Линклар

logo-print
Sarlavhaga chiqarilgan xabar aslida xabar emas, balki shunchaki bir istak edi. Ya‘ni mana bu shaklda edi: “Dalaga o‘qituvchilar o‘rniga militsionerlar chiqsin!”.

Bu istak tinglovchining istagi edi. Men “chiqsin”ni “chiqadigan bo‘ldi” qilib o‘zgartirdim, quvlik qildim, Sizni o‘qiy boshlaganingiz blogga “ilintiray”, dedim-da! Mana ilindingiz, endi buyog‘iniyam o‘qing. Ertak aytib beraman.

Ertakni tunov kuni OzodlikOnlinening so‘nggi sonida tinglovchilardan biri boshlab berdi. “Dalaga o‘qituvchilar o‘rniga militsionerlar chiqsin”, dedi u.

Qani, insof bilan ayting-chi, axir ertak emasmi bu?!

G‘irt ertak. Istak ertak.

Tinglovchining istagini eshitdimu efir ham esimdan chiqib, xayolimda ertak davom etaverdi:


Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Chig‘atoyiston degan yurt bor ekan.

Xalqining qo‘li gul ekanu, lekin hech kim o‘z ishini qilmas ekan.

Qaqimchining ishini chaqimchi, bakovulning ishini yasovul, surnaychining ishini karnaychi qilar ekan. Hech kim hayron ham bo‘lmas ekan bunga. Hamma ko‘nikib ketgan ekan.

Paxta ekadigan Dehqon bor ekan Chig‘atoyistonda. Paxtakorligi yerga chigit qadalishi bilan tugar ekan. Keyin uning vaqti tongdagi, peshindagi, oqshomdagi va xuftondagi selektor majlislarida o‘tarkan. Selektorlar orasidagi vaqtda u sholikor, kartoshkakor, pamildorikor dehqonga aylanarkan.

G‘o‘zaning yaganasi, qatqalog‘i, chopig‘i, sug‘orishi, chekankasiyu terimi boshqalarning ishi ekan.

Muallimlariyam bor ekan Chig‘atoyistonning. Qishda 5 - 6 hafta ular maktabga borar ekan. Bolalarga temir-tersak, qog‘oz-mog‘oz, latta-putta, baklashka-maklashka, maktabning yozgi ta‘miriga pul-mul yig‘ish bilan shug‘ullanar ekan ular qishda.

Bahor-yoz-kuzda muallimlar g‘o‘zaning yaganasi, qatqalog‘i, chopig‘i, sug‘orishi, chekankasiyu terimi bilan band ekan.

Bir Mahmadana kunlardan bir kun “dalaga muallimlar o‘rniga mirshablar chiqsin”, degan taklif kiritibdi.

Premyer-vazir bu gapni eshitib, "mayli", debdi. "Chiqsa-chiqsin mirshablar dalaga, balki qorinlari biroz puchayar", debdi. "Axir muzofot barqaror, mardum tinch", debdi.

Mirshablar dalaga chiqib ketibdiyu Premyer-vazirni birdan vahm bosibdi: mardum bosh ko‘tarib qolsa, nima bo‘ladi? Ana Sulton Sulaymonning suyukli zavjasi Hurramning yurtida bir isyon ikkinchisiga ulanib yotibdi-ku?!

Vahimaga tushgan Premyer-vazir nima qilarini bilmay qolibdi. Mirshablarni ortga qaytaray desa, farmoyishni kechagina bergan – fuqaro uning tuturuqsizligini bilib qolishi mumkin. Qaytarmay, desa - boyagi gap.

"Maslahatchi" deb ataladigan shotirlarini mashvaratga chaqiribdi Premyer-vazir:

- Nima qil, deysanlar?

- Ko‘ylarning posbonlarini mirshablarning o‘rniga qo‘ying, - debdi biri.

Premyer-vazir o‘ng ilkining barmoqlarini quyuq qora sochlariga yuboribdi.

- Posbonlarni mirshablikka qo‘yib bo‘lmaydi, - debdi boshqa bir shotir. - Posbon fuqarodan chiqqani uchun fuqaroga rahm qilib qo‘yishi mumkin, bu - bir, bizga rahm qilmasligi mumkin, axir mirshab qilib qo‘ysak, to‘pponchayam berishga to‘g‘ri keladi-ya, bu - ikki!

Premyer-vazir so‘l ilkining barmoqlarini quyuq qora sochlariga yuboribdi.

- Harbiylar-chi, harbiylar? - devoribdi uchinchi shotir.

Bu gapni eshitgan Premyer-vazir so‘l ilki bilan bosib o‘tirgan boshini ilkis ko‘taribdi, avval peshonasi, keyin ikki qora ko‘zi chaqnab ketibdi.

