Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:03

Toshkentda NATO vakolatxonasi ochiladi


Ukrainadigi voqealar sababli Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan bir paytda Shimoliy Atlantika harbiy alyansi – NATO O‘zbekiston poytaxtida o‘z vakolatxonasini ochmoqda.

Harbiy alyans vakolatxonasining 16 may kuni bo‘ladigan rasmiy ochilish marosimida NATOning Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha maxsus vakili Jeyms Appaturay qatnashadi.

NATOning Toshkentdagi mintaqaviy idorasi alyansning nafaqat O‘zbekistondagi, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘yicha faoliyatini ham muvofiqlashtiradi.

2012 yilda alyans Afg‘onistondagi harbiy texnikani Markaziy Osiyo hududi orqali olib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan kelishuvga erishgan edi.

Ayni kelishuv doirasida Afg‘onistonda ishlatilgan ayrim harbiy-texnik jihozlar O‘zbekistonga ham berilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Andijon voqealariga qadar NATOning Afg‘onistondagi harbiy missiyasiga yaqindan ko‘maklashib kelgan.

Xususan, mamlakat g‘arbidagi Qarshi-Xonobod havo bazasini AQSh harbiylari ixtiyoriga bergan.

Andijon shahrida 2005 yil 13 may kuni sodir bo‘lgan voqealaridan so‘ng NATO Toshkent hukumatini Bobur maydonida namoyishchilar o‘qqa tutilishi yuzasidan to‘liq mustaqil xalqaro tergov o‘tkazishga da‘vat etdi.

Buni ortidan O‘zbekiston va NATO aloqalariga sovuqchilik tushdi.

Toshkent hukumati bu talablarni rad etib kelsa-da NATO va O‘zbekiston o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va muloqot 2009 yilga kelib qayta yo‘lga qo‘yildi.

NATOning Toshkentda vakolatxonasini ochish kelishuviga ham O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 2009 yilda Bryusselga safari chog‘ida erishilgan edi.

Huquq faollari O‘zbekistondagi hukumat harbiy texnikani o‘z mamlakati aholisiga qarshi qo‘llashi mumkin, degan xavotirda G‘arb hukumatlarini O‘zbekistondagi Karimov rejim bilan harbiy hamkorlik qilmaslik, bu mamlakatga qurol sotmaslikka chaqirib keladi.
XS
SM
MD
LG