Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:01

Blog: "Professor" bo‘lsang o‘zingga, pulini to‘la!


Muhtasham tog‘lar orasidagi Angren shahrida joylashgan pedagogika oliygohi haqida bundan 7 yil oldin hech qanday tasavvurim yo‘q edi. Maktabni tugatgach, men Toshkent shahriga, oz emas-ko‘p emas, naq sakkiz sinfdoshim Angren pedagogika oliygohiga (TVDPI) o‘qishga kirdi. Shundan keyin mening Angren va TVDPI haqidagi tasavvurlarim shakllandi.

Chunki do‘stlarim bilan uchrashish uchun ko‘p marta Angrenga borganman. Shunday uchrashuvlarda bo‘ladigan ba‘zi suhbatlar esa meni hayratga solardi.

"Kecha ikki para darsga kirolmadim, 6 ming so‘m berishim kerak endi", deydi o‘rtog‘im. Hayratlanib savol nazari bilan o‘rtog‘imga qarayman. U esa izoh beradi: "Bir para dars qoldirsang, 3 ming so‘m to‘laysan".

Eng qizig‘i, mazkur o‘quv dargohida tirishib o‘qiganning foydasi yo‘q ekan, chunki baribir barcha fanlar uchun 100 foiz hamma talabadan pul yig‘ilarkan. Bu gaplar biroz erish tuyuldi. Taqdir taqazosini qarangki, ko‘p o‘tmay, ikkita institutda omadini boy bergan singlim TVDPIga o‘qishga kirishga qaror qildi. Va omadi bor ekan (yoki yo‘q ekan) - 2010 yilda talaba bo‘ldi.

Avvalo bir narsani aytib o‘tishim kerak, singlim o‘z fani bo‘yicha olimpiadalar g‘olibi, o‘qituvchilardan doim maqtov eshitib kelgan. Tirishqoq ekanligini bilganim uchun hech qanday pulsiz, sessiyalarni o‘zi yopishiga ishonardim. Ammo birinchi semestrdayoq hafsalam pir bo‘ldi.

Uddaburon o‘qituvchilar singlim yozib borgan mustaqil ishlarni, referatlarni qabul qilmas, har bir mustaqil ishga qo‘yilgan stavka bo‘yicha pul talab qilishardi.

Tinim bilmay darslarni o‘zlashtirgani ham foyda bermadi: sessiya mahali olinadigan baho uchun pul berilmasa, iloji yo‘q ekan. "Professor" bo‘lsang o‘zingga, pulini to‘la!!!

Singlim o‘ziga ishongani uchun, pul berishdan bosh tortib, o‘qituvchisidan xohlagan savolini berib, imtihon olishni talab qildi. O‘qituvchi esa butun guruhni qoldirish bilan tahdid qildi. Shundan keyin kursdoshlari tarafidan ham siquvga olingan singlim taqdirga tan berdi.

Eng qizig‘i, ularning sohasiga umuman aloqasi bo‘lmagan qo‘shimcha fan 3 baho uchun 30 000 so‘m so‘ragan (2012 yil). Chidolmagan talabalar zamdekan oldiga kirishga qaror qilgan. Zamdekan o‘sha o‘qituvchini ishdan haydagan, deb o‘ylayotgandirsiz... Unchalikmas, "Iloji boricha arzonlashtirishga harakat qilamiz..." degan, ammo arzonlashtirish ham qo‘lidan kelmagan.

Tishni tishga bosib to‘rt yilni o‘tkazdik. Singlim hozirda institutda qolgan oxirgi talabalardan biri. Sessiya yaqinlashgan sari yuragimni qo‘rquv bosmoqda. Chunki yaqindagina diplom himoyasi uchun hammadan majburiy 500 ming so‘mdan, mustaqil ishlari uchun 50 ming so‘mdan yig‘ib olishdi. Endi sessiyaga pul topishimiz kerak...

Mazkur institutni tugatgan pedagoglar qanday qilib bolalarga dars berishi mumkin, hayronman. Poraxo‘rlik avj olgan jirkanch muhitda o‘qituvchi shakllanishi mumkinmi? Nahotki ularni tartibga chaqiradigan biror tashkilot bo‘lmasa?

Poradan bezgan mushtariy
XS
SM
MD
LG