Линклар

logo-print
Taniqli xonanda Ozoda Saidzoda (Nursaidova) Shavkat Mirziyoyevni sudga berishga hozirlik ko‘rib turgan bir paytda Jizzax viloyatining Zomin tumanida istiqomat qiluvchi huquq faoli Aliqul Sarimsoqov O‘zbekiston Bosh vaziri ustidan arizasini Oliy Sudga topshirdi. Sarimsoqov Mirziyoyevni shikoyat arizalariga javob bermayotganlikda ayblagan. Javobini ololmagan shikoyatlarida Aliqul Sarimsoqov Jizzax viloyatidagi amaldorlarning g‘ayriqonuniy harakatlari ustidan arz qilgan.​ Huquq faoli fikricha, Bosh vazir bu "amaldorlarning homiysi bo‘lganligi uchun" ham uning shikoyatini e‘tiborsiz qoldiryapti.

12 may kuni O‘zbekiston Oliy Sudiga topshbrilgan da‘vo arizasida Aliqul Sarimsoqov suddan fuqarolarning shikoyat maktublariga javob bermayotganligi uchun Bosh vazir javobgarlikka tortishni so‘ragan.

Aliqul Sarimsoqovning aytishicha, Oliy Sud mulozimi avval arizani qabul qilishdan bosh tortgan:

- Oldin bunday arizani qabul qilmayman, dedi. O‘zbekiston qonunlarini ro‘kach qilib, baqir-chaqir qilganimdan keyin qabul qilishga majbur bo‘ldi, deydi Aliqul Sarimsoqov.

Huquq faoliga ko‘ra, o‘z da‘vo arizasida u Shavkat Mirziyoyevni fuqarolar shikoyatlariga e‘tiborsizlikda ayblagan:

- Men uni (Bosh vazirni - tahr.) o‘z ishiga loqaydlik qilayotgani uchun ayblayapman. 31 martda men uning nomiga Zomin tumanida bo‘layotgan qonunbuzarliklar haqida ariza yozib kiritgan edim. Qonun bo‘yicha u menga bir oy ichida javob berishi kerak edi. Lekin oradan qirq kun o‘tgan bo‘lsa ham javob bo‘lmadi, deydi huquq faoli.

Aliqul Sarimsoqovning fikricha, Shavkat Mirziyoyevning o‘zi Zomindan bo‘lganligi uchun ham tuman amaldorlari Bosh vazirning himoyasida faoliyat yuritadi va istagan qonunbuzarlikni qiladi:

- 31 mart kuni yozgan maktubimda men Bosh Vazirga "Zomindagi erkatoylaringizni noqonuniy hatti-harakatlaridan qaytarishni va ona yurtingizda tartib va adolatni o‘rnatishni talab qilaman", deb yozgan edim. Erkatoylar deganim hokim, prokuror, militsiya boshlig‘i kabi amaldorlar. Ular enangni, otangni deb so‘kadigan, qornini qappaytirib yurgan boyvachchalar. Mening ortimda Bosh vazir bor deb, istagan qonunbuzarligini qilishadi, deydi Aliqul Sarimsoqov.

O‘zbekiston Oliy Sudining kanselyariya bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda telefon orqali bu haqda ma‘lumot berolmasligini aytdi.

Aliqul Sarimsoqovning aytishicha, uning da‘vo arizasini qabul qilib olgan Oliy Sud mulozimi sud bu ishni ko‘rib chiqishi yoki rad qilishi masalasida unga xabar berishini aytgan.

Bundan oldin, 1 may kuni o‘zbekistonlik taniqli xonanda Ozoda Saidzoda O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevni sudga berish harakatida ekanini bildirgan edi. Ozodlik bilan suhbatda xonanda 2006 yildan buyon katta sahna va televideniyeda unga qo‘yilgan taqiqqa mas‘ul aynan Bosh vazir ekanini iddao qilgandi.
XS
SM
MD
LG