Линклар

15 may kuni Samarqandda boshlangan xalqaro konferentsiyaning ochilish marosimida nutq so‘zlagan 76 yashar Islom Karimov¸ hokimiyatda uzoq o‘tirib qolgani haqidagi tanqidlarga qaramay¸ “xalqqa xizmat qilishni bundan keyin ham davom ettirish rejasida” ekanini ta‘kidladi.

Bu bayonot O‘zbekiston Milliy axborot agentligi 16 may kuni e‘lon qilgan prezident ma‘ruzasi matniga kiritilmagan.

Ammo Samarqandda boshlangan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy tsivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjuman ochilish marosimida bo‘lgan G‘arb jurnalistlari¸ Islom Karimovning¸ aftidan avvaldan yozilgan matndan chalg‘ib aytgan aynan shu bayonotiga e‘tibor qaratdilar.

Frans Press muxbirining yozishicha¸ 15 may kungi ma‘ruzasida Islom Karimov anjumanga kelgan xorij diplomatlari va olimlariga qarata: “Meni hokimiyatda uzoq o‘tirib qoldi deb tanqid qilishadi. Tanqid qilishaversin¸ men baribir qolaman. Tanqid qilishaversin¸ men baribir ishimni davom ettirishni xohlayman. Buning nimasi yomon?(bu bayonot inglizchadan tarjima – muharrir)” degan.

O‘zbekistonda 2015 yil martida navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkazilishi rejalashtirgan va Karimovning bu bayonoti uning prezidentlikni boshqaga bermaslik qarorida qat‘iy ekanining bilvosita tasdig‘i sifatida talqin etilmoqda.

O‘z ma‘ruzasida buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning temuriylar taxtida 40 yil hukmdorlik qilganini alohida ta‘kidlagan Islom Karimov¸ O‘zbekistonda o‘z sa‘y-harakatlari bilan hukm surib kelayotgan tinchlik mamlakat rivojining tamal toshi ekanini ta‘kidladi:

"Men bu fikrga alohida urg‘u berib aytmoqchiman. Tinchlik va barqarorlik bo‘lmasa, ilm-fan sohasida hech qanday o‘sish, taraqqiyot bo‘lishi mumkin emas. Qayerda tinchlik va barqarorlik bo‘lsagina ilm-fan markazlari, akademiyalar, oliy o‘quv yurtlari paydo bo‘ladi. Eng asosiysi, ta‘lim-tarbiya ravnaq topib, unga qiziqish, e‘tibor kuchayadi. Tinchlik-barqarorlik bo‘lgan joydagina odamlar o‘qib-o‘rganishni, har tomonlama rivojlanishni istaydi. Odamlar kechasi uyquga yotib, ertalab turishga qo‘rqmaydigan, ertaga ularning boshiga qandaydir muammo yoki ofatlar kelmasligini bilgan taqdirdagina shunday bo‘ladi. Bu haqiqat ko‘p asrlar davomida o‘z tasdig‘ini topgan va ishonchim komilki, bugun bu mavzuda gapirishning o‘zi ortiqcha"¸ dedi buyuk allomalar haqida qilgan ma‘ruzasida Islom Karimov.

Xalqqa xizmat tarixi....

1991 yilning dekabrida o‘tkazilgan mustaqil O‘zbekiston prezidentligi saylovlaridan beri bu lavozimni hech kimga bermay kelayotgan sobiq O‘zKompartiya Bosh kotibi Islom Karimov¸ mustaqil huquqshunoslarga ko‘ra¸ hozirga qadar Konstitutsiyaga xilof ravishda hokimiyatda qolmoqda.

1995 yilda O‘zbekistonda Islom Karimov prezidentlik vakolatlarini 2000 yilga qadar uzaytirishga oid umumxalq referendumi o‘tkazildi va rasmiy-hisob kitob bo‘yicha¸ o‘zbekistonliklarning 90 foizdan ko‘prog‘i Karimovning qolishini yoqlab ovoz berdi.

Shu tarzda¸ go‘yo konstitutsiyada belgilangan bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanmasligiga oid moddani buzmagan holda¸ Karimov 2000 yilga yetib keldi va yana 91 foiz ovoz bilan ikkinchi bor prezidentlikka saylandi.

Konstitutsiyaviy cheklovni aylanib o‘tish maqsadida 2002 yilda mamlakat konstitutsiyasiga prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishga oid yana bir umumxalq referendumi o‘tkazildi va bu taklif ham xalq tomonidan go‘yo ma‘qullandi.

O‘zbekiston saylov qonunlari mualliflari¸ bunday o‘zgartish ortidan¸ Islom Karimovning yana ikki muddat prezidentlikka da‘vo qilishga haqli ekani iddaosi bilan chiqdilar va 2007 yilgi so‘nggi prezident saylovida Karimov 2014 yilga qadar hokimiyatda qoladigan prezident etib saylandi.

Keyingi saylov qonunning yangicha talqini asosida 2015 yil martiga ko‘chirildi va kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Karimovning navbatdagi saylovda qatnashishini qo‘llovchi psevdo huquqiy asos ham¸ tugab bormoqda.

Hozircha Karimov o‘zining “o‘zbek xalqiga bundan keyin ham xizmat qilish istagini” 2015 yil martida huquqiy jihatdan qanday amalga oshiradi¸ bunisi hozircha jamoatchilikka qorong‘u bo‘lib qolmoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG