Линклар

Rossiya Davlat Dumasi 11 may kuni Ukrainaning ayirmachi Donetsk va Lugansk viloyatlarida bo‘lib o‘tgan “mustaqillikka oid referendum”larni o‘z yig‘ilishida muhokama qildi.

Biroq, kommunistlardan tashqari parlamentdagi boshqa bironta ham siyosiy guruh Donbass hududlari mustaqilligini tan olish va ularni Rossiyaga qo‘shib olish haqida ochiq fikr bildirmadi.

Referendumga chiqarilgan masalani “xalq respublikalarining aholi tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani”ni ta‘kidlagan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, shunga qaramasdan, “referendum natijalarining hayotga tatbiq etilishi masalasi Kiyev, Donetsk va Lugansk o‘rtasidagi muzokara asosida olib borilishi”ga e‘tibor qaratdi. Bundan chiqdi, Donetsk va Luganskdagi 100 foizli “ovoz berishlar”, Qrimdagi saylovlardan farqli o‘laroq, so‘zsiz Rossiya tarkibiga qo‘shib olish deganini bildirmaydi.

Faqat Rossiya Kompartiyasi vakillarigina Kremlga Donbassni tan olishni taklif etdi.

“Rossiya hukumati bizga qardosh bo‘lgan xalqlarning yaxlitligi tiklanishi Rossiya tarafidan to‘liq quvvatlanishini o‘z zimmasiga olishi zarur”, deyiladi KPRF bayonotida.

MDH ishlari bo‘yicha Duma qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy “referendum natijalari Ukraina bilan keyingi muzokaralarda inobatga olinadi”, degan bo‘lsa, G‘arb sanktsiyalariga uchragan parlament spikeri Sergey Narishkin jurnalistlar oldida qilgan chiqishida “umumiy muzokaralar” to‘g‘risida gapirdi.

- Ukrainadagi vaziyat juda murakkablashib ketdi va gumanitar falokat ko‘rinishiga ega bo‘lmoqda. Lekin biz inqiroz chuqurlashib borishini to‘xtatish mumkin, deb hisoblaymiz. Bu Konstitutsiya asosida belgilangan umumjamoaviy kelishuv asosida amalga oshishi lozim. Bunday kelishuv esa butun jamiyat, siyosiy kuchlar va mintaqalar bilan kelishgan holda olib borilishi zarur, deya parlament rahbariyati rasmiy munosabatini bildirdi spiker Narishkin.

“Spravedlivaya Rossiya” partiyasining parlamentdagi fraktsiyasi rahbari Sergey Mironov keskin so‘zlagan bo‘lsada, u ham Donbass mustaqilligi to‘g‘risida lom-mim demadi.

- Kiyevdagi sohta hukumat “jazo amaliyotlarini”, o‘z xalqiga qarshi kurashni davom ettirayotgani Ukraina qo‘shinlarining bu ikki “xalq respublikalari” hududida joylashuvi va uni okkupatsiya qilishi – bu inkor etib bo‘lmas fakt. Buni hozircha na Kiyev, na Vashingtondagi janoblar tan olmoqda, dedi Sergey Mironov.

Nihoyat, G‘arb mamlakatlari va Ukrainaning rasmiy hukumatini obdon haqoratlab olgan deputatlar, Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari” masalasida “jahon parlamentlariga murojaatnoma tayyorlash” va “Ukrainada yuzaga kelayotgan gumanitar falokat va ommaviy qirg‘inni to‘xtatish” borasida murojaatnoma qabul qildi.

Rossiya Davlat Dumasining Qrimni qo‘shib olish masalasi yuzasidan ovoz berish jarayonida qarshi ovoz bergan birgina deputat Ilьya Ponomaryov edi (undan bu “qilmishi” uchun ayrim xalq vakillari deputatlik mandatini olib qo‘yishni talab qilmoqda). Bunday masalaning ko‘tarilganiga qarshi chiqqan “Spravedlivaya Rossiya” fraktsiyasi a‘zosi Dmitriy Gudkov esa, ovoz berishdan bosh tortgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Dmitriy Gudkov Donbassning Rossiyaga kiritilishi ortidan G‘arb Rossiyaga nisbatan o‘z sanktsiyalarini kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

- Biz oldindan bashorat qilish mushkul bo‘lgan bir davrda yashayapmiz. Mantiq va sog‘lom fikr nuqtai nazaridan men, albatta, bu “respublikalar” Rossiya tarkibiga kiritilmaydi, deb javob beraman. Birinchidan, bu mintaqalar dotatsiya hisobiga yashaydi, o‘zimizning iqtisodiyotimizda muammolar yetarli. Ikkinchi sabab – bu hududlarni qo‘shib olishdan keyin YeI va AQSh tomonidan juda jiddiy iqtisodiy sanktsiyalar joriy qilinadi, deya munosabat bildirdi muxolifatchi deputat Dmitriy Gudkov Ozodlikka.

1 mart kuni Vladimir Putinga Qrimga qo‘shin kiritish ruxsatini bergan Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya kengashi a‘zolari ham Donetsk va Luganskning Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi masalasida vazminlik namoyish qildi.

- Ukraina davlat tuzilishining eng muvofiq ko‘rinishi federallashuv bo‘lishi mumkin. Aynan shu Ukrainaning tinch va barqaror taraqqiyotini kafolatlashi mumkin, dedi Kengash munosabatini bildirgan vitse-spiker Ilyos Umaxanov.

Rus jamiyatida bosqinchilik kayfiyati hukmron bo‘lishiga qaramasdan, 14 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvaning Ukrainaga qo‘shin jo‘natish niyati yo‘qligini ma‘lum qildi.

Ukraina sharqidagi referendumni kechiktirishni ayrimachilarga tavsiya qilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z munosabatini bildirganicha yo‘q. Davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident “bu hodisalarga o‘z munosabatini rasmiy natijalar e‘lon qilinishi ortidan e‘lon qiladi”, dedi.

11 may kuni Ukraina sharqida o‘zini mustaqil deb e‘lon qilgan Donetsk va Lugansk viloyatlarida referendumlar bo‘lib o‘tdi. “Donetsk xalq respublikasi” raisi Roman Lyagin mustaqillik uchun mahalliy aholining 89,7 foizi ovoz berganini ma‘lum qildi. Lugansk viloyati saylov komissiyasi e‘lon qilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, bu hududda 96,2 foiz aholi mintaqa mustaqilligini yoqlab chiqqan.

Rossiya tarkibiga qo‘shilish murojaati bilan chiqqan Donetsk respublikasi yetakchilaridan biri Denis Pushilin Rossiyaga qo‘shilish to‘g‘risida yana bir referendum o‘tkazilishi mumkinligini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG