Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:48

Ukraina sharqidagi referendum, deb atalgan tadbir bo‘hronni yanada keskinlashtirdi


Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilar uyushtirgan referendum mamlakatdagi bo‘hronni yanada chuqurlashtirib, tomonlar o‘rtasidagi bo‘linishni keskinlashtirdi. Rossiya buni "xalq irodasi", deya atamoqda. Ukraina hukumati va G‘arb davlatlari esa "qonun kuchiga ega bo‘lmagan" "munofiqlik" deya, tadbir natijalari tan olinmasligini aytmoqda.

Moskva Ukraina hukumati mamlakat sharqidagi ayirmachilar bilan refrendum natijalari bo‘yicha muzokara qilishi kerak demoqda.

Kreml 12 may kuni e‘lon qilgan bayonotda Donetsk va Lugansk viloyatlarida o‘tkazilgan referendumda bildirilgan “xalq irodasini” hurmat qilishi ta‘kidlanadi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina bo‘hronini hal qilish bo‘yicha muzokaralarga ayirmachilarni qo‘shmasdan “hech narsaga erishib bo‘lmaydi”, deya bayon qildi.

- Biz Donetsk va Lugansk viloyatlarida xalq bildirgan irodani hurmat qilamiz. Ovoz berish natijalarining madaniyatli tarzda, zo‘ravonliklarni takrorlamagan holda, Kiyev, Donetsk va Lugansk viloyatlari vakillari o‘rtasidagi muzokaralar orqali amalga tadbiq qilinishiga umid qilamiz,- dedi Lavrov.

Sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast ayirmachilar yetakchilari referedumda ovoz berganlarning aksar ko‘pchiligi mustaqillik uchun ovoz berganini iddao qildi.

O‘zini Donetsk Xalq Respublikasi deb e‘lon qilgan mintaqa yetakchisi Denis Pushilin 12 may kuni Rossiya-24 telekanaliga telefon orqali bergan interv yusida referendum, deb atalayotgan tadbirda mintaqa mustaqillikni qo‘lga kiritganini iddao qildi.

- Ovoz berish natijalariga ko‘ra, biz suverenitetga erishdik. Bundan e‘tiboran o‘z manfaatlarimiz hamda siyosiy va iqtisodiy foydamizga qarab ish tutamiz,- dedi ayirmachilar yetakchisi.

Donetskdagi rossiyaparast isyonchilar iddaosiga ko‘ra, Donetskdagi saylovchilarning 89,7 foizi “ha”, deya ovoz bergan, davomat esa 75 foizni tashkil qilgan. Dastlabki natijalar saylov tugashidan ikki soat o‘tar-o‘tmas e‘lon qilindi.

11 may kuni Lugansk viloyatida ham referendum, deb atalayotgan tadbir tashkil qilindi va ayirmachilar saylovchilarning 96 foizi mintaqaning mustaqilligi uchun “ha”, deb ovoz berganini iddao qilmoqda. O‘zini Lugansk saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari deb e‘lon qilgan Oleksandr Malixinga ko‘ra, saylovchilar davomati 81 foizni tashkil qilgan.

Birorta xalqaro tashkilot kuzatmagan referendumni Ukraina hukumati va ko‘plab G‘arb davlatlari noqonuniy deya atab, natijalarini tan olmasliklarini bildirdi.

Ovoz berish jarayonini yoritgan agentliklar ko‘plab qonunbuzarliklar, jumladan odamlar bir necha bor ovoz bergani, yosh bolalarning saylov byulletenlarni qutiga tashlaganiga doir xabarlarni berdi.

Shunga qaramasdan, Moskva ovoz berish natijalari “madaniyatli tarzda amalga tadbiq qilinishi” lozim, demoqda.

G‘arb siyosatchilari 11 may kuni rossiyaparast ayirmachilar uyushtirgan tadbirni tanqid ostiga oldi.

Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Karl Bildt o‘z Twitter sahifasida “Ukraina sharqida o‘tkazilgan soxta referendumning natijalari ham soxta bo‘lishi aniq. Bunda qancha odam qatnashgani ham katta shubha ostida”, deya munosabat bildirdi.

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland referendum natijalarini “qonun kuchiga emas”, deya e‘lon qildi.

AQSh Davlat departamenti referendumni Ukrainada “bo‘linish va tartibsizliklarni yanada avj oldirishga qaratilgan harakat”, deya baholadi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi referedumni Moskva tomonidan uyushtirilgan “jinoiy munofiqlik”, deya atadi. Vazirlik bayonotida ovoz berish “Kreml tomonidan uyushtirildi, tashkil qilindi va moliyalandi”, deya ta‘kidlanadi.

Tanqidlarga qaramasdan Donetsk ayirmachilari yetakchisi Denis Pushilin keyingi qadam Donetsk viloyatida hukumat va harbiy tuzilmalarni yaratish bo‘ladi, deya e‘lon qildi.

O‘zini Donetsk viloyatining “xalq gubernatori” deb e‘lon qilgan Pavel Gubarev Rossiya telekanaliga bergan interv yusida referendumlar Ukraina sharqida “Novorossiya” nomli yangi mamlakatni yaratish yo‘lidagi birinchi qadam, deya iddao qildi.

Lugansk viloyatidagi rossiyaparast yirmachilar viloyat hududida 25 may kuniga belgilangan Ukraina prezidenti saylovining o‘tkazilishga yo‘l qo‘ymasliklarini aytmoqda.

O‘zini Janubi-sharq armiyasi matbuot vakili deb e‘lon qilgan Vasil Mikitin Lugansk shahrida 12 may kuni qilgan chiqishida, mintaqa “Lugansk Xalq Respublikasi”, deb e‘lon qilingani bois 25 may kungi Ukraina prezident saylovi mintaqada o‘tkazilmaydi, deya ta‘kidladi.

Ukraina sharqida Kiyev rasmiylari tomonidan e‘lon qilingan aksilterror amaliyoti davom etayotgani fonida 12 may kuni ham taranglik saqlanib qoldi.

Ayni paytda, bugun Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Ukraina bo‘hronini muhokama qilgani Bryusselda uchrashmoqda. Yevropa Kengashi a‘zolari Rossiya shirkatlariga qarshi sanktsiyalarni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqadi.

Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri Ukraina bo‘hroniga hissa qo‘shayotgan shirkatlarning aktivlarini muzlatishni osonlashtiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqishdir.

Ayni paytda Yevropa Kengashi raisi Herman Van Rompey bugun Ukrainaga safar qilib, 25 mayga belgilangan prezident saylovi oldidan mamlakatda barqarorlik o‘rnatish masalasini Kiyev rasmiylari bilan muhokama qiladi.
XS
SM
MD
LG