Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:55

O‘sh IIB: Qorasuvda ushlangan o‘zbekistonlik suiqasd qilish niyatida bo‘lganini tan olgan


Qirg‘iziston respublikasi O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Qorasuv shahrida qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarosi Qirg‘izistonga birini o‘ldirish uchun kelganini tan olgani, uning yonidan o‘q otar qurol topilganini ma‘lum qildi. 24 aprel kuni maxsus amaliyot chog‘ida mast holda qo‘lga olingan o‘zbekistonlikning qorasuvlik imom Rashod qori Kamolov joniga qasd qilish niyatida bo‘lgani haqidagi norasmiy ma‘lumotlarni O‘sh IIB hozircha na tasdiqladi, na inkor qildi.


J. Ashurbayev: Bu ishni xavfsizlik qo‘mitasi surishtirmoqda

Qirg‘iziston respublikasi O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Qorasuv shahrida qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarosi hibs chog‘ida Qirg‘izistonga bir shaxsni o‘ldirish uchun kelganini tan olgani, ammo biror shaxs nomini tilga olmaganini ma‘lum qildi.

Bunga qadar bu o‘zbekistonlikning qorasuvlik taniqli imom, 36 yashar Rashod qori Kamolov joniga qasd qilish niyatida bo‘lgani Ozodlikka xabar qilingan edi.

Shu kunlarda Ozodlikka kelayotgan norasmiy ma‘lumotlarga oydinlik kiritishini so‘ragan muxbir bilan suhbatda boshqarma matbuot kotibi Jenish Ashurbayevning aytishicha, 24 aprel kuni qo‘lga olingan yonidan o‘qlangan to‘pponcha hamda pichoq topilgan.

Qorasuv shahrida jamoat joyida qo‘lga olingan bu shaxs mast holida birini o‘ldirish niyatida kelgani va shuning uchun yonida o‘qlangan qurol bilan yurganini tan olgani aytildi.

- 24 aprel kuni kechqurun Qorasuv shahrida o‘ta mast holda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Qo‘lga olish chog‘ida bu fuqaro organ xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatdi va natijada, maxsus otryad xodimlari unga qarshi "sambo" kurash uslubida kuch qo‘llab, uni qo‘lga oldilar. Qo‘lga olingan paytda bu shaxsning yonidan pichoq va o‘q otar qurol topildi, - dedi O‘sh IIB matbuot kotibi.

Kotibning aytishicha, qo‘lga olinayotgan paytda mast bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi baqir-chaqir qilib Qirg‘izistonga kelish sababi birini o‘ldirish bo‘lganini aytgan:

- O‘ta mast holida bu shaxs kimnidir o‘ldirish uchun kelgani va shuning uchun yonida quroli bo‘lganini aytdi. Lekin birorta shaxsning nomini tilga olmadi. Hozir bu shaxsga nisbatan surishtiruv ishlari bormoqda, hali jinoyat ishi ochilgani yo‘q, - dedi Jenish Ashurbayev.

Ozodlik muxbirining qo‘lga olingan shaxs konkret qaysi jinoyatda gumon qilinmoqda va u o‘ldirishga chog‘langan shaxs aynan Rashod qori Kamolov ekani haqida biror ma‘lumot bormi, mazmunidagi savoliga javoban IIB vakili shunday javob berdi:

- Bu shaxs IIB xodimlariga qurolli qarshilik qilganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan. Uning Rashodxon Kamolovni o‘ldirish uchun kelganiga oid hech qanday ma‘lumot yo‘q, - dedi O‘sh viloyat IIB matbuot kotibi.

Ozodlikka Qirg‘izistonning Qorasuv shahridan bog‘langan manbalar qo‘lga olingan o‘zbekistonlik shaxsning 1976 yilda tug‘ilgan Aziz ismli toshkentlik yigit ekani haqidagi norasmiy ma‘lumotlarni yo‘llamoqda.

Qirg‘iziston IIB rasmiysi hibsda qolayotgan O‘zbekiston fuqarosining shaxsiga oid biror ma‘lumotni tasdiqlamasligi va ayni paytda rasmiy ma‘lumot ham berilmasligini aytdi.

- Hozir biz bu ishni O‘sh viloyati Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga o‘tkazganmiz. Qo‘mita surishtiruvi tugashi bilan rasmiy ma‘lumot beriladi, - dedi IIB rasmiysi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi Raxat Sulaymonov ham surishtiruv ishlari borayotgani, hozircha bu borada biror ma‘lumot berilmasligini aytdi.

Ammo, qorasuvlik tinglovchilar bu shaxsga oid norasmiy ma‘lumotlar shaharda urchib ketgani va qorasuvlik namozxonlar bu borada rasmiy ochiqlama kutayotganini aytmoqda.


R. Kamolov: Bu shaxs suiqasd uchun kelganini tan olgan

Bu xabarlar ortidan Ozodlik muxbiri bog‘langanida qorasuvlik imom Rashod qori Kamolov Qorasuv tuman IIB tomonidan unga rasman ma‘lum qilingan ba‘zi ma‘lumotlarni qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistonlik ismi oshkor qilinmayotgan shaxs qo‘lga olingan kuni xorijda safarda bo‘lgan Rashod qori Qorasuvga qaytgach, shahar IIBga chaqirilgan va hibsdagi shaxsga oid surishtiruvning dastlabki natijalari bilan tanishtirilgan.

Kamolovning aytishicha, uning qo‘liga berilgan hujjatlarda O‘zbekiston fuqarosining Qorasuvga kelishidan maqsad aynan uning joniga qasd qilish niyati bo‘lganini tan olgani qayd etilgan.

- Meni chaqirishdi bordim va hujjatlar bilan tanishib chiqdim. Delolarni ko‘rdim. O‘zim o‘qidim, o‘zi e‘tirof qilgan, shunaqa Rashod qorini o‘ldirish uchun kelganini e‘tirof qilib yozgan qog‘ozni ko‘rdim. Buyurtma bo‘lgani, qo‘shni davlatlar tomonidan, prezidentga bo‘ysungan Terrorizimga qarshi kurash bo‘limi xodimi ekaniga iqror bo‘lganini o‘qidim, - dedi Rashod qori Kamolov.

Ayni paytda Kamolov qo‘lida qurol bilan ushlangan va suiqasd uchun yollanganini tan olgan bu shaxs qo‘lga olingani haqida Qirg‘iziston kuch ishlatar tizimlari hanuz rasmiy bayonot bermaganiga e‘tiroz bildirdi.

- Bu shaxs qo‘lida quroli bilan ushlangan, e‘tirof qilganiga qaramasdan Qirg‘iziston IIB yoki SNB biror rasmiy bayonot bermayotgani sababini tushunmayapman. Albatta, bu ishda chigallik ko‘p. Ehtimol, O‘zbekiston ham emas, balki undanam yuqorida bo‘lgan qudratli davlat ikki qo‘shni davlat uchun muhim bo‘lgan O‘sh mintaqasini bir pasda beqaror qilib qo‘yishi mumkinligiga ishorat berayotgandir. Xullas, bir necha taxminlarimiz bor, - deydi Farg‘ona vodiysining Qirg‘iziston va O‘zbekiston qismida tanilgan marhum imom Muhammadrafiq Kamolovning izidan borayotgan o‘g‘li Rashod qori Kamolov.

Quyida Rashod qori bilan qurilgan suhbat va bu borada olingan so‘nggi ma‘lumotlar jamlangan "Islom va musulmonlar" eshittirishini to‘liq tinglashingiz mumkin.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:00 0:00
Бевосита линк


Qorasuvlik namozxon: Bu birinchi shubhali tashrif emas

Markaziy Osiyo mintaqasidagi uch respublika - O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonni tutashtirgan Farg‘ona vodiysida tanilgan Rashod qori Kamolov masjidida bunga qadar ham turli niyat va harakatda bo‘lgan noma‘lum shaxslar ko‘p qayd etilgan.