- Yes! - devoribdi Premyer-vazir. Yaqinroq o‘tirgan shotirning yaqin yelkasiga bir uribdi. Zarbani kutib o‘tirgani uchunmi, shotirga hech narsa qilmapti – yiqilmapti.

Ertasi kundan boshlab mirshabning ish joyiga askar ishga chiqibdi. Mirshab esa, o‘qituvchining o‘rniga dalada.

Dehqonning o‘zi tongdagi, peshindagi, oqshomdagi va xuftondagi selektor majlislarida. Selektorlar orasidagi vaqtda sholisi, kartoshkasi, pamildorisini parvarishlashi kerak ekan.

Fuqaro ko‘chaga chiqsa, hujjatini askar so‘rabdi.

- Nima uchun hujjatimni sizga ko‘rsatay, - deb yumshoq so‘rabdi har ehtimolga qarshi fuqaro, - axir har kuni melisaga ko‘rsatardimku?!

- Endi men melisaman, - debdi askar.

- Melisa akamizning o‘zlari qattalar, - debdi fuqaro har ehtimolga qarshi yanayam yumshoqroq qilib.

- Dalada, - debdi askar.

- Nega? - deb so‘rabdi fuqaro.

- Bilmayman, - debdi askar.

Fuqaro hujjatini ko‘rsatibdiyu birdan ko‘nglini vahm bosibdi. Bu Askar chegarani tashlab, melisaxonaga kelivolgan bo‘lsa, dushman hujum qilib qolsa, Muzofotni kim himoyalaydi?

O‘ylay-o‘ylay fuqaro yoniga boshqa fuqaroni chaqiribdi. Ular endi fuqarolarga aylanibdi. Fuqarolar boshqa fuqarolarni chaqiribdi. Ko‘-o‘-o‘p bo‘lishibdi. Hammasi bir olomonga aylanibdi. Hammasida bitta gap, bitta vahima: "Armiyasiz qolibmiz, Hurramning ota yurtini bosib olgan qarindoshi ertaga bosib kelib qolsa, nima qilamiz?" deb vahima qilishibdi.

Olomon hajmi kattargandan kattaveribdi. Hamma gapirarmish, hech kim eshitmasmish. Shunda bir esli chiqib, "muzofot Oxlokratiyaga (o‘sha esli bilarkan-da bu so‘zni) aylanib ketmasin", debdi.

"Mayli", debdi Olomon. Vahima qila-qila Olomon o‘z ichidan Qo‘rboshi tayinlabdi. Olomon Xalqqa aylanibdi.

Qo‘rboshi bahaybat ekan. Shunchalik bahaybat ekanki, kaftiga olti oylik chaqaloqni yotqizib, pampersini almashtirsa bo‘lar ekan.

Muzofotning egasiz qolgan chegaralarini qayta mustahkamlab bo‘lgach, Qo‘rboshi masalani o‘rganibdi. Ayblini topibdi. Aybli Dehqon bo‘lib chiqibdi.

Qo‘rboshi dehqonni chaqiribdi.

- Kimsan? - so‘rabdi Qo‘rboshi.

- Permirman.

- Peremirman?

- Yo‘q, Peremir Shoshda, Peremir-vazir deyishadi uni, men shunchaki bir
permirman.

- E, menga qara, pirmisan, mirmisan – menga baribir. Nima uchun dalangga o‘zing qaramiysan?

- Bilmiyman.

- Kim biladi?

- Voliy biladi.

Qo‘rboshi voliyni chaqiribdi.

- Nima uchun pirmir degan dehqoning dalasiga qarmaydi?

- Bilmiyman.

- Kim biladi?

- Premyer-vazir biladi.

- Qatta u?

- Shoshda, - debdi voliy qoramaldog‘i bilan xona shiftini ko‘rsatib. Lekin Qo‘rboshi tushunibdi: "Peremir degani shiftdan ham balandda".

Qo‘rboshi voliyga ketishiga izn berib, mundo-oq o‘ylab qarasa, Premyer-vazirni Shoshdan chaqirtirishiga, uning yetib kelishiga ancha vaqt ketadi. Kutish esa xavfli – muzofot chinakam armiyasiz qolgan. O‘zi qo‘ygan soqchilarning esa, qo‘lidan ish kelguday emas.

Shuning uchun "oxlokratiya" degan so‘zni biladigan Bilgichni chaqirib, Premyer-vazir bilan selektr aloqa uyushtirishni buyuribdi.

Bilgich selektr-pelektr qilib o‘tirmasdan, Premyer-vazirni skayp orqaliyoq ulab beribdi.

- San kimsan? - debdi Qo‘rboshi.

- Man, man, Premyerman, - debdi Qo‘rboshining naxalona so‘rovidan gangib qolgan Premyer-vazir.

- E, senam permirmisan?

- O‘v aka, nima deyapsiz? Fermer emas, Premyerman. Premyer-vazirman. Ziyoli Amir ismim.

