beramiz, shu. Lekin, bitta hovlida uchta uyi bo‘lgan bo‘lsa, ularga uchta uyning pulini berish masalasini biz hal qilolmaymiz, ochig‘i", deya masalani shart kesdi Shahrisabz shahar hokimligining ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi.

Uning aytishicha, uyi buzilayotganlar berilayotgan tovon pulidan norozi bo‘lsa, shahar hokimligining maxsus shtabiga murojaat qilishlari mumkin.

Qishloq qurilish banki va Ipoteka banklarining Shahrisabz shahar bo‘limlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, uyi buzilayotgan aholiga navbatsiz kredit berish bo‘yicha hokimlikdan ko‘rsatma bor.

"Agar bizga kelsa, ipoteka kreditini beramiz. Masalan, o‘sha hokimlik bergan tovon puli bilan qurmoqchi yoki sotib olmoqchi bo‘lgan uyining 25 foizini shakllantirsa bo‘ladi. Qolganini 15 yillik kredit qilib to‘lashi mumkin", dedi Ipoteka bankining aynan uylari buzilayotgan aholi bilan ishlayotgan va ismini oshkor qilmayotganimiz rasmiysi.

Shu tariqa, shahar markazida uyi buzilayotgan aholiga uch yo‘l taklif qilinayotgani ma‘lum bo‘ldi:

1. Uyi buzilayotganlar shahar hokimligi qoshida buzilgan uylarning qiymatini baholovchi maxsus komissiya belgilab bergan miqdordagi tovon pulini olib, shahar chekkasidan 5 sotix hovliga o‘zi uy qurib olishi mumkin.

2. Shahar markazida qurilayotgan yangi 3 qavatlik ikkita turar-joy binosidan tovon puli miqdoriga teng narxdagi kvartirani olishi mumkin.

3. Ipoteka banki yordamida o‘rtacha 96 millon so‘m turadigan namunaviy uylardan birini 7 foizlik kredit asosida 15 yilga sotib olishi mumkin.


Ozodlikka murojaat qilgan shahrisabzlik oilaning arz qilishicha, hokimiyat berayotgan tovon puli hisobiga bu takliflardan birortasini qabul qilish imkonsiz.

Ammo, shahar makrazida joylashgan Oqsaroy me‘moriy obidasining qayta ta‘mirini 1 sentyabrga qadar tugatish majburiyati bor va shahar hokimligi buning uchun barcha imkoniyat ishga solinayotganini ta‘kidlamoqda.

"Biz hech narsa qilolmaymiz. Rejaga tushgan ob‘ektlarning hammasi buziladi, norozilar Vazirlar Mahkamasiga borsin!", dedi shahar hokimligining ismini okshor qilmayotganimiz rasmiysi.
Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.
Shahrisabzlik mushtariy Ozodlikka yo‘llagan surat.

1380—1404 yillar Amir Temur qurdirgan Oqsaroy me‘moriy obidasi Shahrisabz shahrining shimoli-sharqiy qismidagi bosh maydonda joylashgan.

Oqsaroy Amir Temurning ona shahridagi qarorgohi bo‘lgan. 1380 yili boshlangan saroy qurilishi 24 yil davom etgan va Amir Temur vafotidan sal avvalroq bitkazilgan.

YuNESKO me‘moriy obidalari ro‘yxatiga kiritilgan bu ob‘ekt O‘zbekistondagi boshqa nodir tarixiy obidalardan qurilish uslubi, me‘morchiligi va bezaklari bilan ajralib turadi. Bu obidaning yana bir o‘ziga xos jihati uning tomi tepasida qurilgan hovuzdir.

Ayni paytda me‘moriy obidaning o‘zi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi moliyaviy va texnikaviy yordami asosida 2012 yilning aprelidan buyon ta‘mirlanmoqda. Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot kotibi Sharl Donьening aytishicha, Oqsaroydagi ta‘mir ishlari ham shu yil kuzida tugatilishi kerak.
XS
SM
MD
LG