Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:00

“Vatandosh” muhojirlarning amnistiya qilinishini talab qilmoqchi


Rossiyadagi o‘zbeklarning “Vatandosh” jamiyati raisi Usmon Baratov (o‘).
Rossiyadagi o‘zbeklarning “Vatandosh” jamiyati raisi Usmon Baratov (o‘).
Qrim tatarlari SSSR davrida o‘z vatanlari Qrim yarim orolidan deportatsiya qilinganiga 2014 yil 18 may kuni 70 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan Moskvada xotira marosimi o‘tkazilishi rejalangan. Tadbirda ishtirok etadigan o‘zbeklarning “Vatandosh” jamiyati Rossiya hukumatidan o‘zbeklar, tojiklar va qirg‘izlarning amnistiya qilinishini talab qilish niyatida.

Qrim tatarlari o‘z vatanlaridan badarg‘a qilinganiga 70 yil to‘lishi munosabati bilan Rossiya poytaxti Moskvada uyushtirilayotgan tadbirda qrim tatarlaridan tashqari SSSR yo‘lboshchisi Iosif Stalin buyrug‘iga binoan qatag‘on qilingan nemis, koreys, polyak, latish, eston va boshqa millatlar vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Rossiyadagi o‘zbeklarning “Vatandosh” jamiyati raisi Usmon Baratov Ozodlik bilan suhbatda tadbir ishtirokchilari 18 mayni “SSSRda deportatsiya qilingan xalqlar kuni” deb e‘lon qilish niyatida ekanini aytdi.

- Biz tarixdagi bunday fojia yana qaytarilmasin, demoqchimiz. Hozirgi kunda Rossiyada yurgan juda ko‘p o‘zbekistonlik, tojikistonlik, qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari chiqarib yuborilyapti. Ba‘zan “deportatsiya”, ba‘zan “vidvoreniye”, ba‘zan “v‘ezd dlya Rossiyskoy Federatsii zakrit” degan so‘zlar ishlatiladi.

Tarixda bo‘lgan voqealar hozir yana qaytarilyapti. Faqat ko‘rinishi o‘zgargan. Maqsadimiz - fojia qaytarilishining oldini olish. Har oyda 55-60 ming odamning Rossiyaga kelish yo‘li to‘silyapti, - deydi Vatandosh jamiyati raisi.

Moskvaning “1905 yil” nomli ko‘chasida soat 13:00dan 15:00gacha bo‘ladigan marosimida Rossiyadagi muxolif “Yabloko” partiyasi rasmiylari, sovetlar zug‘umiga uchrab, qatag‘on qilingan boshqa xalqlar vakillari qatnashadi.

Usmon Baratov "Vatandosh" jamiyati Rossiyada ma‘muriy jazoga tortilgani uchun mamlakatga kirishi ta‘qiqlangan o‘zbeklar, tojiklar va qirg‘izlarning amnistiya qilinishi talabini ilgari surayotganini aytdi.

- Bizning o‘zbeklar jamiyati ilgari surayotgan talab - hozirgi mehnat muhojirlari ham amnistiya qilinsin. Dekabrь oyida Rossiya Konstitutsiyasi qabul qilinganining 20 yilligi munosabati bilan juda katta amnistiya e‘lon qilindi. Jinoyat sodir etib, 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan rossiyaliklar amnistiya qilindi. Jinoyat qilganlarni hukumat kechirdi.

Ammo ko‘chada noto‘g‘ri qadam bosib qo‘ygan bizning markaziy osiyolik mehnat muhojirlari jinoiy javobgarlikka tortilmagan bo‘lsa ham amnistiya qilinmadi. Bundan millatchilik, rasizm va shunga o‘xshagan narsalarning hidi kelib turibdi, - deydi "Vatandosh" jamiyati raisi.

Usmon Baratov 18 may kungi marosim motam tadbiriga aylanib ketmasligi uchun o‘zbek va kavkazlik san‘atkorlar ham tadbirga taklif etilganlarini, ular kuy va qo‘shiqlar ijro etishini qo‘shimcha qildi.

Bundan 70 yil muqaddam may oyida Qrim tatarlari SSSR yo‘lboshchisi Iosif Stalinning buyrug‘iga muvofiq bir kechada o‘ta shafqatsiz yo‘sinda yuk vagonlariga ortilib¸ olis yurtlarga olib ketilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra¸ 1944 yili 183 ming 155 nafar tatar badarg‘a qilingan. Ulardan 151 ming 136 nafari O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Stalin qarori asosida 1944 yili badarg‘a qilingan Qrim tatarlari 1989 yilda SSSRning oxirgi rahbari Mixail Gorbachyov ruxsati bilan vatanlariga qaytishga muvaffaq bo‘ldilar.

Qrimda ommaviy tadbirlarga taqiq joriy qilinganiga qaramay, ko‘plab qrim tatarlari 2014 yil 18 may kuni Stalin deportatsiyasining 70 yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan namoyishga chiqishga taraddud ko‘rmoqda.

Bu haqda Qrim tatarlari majlisi raisi Refat Chubarov shanba kuni Simferopolda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta‘kidladi.

Chubarov so‘nggi 23 yil ichida ular ilk bor taqiqqa ro‘baro‘ bo‘layotganlari va bundan o‘ta norozi ekanlarini aytdi.

2014 yil mart oyida Rossiya anneksiya qilgan Qrimning rahbari Sergey Aksyonov Qrim yarim orolida 6 iyunga qadar ommaviy tadbirlar o‘tkazishga taqiq joriy etganini Ukraina janubiy-sharqidagi vaziyatning qaltisligi bilan izohlagan.
XS
SM
MD
LG