Линклар

Andijon voqealariga to‘qqiz yil to‘lishi arafasida viloyatda “Biz – buyuk yurt farzandlari” festivali boshlandi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati 12-13 may kunlari tashkil qilgan tadbirda andijonlik va toshkentlik san‘atkorlar ijrosida kontsertlar berildi. 14 may kuni bayramning yakuniy qismi Andijon shahrida bo‘ladi. 13 may voqeasini andijonliklar unutgani yo‘q, biroq bu tarixni yodga olish, u haqda gapirish Andijonda man qilingan.

Andijon voqealarining to‘qqiz yilligi ham Andijonda rasman xotirlanmadi.

Aksincha, qonli voqealarning 9 yilligi oldidan O‘zbekistondagi "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining Andijon viloyati bo‘limi tomonidan tumanlarda "Biz - buyuk yurt farzandlari" festivali uyushtirildi. Festival doirasida 12-13 may kunlari tumanlarda kontsert dasturlari bo‘lib o‘tdi.

Festivalning yakuniy katta kontsert dasturi 14 may kuni Andijon shahrida bo‘lib o‘tadi.

Shu tariqa, bayramona tadbirlar bag‘riga cho‘mgan Andijonga bog‘langan Ozodlik muxbiri ulardan: "13 may kungi qonli voqealarni xotirlaysizmi?" deb so‘radi.

- Haaaa, 13 maymi? Endi odamlarning yodida boru, hech qayerda aytilmagandan keyin esdan ham chiqib ketar ekan. Shunga ham to‘qqiz yil bo‘libdimi, a? Buni qarang-a, vaqtni o‘tishini, - deydi andijonlik 53 yoshli Muhammadjon aka.

Marhamatlik Mirkomil akaning aytishicha, har yili 13 may kuni odamlarni chalg‘itish uchun shunga o‘xshash ko‘ngilochar tadbirlar o‘ylab topiladi:

- Hozircha Andijon voqeasi to‘g‘risida hech qanday gap-so‘z yo‘q. Har yili shu kuni yoshlarning qandaydir bir bayramlarini o‘tkazishadi. Andijondan, Toshkentdan artistlarni olib kelishib kontsert beryapti. Xullas, go‘yoki 9 yil oldin bu kunda Andijonda hech narsa bo‘lmaganday, - dedi Mirkomil aka.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman bo‘limlaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbariga ko‘ra, bunday tadbirlar yoshlarning vaqtini unumli o‘tkazish va ularning turli diniy oqimlarga kirib ketishi oldini olishga qaratilgan:

- Biz bu tadbirlarda ta‘lim muassalaridagi va mahallalarimizdagi uyushmagan yoshlarni qamrab olamiz. Turli xil aktsiyalar o‘tkazamiz. Xullas, yoshlar mazza qilishyapti, - degan mulozim Ozodlik muxbirining “2005 yil 13 may kunini hech eslaysizlarmi?” degan savoliga javob bermadi.

Andijonlik pensioner Sadiroxun So‘piyevning aytishicha, andijonliklar uchun 13 may voqealarini eslashning o‘ziyoq xavfli bo‘lib qolgan:

- 13 mayni bizning millat eslamaydi, eslaganda ham juda kam odam eslaydi. O‘sha voqeada o‘lganlarning qarindoshlari, qo‘ni qo‘shnilari, shu kuni maydonda bo‘lganlar shunaqa bo‘lgan, deb o‘zilaricha eslaydi. Lekin boshqa odamlar buni esga ham olmaydi. Nimaga desangiz, bu tarixiy voqea bo‘lgani bilan bugungi kunda bir narsa deb gapirib qo‘ysangiz darrov malomat toshi siz tomon yog‘ila boshlaydi va ishingizni hal qilib qo‘yishlari mumkin. Odamlar shundan cho‘chib qolgan, - dedi Sadiroxun So‘piyev.

2005 yil 13 may kuni Andijonning Bobur maydonida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy muammolardan noligan minglab aholi tinch norozilik namoyishiga yig‘ilgan va keyinchalik maydonni qurshab olgan harbiylar bilan otishmada namoyishchilar otib tashlangan edi.

Rasmiy Toshkent hisobicha 187 kishi, mustaqil manbalar hisobicha mingga yaqin odam o‘ldirilgan.

Bobur maydonidagi qonli fojiadan keyin xalqaro jamoatchilik mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan, biroq rasmiy Toshkent rad etgan.

Shu tahlit, yuzlab odam qirg‘inbarot qilingan 13 may fojiasi yillar osha siru sinoatlarga ko‘milganicha qolmoqda.
XS
SM
MD
LG