Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:41

Namanganda aliment to‘lashni istamagan kuyov qaynotasini o‘ldirdi


O‘zbekistonda taniqli akademik Ergash Fozilov 81 yoshida vafot etdi. Toshkent aeroportida changyutgichdan kumush chiqdi. Quyosh energiyasi bitta oilaga 7 million so‘mga tushadi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Namangan viloyatida chaqaloqfurushlar guruhi qo‘lga olindi”

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani markaziy shifoxonasining to‘rt nafar xodimi chaqaloqfurushlikda ayblanib qo‘lga olindi (“Darakchi”, 15 may).

Go‘dak savdosida ayblangan shifokorlarning nomi oshkor etilmagan. Ammo ular akusher-ginekolog, felьdsher va doya vazifasida ishlagani ma‘lum qilingan.
Jinoiy guruh chaqaloqlarni 1100-1600 AQSh dollariga pullagan. Ushbu jinoiy guruh o‘nga yaqin go‘dakni sotgan. Gazeta xabarida tibbiyotchilarga tayinlangan jazo borasida ma‘lumot berilmagan.

“O‘zbekistonda taniqli akademik vafot etdi”

O‘zbek tilshunosligi sohasidagi yirik olim, akademik Ergash Fozilov 81 yoshida Toshkentda vafot etdi (“O‘zbekiston ovozi”, 15 may).

Shu munosabat bilan matbuotda O‘zbekiston Prezidenti boshchiligidagi yetakchilar nomidan ta‘ziya e‘lon qilingan.

“Ergash Fozilov birinchilardan bo‘lib o‘zbek tilining tarixiy rivoji, leksikologiyasi va leksikografiyasi hamda grammatikasini o‘rgandi. U Alisher Navoiy asarlari tilini tadqiq etib, “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” va “Eski o‘zbek tili” lug‘atlarini nashr ettirdi”, deyiladi ta‘ziyanomada.

Taniqli olim 40 yillik faoliyati davomida rahbar lavozimlarda ham xizmat qilgan.

“Prokuratura harom o‘lgan mollar uchun hisob so‘radi”

Qashqadaryo viloyatida chorva sonini ko‘paytirish, naslchilik ishlarini yaxshilash va yem-xashak zaxirasini mustahkamlash bo‘yicha qator kamchiliklar aniqlandi (“Huquq”, 15 may).

Viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Ismatovga ko‘ra, 2013 yilning o‘zida 6879 ta mol majburiy so‘yilgan, 865 tasi harom o‘lishiga yo‘l qo‘yilgan. Bu raqamlar asosan Nishon, G‘uzor, Dehqonobod va Chiroq tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Mollarning majburiy so‘yilishi va harom o‘lishiga ozuqa yetishmasligi, chorva mollarini saqlash binolarining talab darajasida emasligi, veterinariya xizmatidagi jiddiy nuqsonlar sabab bo‘lgan.

Xabarda aytilitshicha, chorva masalasiga e‘tiborsiz qaragan viloyat hokimligi bosh mutaxassisi M.Sayfiyevga intizomiy jazo berilgan.

“Quyosh energiyasi bitta oilaga 7 million so‘mga tushadi”

O‘zbekiston sharoitida bitta oila quyosh energiyasi batareyasini o‘rnatish uchun o‘rtacha 7 million so‘m sarflashi lozim (“Oila davrasida”, 15 may).

Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-Quyosh ilmiy birlashmasi vakili Isroil Yo‘ldoshev ma‘lum qiladi. Mazkur batereya sutka davomida 2 dona televizor, bitta muzlatgich, 6 ta lampochka uchun elektr yetkazib berish quvvatiga ega.

Batareya kunduzi quyosh nurini yig‘ib, kechasi undan elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ayni paytda O‘zbekistonda quyosh batareyasini o‘rnatish bo‘yicha 10 ga yaqin kichik korxona faoliyat yuritmoqda.

