Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:54

Yangiyo‘llik namozxonlar ham hizbut¸ ham vahobiylikda ayblandi


Shu yilning 14 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida yangiyo‘llik olti ayol ustidan hukm o‘qildi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-moddasi 1-bandi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish) bo‘yicha ayblanib, shartli ravishda uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan bu muslimalar hibsxonada qiynoqqa tutilgan.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov ma‘lum qildi:

- U yerda o‘nga yaqin ayol noqonuniy hibsga olinib, keyin bosim qilib, qiynoqqa uchratib, ulardan Mirzayeva O‘g‘iloyga qarshi ko‘rsatma berishni talab qilishgan. Natijada bu ayollar majbur bo‘lgan bu ishni qilishga. Shuning uchun bularning sudini oldin o‘tkazib, sudda hammasiga uch yildan shartli hukm o‘qilgan. Ya‘ni ular uyida bo‘ladi, lekin har haftadami, o‘n kunda borib, qo‘l qo‘yib turishi kerak ichki ishlar boshqarmasida, - deydi Sur‘at Ikromov.

Huquq faoli Ikromovga ko‘ra, bu ayollar o‘tgan yilning dekabr va shu yilning yanvar oylarida hibsxonada ushlab turilganlarida ularga nisbatan turli qiynoqlar qo‘llanilgan.

Sur‘at Ikromov yangiyo‘llik ayollar diniy tashkilotlarga aloqadorlik aybi bilan hozir qamoq jazosini o‘tayotgan yaqinlarining ahvoli haqida xalqaro jamoatchilikka ma‘lumot berganlarining badalini o‘tayapti, degan fikrda.

Ulardan eng faoli bo‘lgan O‘g‘iloy Mirzayevaga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi (konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) va 244-moddasining 2-bandi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bo‘yicha ayblov e‘lon qilingan.

Chorshanba kuni sudi boshlangan Mirzayeva ham, Sur‘at Ikromovning ishonishicha, hech qanday asossiz, soxta ayblovlar bilan sudlanmoqda.

- Hech qanaqa asos yo‘q. Aytayapman-ku, bularning yaqinlaridan ko‘pi qamoqda. Endi bular o‘sha yoqqa (ya‘ni qamoqxonaga – tahr.) borishadi, keyin interv yu berishadi. Bularni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida bo‘layapti-da bu. O‘zi bu (ya‘ni O‘g‘iloy Mirzayeva – tahr.) hech qanaqa oqimniyam tushunmaydi... Lekin namozxonligi to‘g‘ri, buni aytish kerak, bularning hammasi namozxon, - deydi Sur‘at Ikromov.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari yangiyo‘llik ayollarga qo‘yilayotgan ayblovlarning uydirma ekaniga bu muslimalarning bir vaqtning o‘zida ham Hizbut-Tahrir, ham vahhobiylik oqimiga aloqadorlikda ayblanayotganini misol o‘laroq keltiradi.

- Yo ichki ishlardagilar bularning (ya‘ni oqimlarning – tahr.) farqini tushunmaydi, yo ataylab qiladimi... Shuning o‘zidan ma‘lum bo‘ladiki, bularning hammasi soxtalashtirilgan. Soxtalashtirilmagan bo‘lganida tergov organlari bularning farqini tushungan bo‘lardi. Chunki vahhobiylik bilan Hizbut-Tahrir umuman boshqa-boshqa oqimlar. Masalan, tergov organlari buni tushunishi kerak edi. Bu tergov organlarining savodsizligini ko‘rsatayapti, - degan Sur‘at Ikromov buning yangiyo‘llik ayollardan bosim ostida iqrornomalar olinganidan darak ekanini ta‘kidlaydi.
XS
SM
MD
LG