Линклар

Xalqaro Amnistiya tashkiloti BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi qabul qilinganidan buyon oradan o‘ttiz yil o‘tganiga qaramay, qiynoq dunyoning ko‘p joylarida keng tarqalgan ko‘rinishligicha qolayotgani haqida bayonot berdi. Mazkur bayonotda O‘zbekistondagi qiynoqlarga oid vaziyat haqida ham to‘xtalingan.


Xalqaro Amnistiyaning (Amnesty International) 13 may kuni yoyinlangan bayonotida tashkilot “Qiynoqlarga chek qo‘yaylik” degan nom bilan qiynoq va ayovsiz munosabatning boshqa turlariga qarshi kurash bo‘yicha global kampaniya boshlashi haqida ta‘kidlanadi.

Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, dunyodagi ko‘plab hukumatlar qiynoqlarni qonunlar bilan taqiqlash barobarida ularni amalda qo‘llashdan tiyilmay, ikkiyuzlamachilik siyosati yuritmoqda.

O‘z kampaniyasi doirasida Xalqaro Amnistiya O‘zbekistondagi qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyatga ham alohida e‘tibor qaratadi. AI vakillari e‘tiroficha, bu mamlakatda qiynoqlar avvalda bo‘lgani kabi keng tarqalgan, biroq qiynoq qo‘llovchilar javobgarlikka tortilmayapti.

Xalqaro maydonda faol bo‘lgan huquq himoyachilari O‘zbekistonda sudlar ko‘pincha qiynoqlar ostida olingan iqrornomalarga asosan hukm chiqarishini, qiynoqdan shikoyat qilish jiddiy bosimlarga, shu jumladan, ta‘qib, qo‘rqitish va yanada ayovsizroq qiynoqlarga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etadilar.

Xalqaro Amnistiya vakillari o‘zbek huquq-tartibot idoralari keng ko‘lamda foydalanadigan qiynoq usullari orasida kaltaklash, bo‘g‘ish va zo‘rlash kabilarni keltiradilar.

Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Jon Dalxayzen hozirgi paytda Markaziy Osiyo mintaqasida qiynoqlar bo‘yicha vaziyat durustroq bo‘lgan birorta ham mamlakat yo‘qligini aytadi.

Dalxayzen Markaziy Osiyo mamlakatlarini “qiynoq qo‘llaganlik uchun jazosizlik mashru‘lashgan, qiynoqlar bo‘yicha tadqiqotlar juda kam o‘tkazilgan, bori ham mustaqil va asosli bo‘lmagan hamda siyosiy isteblishmenti qiynoq muammosini bartaraf etish uchun o‘z eli dardiga quloq tutmaydigan davlatlar” o‘laroq ta‘riflaydi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasini 1984 yildan buyon jahondagi 155 mamlakat ratifikatsiya qilgan. Shulardan 142 tasida Amnesty International tashkiloti o‘z tadqiqotlarini olib boradi.

O‘zbekiston Xalqaro Amnistiyaning faoliyati cheklab qo‘yilgan kam sonli mamlakatlardan biridir.

Amnesty International tashkiloti qiynoqlarga qarshi global kampaniya boshlashi haqida e‘lon qilishi Andijon qatliomiga 9 yil to‘lgan kunga to‘g‘ri keldi.

2005 yil 13 may kuni Andijonning Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 187 kishi halok bo‘lgan. Mustaqil manbalar esa fojea qurbonlari soni bundan bir necha o‘n barobar ko‘p bo‘lganini ta‘kidlaydilar.

Mazkur voqealardan keyin turli og‘ir jinoyatlarda ayblangan yuzlab andijonliklar qamalgan. Bu mahkumlardan ayrimlari qamoqda qiynoqdan jon bergani ham ma‘lum.
XS
SM
MD
LG