Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:45

Farg‘onalik o‘zbek shoiri “Russkaya Premiya” mukofotini oldi


Shoir Shamshod Abdullayev
Shoir Shamshod Abdullayev
Farg‘onalik 57 yashar o‘zbek shoiri Shamshod Abdullayev yaqinda adabiyot sohasidagi "Russkaya Premiya" xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi. Rossiyada mustamlakachilik sog‘inchi kuchaygan bir paytda rus tilida ijod qiluvchi o‘zbekistonlik shoirning Moskva tarafidan taqdirlanishi rossiyaparastlikni targ‘ib qiluvchi kampaniyaning davomi kabi ko‘rinmoqda.

Moskvadagi Prezident Boris Yeltsin markazi ko‘magida o‘tkazilib kelayotgan adabiyot musobaqasining bu yilgi sovrini o‘tgan oy oxirida rus tilida ijod qiladigan o‘zbek shoiri Shamshod Abdullayevga berildi.

O‘zbek shoirining "Priblijeniye okrain" (“Chekka o‘lkalarning yaqinlashuvi”) kitobi xalqaro mukofotga loyiq deb topildi.

Adabiyot musobaqasi tashkilotchisi¸ adabiyotshunos Tatьyana Voskovskayaning Ozodlikka bildirishicha¸ Shamshod Abdullayev kitobidagi original poetik izlanishlar hakamlar hay‘ati tarafidan e‘tirof qilingan:

- Shamshod Abdullayev she‘rlarining poetik originalligi va mazmunan chuqurligi bois musobaqaning she‘riyat yo‘nalishidagi sovriniga shu yilning aprel oyi oxirida loyiq topildi. Moskvadagi Yeltsin markazi binosida kuni kecha bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Shamshod Abdullayevga bu mukofot topshirildi. Mukofot yorlig‘i yonida pul ham bor. Abdullayev 150 ming rus rublini ham mukofot ilovasi sifatida oldi¸ dedi Tatьyana Voskovskaya.

Rossiyaning sobiq mustamlakasi bo‘lgan hududda yashaydigan va o‘z asarlarini ruscha yozadigan mahalliy shoirga “Rus mukofoti” berilishi¸ Rossiyaning Ukraina hududlaridan bir qismini ishg‘ol qilgani fonida yuz berdi. Mukofot olgan kitob ham “Chekka o‘lkalarning yaqinlashuvi” ("Priblijeniye okrain") deb ataladi. "Okraina" va "Ukraina" kalimalarining o‘zagi birligi e‘tiborga olinsa¸ bu holat Rossiya propagandasining davomi kabi ko‘rinadi.

Adabiyot musobaqasi tashkilotchisi¸ adabiyotshunos Tatyana Voskovskayaning Ozodlikka aytishicha¸ Rossiyadagi siyosiy vaziyatning bu mukofotga aloqasi yo‘q:

- Okraina va Ukraina kalimalarining asli bir bo‘lsa ham biz Shamshod Abdullayevning "Priblijeniye okrain" kitobini siyosiy konyunktura yuzasidan taqdirlamadik. Kitobdagi poetik kashfiyotlar va so‘z san‘ati taqdirlandi. Garchi Prezident Boris Yeltsin markazi shaklan siyosiy bir tashkilot bo‘lsa ham¸ bu musobaqa kriteriylari faqat san‘at asosiga qurilgan. Bu mukofot Rossiya tashqarisida rus tilida ijod qiladigan yozuvchilarga beriladigan yagona mukofotdir¸ deydi adabiyotshunos Tatyana Voskovskaya Ozodlik bilan suhbatda.

"Russkaya Premiya" adabiyot musobaqasining bu yilgi dasturida dunyoning yetti mamlakatida rus tilida ijod qiluvchi o‘ndan ziyod ijodkorlar taqdirlandi.

Kechikkan e‘tirof

Shamshod Abdullayev ijodini tahlil qilgan toshkentlik adabiyotshunos Rifat Gumerovning Ozodlikka bildirishicha¸ shoirga bu mukofotning berilishi adolatli, ammo bir oz kechikkan tadbirdir:

- Shamshod Abdullayevni zamonamiz klassigi¸ “Farg‘ona poetik maktabi” tashkilotchisi, deb ayta olaman. Abdullayev o‘zbek poeziyasida Rauf Parfi¸ Muhammad Solih¸ Xurshid Davron va Bahrom Ro‘zimuhammad yaratgan poetik avangardizm davomchisidir. Shamshod o‘z she‘lari uchun formatni rus poeziyasidan emas, balki O‘rta Yer dengizi va Amerika poeziyasidan oladi. Shu ma‘noda uni rus emas, balki G‘arb shoiri, deb ayta olamiz. Mukofot va e‘tirof bir oz kechikkanini ham aytishim lozim¸ deydi Rifat Gumerov Ozodlik bilan suhbatda.

Rusiyzabon shoir



Shamshod Majidovich Abdullayev Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, shu shaharda yashab ijod qilayotgan shoirdir.

Uning shu paytgacha o‘nga yaqin she‘riy to‘plami chop qilingan. Shoirning “Oraliqdagi masofa” she‘riy to‘plami 1993 yili Rossiyadagi Andrey Beliy nomidagi adabiyot mukofotiga sazovor bo‘lgan.

“Russkaya Premiya” mukofoti


Adabiyot sohasidagi xalqaro "Russkaya Premiya" mukofoti 2005 yilda dunyodagi rusiyzabon yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan.

Mazkur sovrin Rossiyaning adabiyot sohasidagi eng obro‘li beshta mukofotidan biri ekani aytiladi. Yo‘nalishlar bo‘yicha bosh mukofot laureatlari diplom va 150 000 Rossiya rubli oladi.
XS
SM
MD
LG