Qorasuvlik dindor Dilyor Jumaboyevning aytishicha, aksar hollarda "Saraxsiy" masjidiga ibodatga yig‘ilgan o‘zbek namozxonlarni yashirincha videoga olayotgan, suratga olayotgan yoki muloqotlarni yozishga uringan noma‘lum shaxslar ushlanadi.

- Qorasuv kichkina shaharda, hamma bir-birini taniydi. Keyin bizning shahardagi musulmonlarn bir-birini qattiq himoya qiladi. Shuning uchun, izdihomdayam hamisha sergak biznikilar. Sal noto‘g‘ri harakat qilgan notanish birpasda bilinib qoladi. Skrыtiy kamera bilan yurganlardan yaqindayam bittasini ushlavoldi bolalar. Har safar shunaqa ushlab olib, zapislarini o‘chirib, chiqarvorishadida, qaytib kelmaydigan qilib, - dedi namozxon.


Sodiq qori: Mintaqada biror imom xavfsizligi ta‘minlanmagan

Qirg‘izistonlik taniqli ulamo, sobiq muftiy, ayni paytda 20 asrda ushbu mintaqada dovrug‘ qozongan Kamolovlar sulolasining yana bir vakili Sodiq qori Kamolov aslida bu mintaqada hech bir imomning xavfsizligi ta‘minlanmagani, musulmonlarga boshchilik qilayotgan katta-kichik imomlarning hammasi ham qaysidir darajadagi katta-kichik xatarlar ostida faoliyat yuritayotganini aytadi.

Unga ko‘ra, turli diniy oqimlar nisbatan faol ko‘ringan Farg‘ona vodiysidagi imomlar xavfsizligi mutlaqo ta‘minlanmagani bois, o‘z hayoti va qavmi xavfsizligi uchun mas‘uliyatdan kelib chiqib, imkon qadar xushyor va ehtiyotkor harakatda bo‘lishi kerak.

Xususan, Rashod qori Kamolovning hayotiga nisbatan ehtimoliy suiqasdning oldi olingani haqidagi iddaolarga to‘xtalgan ulamo bu borada ancha vazmin munosabatda ekanini bildirdi.

U bilan qurilgan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:55 0:00
Бевосита линк



O‘zbek imomlari va follariga nisbatan suiqasdlar

Hayotiga suiqasd urinishining oldi olingani iddao qilingan qorasuvlik 36 yashar imom Rashod qori Kamolovning otasi – Farg‘ona vodiysida tanilgan imom Muhammadrafiq qori Kamolov 2006 yil 6 avgustda otilgan.

2007 yilning 24 oktyabrda bu mintaqada nom chiqargan mustaqil jurnalist Alisher Soipov otib ketildi.

2011 yilning 25 sentyabrida o‘zbek faollaridan biri sifatida tanilgan muxolifatning yoshgina faoli Fuad Rustamxo‘jayev Rossiyada otib ketildi.

2012 yil 22 fevralda esa Shvetsiyada uyi yo‘lagida taniqli ulamo Obid qori Nazarov otib ketildi.

O‘zbeklarning diniy va siyosiy faollari hamda yetakchilariga nisbatan sodir etilgan bu jinoyatlarning birortasi to‘liq ochilgani, asl jinoyatchilar esa jazoga tortilganicha yo‘q.

Xususan, Rashod qori Kamolovga nisbatan tanish yoki notanish shaxslar hamda idoralar vakillari tomonidan kuzatuv, nazorat va tazyqilar haqida avval ham ko‘p xabar qilingan.

Ba‘zan ochiq, ba‘zan yashirin holdagi bu kuzatuvlarning aksar hollarda Qirg‘iziston va O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi haqida iddaolar bor.

Xususan, 2011 yilda Rashod qori Kamolov Qirg‘iziston IIB tomonidan hibsga olingan edi, qisqa so‘roq-savollardan so‘ng ozod qilingan edi.
XS
SM
MD
LG