Mutaxassis Yo‘ldoshev arzon, ammo sifati past batareyalardan foydalanmaslikni maslahat bergan.

“34 yoshli yigit padarkushlik qildi”

Namangan viloyati Norin tumanida padarkushlik jinoyati qayd etildi (“Diyonat”, 15 may).

34 yoshli Elyorbek Turdaliyev 65 yoshli qaynotasi M. Abdurahmonovni o‘ldirdi. Ma‘lum bshchlishicha, doimiy kaltaklab, haqoratlab kelgani sababli xotini Turdaliyev bilan ajrashgan. Sud ajrimiga muvofiq Turdaliyev ikki bolasi uchun aliment to‘lagan.

Boshiga tushgan qiyinchiliklarga qaynotasini aybdor deb bilgan Turdaliyev mast holatda uning uyiga bostirib borib, alimentdan voz kechishni talab qilgan. So‘ng bemor va kuchsiz qaynotasi joniga qasd qilgan.

Norin tumani Mirsultonchek mahallasida yashagan Elyorbek Turdaliyev jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi hukmi bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Sudlanuvchiga zimmasiga marhumning oilasi foydasiga 2,1 million so‘m ma‘naviy zarar to‘lash majburiyati ham yuklangan.

“Jurnalist ikki urinishda hokim qabuliga kira olmadi”

“Noviy vek” gazetasi muxbiri Said Kamolov Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi qabuliga ikki urinishda kira olmadi. Bu haqda jurnalist gazetaning 15 may sonida xabar beradi.

Gazeta muxbiri turli bahonalar bilan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari A. Do‘stmuhammedov huzuriga ham qo‘yilmagan. Ma‘lum bo‘lishicha, jurnalist rahbarlar bilan Qorasuv-1 dahasidagi yo‘llar ayanchli ahvolda ekaniga qaramay, 10 yildan buyon ta‘mirlanmayotgani masalasida gaplashmoqchi bo‘lgan.

Gazeta xabarida aytilishicha, Qorasuv-1 yo‘llarini ta‘mirlashga ajratilgan pullar boshqa mahallaga ishlatilgan. “Noviy vek” muxbiri hokim va uning o‘rinbosari matbuot vakili bilan uchrashuvdan qochgani davlat hokimiyatining ochiqligi to‘g‘risidagi yangi qonunga zid ekanini ta‘kidlagan.

“Sirdaryolik retsidivist ayol sakkizinchi bor kissavurlikda ayblanib sud qilindi”

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudi fuqaro Muqaddas Sharipovani o‘g‘rilikda aybdor deb topib 8 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qildi (“Adolat ko‘zgusi”, 15 may).

Sharipova Gulistondagi “Qo‘qon bozori”da kissavurlik qilayotganida qo‘lga olingan. Gazeta xabarida aytilishicha, ikki farzandning onasi bo‘lgan 28 yoshli ayol hozirga qadar yetti marta o‘g‘rilikda ayblanib mahkamaga tortilgan. Bu esa Sharipovaning sakkizinchi marotaba sud qilinishi.

“Toshkent aeroportida changyutgichdan kumush chiqdi”

Toshkent aeroportida tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga oid antiqa qonunbuzarlik fosh qilindi (“XXI asr”, 15 may).

Istanbul-Toshkent yo‘nalishida uchib kelgan fuqaro E. Maripovning yuki tekshirilganda unga tegishli yangi changyutgichga 14 kilogramm kumushdan tayyorlangan zargarlik buyumlari yashirilgani aniqlangan.

Shu yo‘nalishda parvoz qilgan D.Sidiqjonovaning cho‘ntagidan esa bojxona bayonnomasidan qayd etilmagan 2,5 million so‘mlik taqinchoqlar topilgan. Bojxona idorasi joriy yilning 4 oyida 1,122 milliard so‘mlik, 24,4 kilogramm tilla va zargarlik buyumlarini ushlab qolgani haqida xabar bergan.
XS
SM
MD
LG