- Bu muzofotda sen emas, mana men Amirman, - debdi Qo‘rboshi, - sen nega saltanatni qo‘shinsiz qoldirding? (Shu joyda Qo‘rboshi Hamza Umarovga taqlid qilib, “Ko‘ppak” deb qo‘shib qo‘ygisi kelibdiyu, lekin komputerda kichkina ko‘rinayotgan yigitning vazir degan nomini hurmatini qilib, o‘zini tutibdi)

Qo‘rboshining favqulodda qahridan esankirab qolgan Premyer-vazir “men hozir”, debdi-da, lip etib deraza oldiga boribdi. Bo‘yla-a-ab qarabdi. Deraza ortida har doimgi maydon. Osmonda har doimgi Quyosh. Daraxtlar ortidan Bosh Imorat ham ko‘rinib turibdi. Lekin hech kim ko‘rinmaydi tashqarida - zog‘ yo‘q.

- Qiziq, - deb yelka qisibdi-da joyiga qaytib o‘tirib, "labbay", debdi yumshoqqina qilib har ehtimolga qarshi.

- Sen nima uchun askarlarni melisaxonaga obborib qo‘yding?

- Melisalarni dalaga chiqaruvdim.

- Nima uchun?

- Bugun Chig‘atoyistonda hamma paxtakor! Paxta iftixorimiz, paxta buyuk kelajagimiz poydevori...

- E, uka, bo‘ldi opqochma, paxtadan poydevor qilinishini sendan eshityappan. Gap bunday: melisani melisaxonaga, askarni chegaraga qaytarasan. Paxtasini Dehqoningning o‘zi tersin. Tuzukmi?!

- Endi, aka, kimligingizni bilmadimu, lekin paxta boyligimiz, - debdi Premyer. Bu gapni aytar ekan, yiltirab ketgan ko‘zlarini yumib olibdi.

- Bilaman paxta boyliging ekanligini. Paxta sening emas, Dehqonning boyligi bo‘lmaguncha selektr o‘tkazaverasan. Gapni cho‘zma. Aytganimni qil.

Premyer-vazir “Xo‘p” devoray debdiyu, lekin har ehtimolga qarshi lip etib deraza oldiga boribdi. Bo‘yla-a-ab qarabdi. Deraza ortida har doimgi maydon. Osmonda har doimgi Quyosh. Lekin hech kim ko‘rinmaydi tashqarida - zog‘ yo‘q. “Xalq dalada shekilli, o‘zim ham sa-al oshirvorganga o‘xshayman”, deb o‘ylabdi Premyer-vazir.

Kompьyuterning oldiga qaytar ekan, bir qarorga kelolmay, boshi qotibdi: hozir anavu bahaybat kimsaga javob berish kerak. Nima desin?

Premyer-vazir yana deraza oldiga qaytibdi. Zo‘r bir bir orziqish bilan, umid bilan daraxtlar ortidagi Bosh Imoratga qarabdi. U yerda ham hayot alomati sezilmaydi. Qiziq?!

Premyer-vazirni birdan vahima bosibdi, tizzalari qaltiray boshlabdi.

“Bir balo bo‘lganov, bo‘lmasa bu muzofotda menga ish buyuradigan biron kimsa bormidi?” deb o‘ylabdiyu cho‘chib, yana Bosh Imorat tomonga qarab qo‘yibdi.

“Demak, shundoq buyruq bo‘lgan. Buyruqni Kattaning O‘zi bergan!”

Bu fikridan Premyer-vazirning birdan ichiga yorug‘lik tushibdi. Tizzalari qaltirog‘i bosilibdi.

Shaxdam ustali oldiga kelib, skayp suhbatdoshiga: “Bo‘ldi, oqsoqol, men hozir farmoyish beraman. Askarlar chegaraga, melisalar melisaxonaga qaytadi”, debdi.

- Melisaning o‘rniga o‘qituvchini chiqarmaysanmi dalaga? - so‘rabdi Qo‘rboshi.

- Yo‘g‘-e, o‘libmanmi, Premyerlik so‘zim, - debdi Premyer.

Premyer-vazir chindan ham so‘zida turibdi. Ertasiga Chig‘atoyistonda hamma o‘z ishi bilan band bo‘libdi. Qaqimchining ishini chaqimchi, bakovulning ishini yasovul, surnaychining ishini karnaychi qilmaydigan bo‘libdi.

Qo‘rboshi nima bo‘ldi, deb so‘rarsiz? Uni qamalgan, deb o‘ylayotgandirsiz? Qamalmabdi. Ertakda, endi bu, o‘rtoq.

Uyda emish u shu kunda, bekor qolgan emish. To‘g‘risi, bekorchiyam deb bo‘lmas ekan uni: nevarasi ko‘p ekan, kaftini tutsa, hali unisini, hali bunisini yotqizib, pampersini almashtirib olishar ekan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG